Breaking News

Trampning sobiq maslahatchisi FBRga yolg’on gapirganini tan oldi


Milliy xavfsizlik bo'yicha sobiq maslahatchi Maykl Flin sud binosini tark etmoqda, 1-dekabr, 2017-yil.
Milliy xavfsizlik bo'yicha sobiq maslahatchi Maykl Flin sud binosini tark etmoqda, 1-dekabr, 2017-yil.

AQSh Prezidenti Donald Trampning Milliy xavfsizlik bo’yicha sobiq maslahatchisi Maykl Flin Rossiya elchisi bilan aloqalari haqida yolg’on ko’rsatma bergani haqidagi ayblovni tan oldi.

Flinning aybini bo’yniga olishi 2016-yilgi prezidentlik saylovlariga Rossiyaning aralashgani yuzasidan olib borilayotgan tergov ishi doirasida yuz berdi.

Flin Rossiya elchisi Sergey Kislyak bilan o’tkazgan ikki shaxsiy uchrashuvi bo’yicha yolg’on gapirganlikda ayblanmoqda. Bu jinoyat uchun besh yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi berilishi mumkin.

1-dekbr kuni e’lon qilingan sud hujjatlariga ko’ra, Flin va Rossiya elchisi o’rtasidagi suhbatda Rossiyaga o’sha paytdagi AQSh Prezidenti Barak Obama qo’ygan sanksiyalar haqida so’z borgan.

Rossiyaning saylovga aralashuvini tekshirayotgan Maxsus tergovchi Robert Myuller imzo chekkan hujjatda Flin tergovchilarni bilib turib va qasddan aldagani aytiladi.

Prokurorlarga ko’ra, Flin yanvar oyida tergovchilar bilan suhbatda Rossiyadan AQSh sanksiyalariga javoban yangi jazo choralari e’lon qilmaslikni so’ramaganini aytgan. Aslida esa u Rossiya rasmiysiga xuddi shunday murojaat bilan chiqqan.

Rossiya elchisi bu iltimos ijobiy qondirilib, Kreml tomonidan AQShga qarshi javobiy choralar ko’rilmasligini ma’lum qilgan, lekin Flin bunday javobni eslolmasligini aytib, AQSh tergovchilarini aldagan.

Kislyak bilan dekabr oyida bo’lgan yana bir uchrashuvda Flin BMT Xavfsizlik kengashidagi Isroilga qarshi rezolyutsiya haqida gaplashgan. U Kremldan bu rezolyutsiyaga qarshi ovoz berishni yoki ovoz berishni kechiktirishni so’ragan. Moskva bu iltimosga hech qanday javob bermadi, deb Flin aldagan, deyiladi sud hujjatida. Aslida Kislyak Flinga Moskvaning BMT rezolyutsiyasi bo’yicha pozitsiyasi o’zgarmasligini aytgan.

Flinning advokatlari avvalroq Tramp huquqshunoslari bilan muloqot qilishni to’xtatgan edi. Bu esa uning federal tergovchilar bilan hamkorlik qilishni boshlagani ortidan yuz bergani aytilmoqda.

Flinning o’z aybini bo’yniga olgani va tergovda hamkorlik qilishga rozi bo’lgani Rossiya bo’yicha olib borilayotgan tekshiruv ishlarida qo’l kelishi mumkin.

Agar Flin tergov bilan to’liq hamkorlik qilsa, deyiladi kelishuv aks etgan hujjatda, u boshqa jinoiy javobgarlikka tortilmaydi.

Oq uy huquqshunosi Ti Kobning aytishicha, Flinning aybini bo’yniga olgani o’zidan boshqa hech kimni aybdor qilmaydi va u Obama ma’muriyatining sobiq rasmiysi bo’lib, Tramp ma’muriyatida faqat 25 kun ishlagan.

Flin Rossiyaning AQSh saylovlariga aralashgani yuzasidan boshlangan maxsus tekshiruv doirasida javobgarlikka tortilayotgan dastlabki Oq uy rasmiysidir. 58 yoshli general saylov ortidan Trampning milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi etib tayinlangan, ammo oradan ko’p o’tmay Vitse-Prezident Mayk Pensga Rossiya elchisi bilan uchrashuvi haqida noto’g’ri ma’lumot bergani fosh bo’lgach, ishdan bo’shatilgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG