Breaking News

AQSh terrorchilarni yer tishlatishi kerak, deydi afg'on muhojir


Vashington
Vashington

Vatani Afg'onistonda AQSh harbiylariga tarjimonlik qilgan Hivod Himat uchun terrorizm kundalik xavf va haqiqat. Himat fikricha Amerika kurashni kuchaytirishi zarur. Prezident Donald Tramp, uning nazarida, bunga qodir.

28-fevral kuni prezident Kongressda nutq qilganida Himat ham taklif qilindi. Demokrat senator Richard Blumental uni mehmon sifatida olib keldi. Blumental Konnektikut shtatidan. Himat hozir o'sha yerda yashaydi. Qahramon, deydi senator, mehmonini tanishtirar ekan.

Tarjimon Tolibon va "Islomiy davlat"ni birdek yovuz kuch deb biladi. Bir-biridan qolishmaydigan terror guruhlari, deydi u.

"Prezident Tramp ekstremistlarga qarshi ayovsiz kurash olib borishi kerak", - deydi Himat "Amerika Ovozi" bilan suhbatda. "Ular afg'on askarlarini, AQSh askarlarini, xotin-qizlar va bolalarni o'ldirmoqda. Hamma nishonda".

"Jangarilar islom diniga e'tiqod qilmaydi. Ularni musulmon deyish xato".

Tramp nutqida Afg'onistonni tilga olmadi. Lekin terrorga qarshi kurash haqida gapirdi va ulkan va'dalar berdi. Himat Vashingtonda siyosatchilar bilan muloqot qildi, ziyofatlarda qatnashdi. Unga rahmatlar aytishdi.

"Afg'oniston keng muhokamada. E'tibor kuchli ekanidan mamnunman",- deydi Himat.

Tramp, deydi suhbatdosh, avvalo terrorchilarning homiylariga qarshi chora ko'rishi lozim.

"Pokiston, Eron, Rossiya — Tolibonni va boshqa guruhlarni shu hukumatlar moylamoqda. Moliya va qurol-aslaha bobida, hatto tibbiy yordam va harbiy tayyorgarlik borasida", - deydi u.

"Bu madadsiz, Tolibon bir oyda tamom bo'ladi".

FILE - An Afghan policeman stands guard near burning NATO supply trucks following an attack by militants in the Torkham area near the Pakistan-Afghanistan border in Jalalabad province east of Kabul, Afghanistan, Sept. 2, 2013.
FILE - An Afghan policeman stands guard near burning NATO supply trucks following an attack by militants in the Torkham area near the Pakistan-Afghanistan border in Jalalabad province east of Kabul, Afghanistan, Sept. 2, 2013.

Pokistan bunday da'volarni azaldan inkor etib keladi. Afg'on bilan chegarada yaqinda yuz bergan qonli xuruj oqibatida 150 dan oshiq odam o'ldi. Pokiston ikki haftadirki, chegarani yopgan.

Rossiya Tolibon bilan murosa qilinmasa, Afg'onistonda tinchlik bo'lmaydi, deya qayd etsa, Eron biror terror guruhini quvvatlamayotganini ta'kidlaydi.

Tramp musulmon davlatlaridan immigratsiyani cheklashga harakat qilayotgani, Himatga ko'ra, xato siyosat. Mayli, talablar qo'yilsin, deydi u, lekin musulmonlarga eshik yopilmasin.

Amerika bo'ylab Trampga qarshilik kuchli, lekin nutq paytida prezidentning gaplari ma'qul kelganida, demokratlar, ya'ni muxolifatchilar, o'rnidan turib olqishlagani unga juda yoqdi. Biroq prezidentning so'zlari ma'qul kelmaganida demokratlar ataylab o'rnidan turmadi. Himatga bu ham yoqdi.

"Demokratiya. Odamlar shu yo'l bilan, ya'ni tinch tarzda qarshilik bildirmoqda. Lekin biz tomonlarda bunday holatlarda odamlar bir-birini o'ldirishga tushadi", - deydi u.

Doimiy tahdid ostida yashab o'rgangan muhojir hali ham qo'rqinchdan qutulmagan. Qayerga bormasin, atrofdan ko'zini uzmaydi, ogoh.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG