Pokistonda Tolibon minglab madrasalarga ega

  • Amerika Ovozi

Afg'on-Pokiston chegarasidagi masjidlardan biri

O'tgan oy Qandahorda yuz bergan terror xurujida besh arab diplomat halok bo'ldi. Afg'on razvedkasiga ko'ra, hujumda gumon qilinganlar Pokistondagi madrasalarni bitirgan odamlar.

"Mavlaviy Ahmad madrasasi Quvaytada joylashgan", - deydi Sidiq Siddiqiy, Ichki ishlar vazirligi rasmiysi.

Uning aytishicha, hujumchilar aynan shu yerdan chiqqan. Tolibon safida yurgan yoshlarning ko'pi shu toifadan.

Pokistonda 30 ming madrasa bor. Aksariyati qonuniy va diniy ilm berish bilan mashg'ul. Lekin boshqa minglab madrasalar davlat nazorati ostida emas. Ular rasman ilm dargohlari hisoblanmaydi. Mana shu maskanlar xavf manbai sifatida ko'riladi.

Jangarilar mahkam joylashib olgan hududlardan biri Balujiston bo'lib, bu yerda mana shunday 5500 ta kattayu kichik madrasa ish yuritadi.

"Toliblar deganda bu yerda bo'lajak jangarilarni tasavvur qiling. Madrasalarni Tolibon ochgan", - deydi Sarfaroz Bugtiy, mahalliy mutasaddi.

Hukumat bu yerlarda shu qadar zaifki, ekstremistlarni tayyorlovchi dargohlarni yopishga qodir emas.

"Madrasalar ko'chama-ko'cha, uyma-uy, qishloqma-qishloq ekstremizmni targ'ib qilmoqda va biz hech narsa qila olmaymiz", - deya tanqid qiladi mahalliy ziyoli Xadim Husayn.

Balujistonda taxminan 5000 afg'on bilim oladi. Tolibon rahbarlari ham shu yerdagi madrasalarni tamomlagan.

"Bizning tumanda 191 madrasa bo'lsa, ulardan 21 nafari toliblarniki. O'quvchilarning 20 foizi afg'onlar", - deydi Qaysar Xon Nosir, Qandahor viloyatining Qilla Abdulla tumani rasmiysi.

Vashington va Kobul Islomobodni terroristlarni quvvatlayotganlikda ayblab keladi. Pokistondagi Tolibon va Haqqoniy tizimi terror tashkilotlari sanaladi.

Tolibon va Haqqoniy tizimiga asos solganlar Pokistondagi Haqqoniya madrasasini bitirgan. O'tgan yili o'ldirilgan liderlardan biri Mulla Axtar Mansur ham shulardan.

Pokiston hukumati madrasalarga befarq emasligini bildirib, tekshiruvlar olib borishini, qator shaxslarni qamaganini, jazolaganini da'vo qiladi.

"Madrasalarga kim homiylik qilayotganini o'rganamiz. Ekstremizm yo'lidan ketayotgan bo'lsa, bu dargohlarga qarshi chora ko'ramiz", - deydi Amin Hasnat Shoh, Pokiston rasmiysi.

Madrasalarni isloh qilishni ko'zlab, yangi sistema joriy etilmoqda, deydi Shoh. Har bir dargoh ro'yxatdan o'tkaziladi.

Islomiy ilm berishini qayd etuvchi madrasalardan birining rahbari Muhammad Mir deydiki, hukumat har safar va'da beradi, lekin uddasidan chiqmaydi.

"Balujiston madrasalaridagi vaziyat haqida ko'p marta ogohlantirganmiz. Mutasaddilar pinagini buzmaydi", - deya noliydi u, "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG