Fransiyaning yangi rahbari Emmanuel Makron Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan ochiq muloqot qilganini aytmoqda. Uchrashuv Versalda kechgan.

Kelishmovchiliklarga qaramay, Makron fikricha, Rossiya bilan muzokara qilmay iloj yo'q. Parij va Moskva orasida ishonch past. Fransiyadagi so'nggi saylovlarda Kreml internet orqali jarayonni buzishga harakat qilganlikda ayblandi. Suriya va Ukrainada tomonlar bir-biriga qarshi kuchlarni quvvatlab keladi. Yevropa Ittifoqi nazarida bugungi Rossiya agressiv, o'zboshimcha, xalqaro qonunlarga tupurgan bir davlat.

Versaldagi muloqotdan oldin Italiyada Katta Yettilik sammiti o'tdi.

Fransiyada shu kunlarda Buyuk Pyotr davrini ulug'lovchi ko'rgazma o'tmoqda.

39 yoshli Makron uchun Putin bilan dialogni yo'lga qo'yish strategik sinov. Yevropa Ittifoqinig keyingi qadamlari bu rishtalarga qarab qo'yiladi. Germaniya va Fransiya blokdagi eng yirik a'zolardir.

Makron deydiki, Kreml Yevropa undan nima istashini, o'zaro manfaatlar nimadan iborat ekanini qayta ko'rib chiqishi kerak. Parij va Moskva orasidagi aloqalar undan oldingi prezident Fransua Olland davrida juda sovuqlashgan.

64 yoshli Putin aslida Fransiyaga o'tgan yili safar qilishi kutilgan edi. Lekin Olland uni Suriyada urush jinoyatlarida ayblab chiqqach, bu rejalar bekor qilingan.

Fransiya siyosatdonlari Kremlni soxta xabarlar tarqatib, Yevropani zaif davlatlar jamlanmasi sifatida ko'rsatishga urinayotganlikda qoralab keladi. Moskva bu da'volarni inkor etadi.

Lekin Kreml Makronning raqibi Marin Le Penni quvvatlab chiqqan. Putin bu xonim bilan saylov oldidan uchrashib, unga ishonch bildirgan.

Rossiyaning Parijdagi elchisi Aleksandr Orlov deydiki, rahbarlar bir-biri bilan iliq gaplashdi va gaplashishda davom etadi.

Ukraina mojarosi ketidan Rossiya Katta Sakkizlikda haydalgan. Katta Yettilik sammiti tugashi bilanoq yurtida Putinga eshik ochib Makron to'g'ri ish qildi, deydi G'arb tahlilchilari.

Fransiya Rossiya hukumatiga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish kerak degan pozitsiyada qat'iy. Federatsiya bilan savdo va tijoratni yanada cheklash tarafdori. Yevropa Ittifoqi nazarida Qrim Ukrainaga qaytarilmaguncha, Rossiya bilan hamkorlik tor bo'ladi.

Ammo Makron Fransiya tashqi siyosatini qayta ko'rib chiqar ekan, yangiliklar kutavering.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG