Trampning Oq uyga kelishini Yevropa Ittifoqi xavotir bilan kuzatmoqda

  • Amerika Ovozi

Donald Tramp prezidentlikka hozirlanar ekan, uning Rossiya bilan aloqalari haqida savollar ko'p. AQShning yangi rahbari Prezident Vladimir Putin bilan munosabatlarni yaxshilashini aytgan. Shuningdek, Yevropa Ittifoqi va NATOni tanqid qilib, ittifoqdosh davlatlarni norozi qilmoqda.

Agar yadro qurollarini kamaytirish bo'yicha kelishuvga erishilsa, Tramp Rossiyaga qo'yilgan sanksiyalarni yumshatishiga ishora qildi. Germaniyani esa muhojirlarga Yevropa eshiklarini ochgani bois tanqid qildi. Ayni paytda Yevropa Ittifoqidan chiqqani uchun Britaniya uning olqishiga sazovor bo'ldi. Tramp 70 yillik NATO harbiy ittifoqini eskirgan tashkilot deb atadi va Yevropa bilan mavjud savdo bitimiga to'siq qo'yishi haqida ogohlantirdi. Bundan ko'plab AQSh va yevropalik siyosatchilar norozi.

"Yangi ma'muriyat qayoqqa qarab ketayotganini bilmayman, lekin Yevropadagi do'stlarimizga aytadiganim shuki, Yevropa o'ziga ishonishi kerak", - dedi amaldan ketayotgan AQSh Davlat kotibi Jon Kerri.

Shveytsariyadagi Jahon iqtisodiy forumida gapirgan Kerri boy berilgan ish joylari uchun xalqaro savdoni ayblash xato ekanini aytdi. Yangi hukumat o'tgan sakkiz yil davomida xalqaro hamkorlik natijasida qo'lga kiritilgan kuchli iqtisodiyotni meros qilib olmoqda, dedi u.

Forumda qatnashgan Tramp yordamchisi ham vaziyatga izoh berdi.

"Tramp Kansler Angela Merkelni juda hurmat qiladi. Prezident Putinga ham hurmati baland", - deydi Antoni Skaramuchi.

Unga ko'ra, Tramp xalqaro savdoga qarshi emas.

"Prezident Tramp globalizmning eng oxirgi umidlaridan biri bo'lishi mumkin. Chunki u yanada o'sadigan bozorni yaratish uchun AQShdagi muammolarga e'tibor qaratmoqda", - deydi u.

Prezident Putin Tramp Rossiyaga safar qilganda fohishalar xizmatidan foydalangani haqidagi xabarlarni qoraladi.

"AQShda prezident etib saylangan odamga nisbatan bunday ishlar ilgari hech kuzatilmagan. Bu narsa G'arb, xususan, AQSh siyosiy elitasining ancha tubanlashganini ko'rsatadi", - dedi Putin.

Putin, shuningdek, Tramp bilan ilgari hech uchrashmaganini va uni himoya qilish yoki qoralash niyati ham yo'qligini aytdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG