Ukrainadagi ocharchilik davri haqida yangi film

  • Amerika Ovozi

“Achchiq hosil” deb nomlangan muhabbat qissasi, tarixiy drama, 1930-yillarda Ukraina boshdan kechirgan ocharchilik davrini tasvirlaydi. AQSh, Ukraina va dunyo bo’ylab katta ekranga chiqqan film Germaniyada tug’ilib, Kanadada ijod qiluvchi ukrain kino ustasi Jorj Mendeluk tomonidan ishlangan. Tarixning bu davri haqida faktlarni yig’ish juda qiyin bo’ldi, deydi rejissyor.

Kartina Ukrainaning fusunkor, bepoyon dalalari bilan boshlanadi.

“Afsonaviy manzara… Shuni ko’rsatgim keldi”, - deydi rejissyor.

Biroq 1930-yillardagi azob-uqubat afsona yoki ertak emas, achchiq haqiqat. Ukrain dehqonlari ochlikdan o’lgan, millionlab ukrainlar qirilib ketgan palla bu.

“Film iloji boricha ishonchli bo’lsin, dedik. Rosa izlandik. Tarixchilar bilan maslahatlashdik. O’tmishni o’rgandik”, - deydi kartina prodyuseri Yan Ignatovich.

Golodomor deya tarixga kirgan bu davrni izchil tadqiq qilgan. Ssenariy unga ma’qul keldi. Moliya ajratdi.

Bosh qahramonlar - ikki yosh ukrainlar, oshiq-ma’shuqlar. Yuriy va Natalka obrazlarini britaniyalik kino yulduzlari Maks Ayons va Samanta Barks ijro etgan.

“Ataylab xalqaro maydonda tanilgan iste’dod sohiblarini tanladik, chunki bu kartina faqat ukrainlarga emas, butun dunyoga mo’ljallangan”, - deydi Ignatovich.

20 million dollarga tushgan film Ukrainada suratga olindi. Pyogovo ochiq muzeyi maydonida. Etnik me’morchilik. Qishloqlar.

Golodomor davrida Ukrainada besh million odam qirilib ketgan
Golodomor davrida Ukrainada besh million odam qirilib ketgan

Golodomor haqida aktyorlar ham boy bilimga ega bo’ldi.

“Ochig’i, bilmas edim bu haqda. Uyat. Lekin qunt bilan o’rgandik. “Stalin, Stalin…” deb gapirishganida qo’rqinchli bir hukmdor, shafqatsizlik ko’z oldimga kelar edi. Lekin bu darajada dahshatli deb o’ylamagan edim”, - deydi aktyor Tamer Hasan.

“Ssenariy bilan tanishsangiz, nega dunyo bu haqda oz bilishini anglab yetasiz”, - deydi Samanta Barks.

Bosh roldagi Maks Ayons uchun Yuriy obrazini o’ynash oson kechmadi. Qiyin rol ekanini boshidan bilsa-da, o’zini sinab ko’rdi.

“Murakkab obraz. Ibtidoiy bir holatga tushib qoladi. Fikru-xayolida faqat bir narsa - tirik qolish”.

Tamer Hasan sovet komissari rolida. Ukrain dehqonlarining qonini ichgan obraz.

“Bunday shaxslar qanday yetishadi? Inson nega bunchalik zolim bo’lishi mumkin? Shu haqda o’rgandim. Buni bilmay, ijro eta olmaysiz rolni”, - deydi u.

“Ssenariy juda boy, serqirra. Bir tomondan muhabbat qissasi. Ikkinchi tomondan esa Golodomor. Film bolsheviklar inqilobi bilan boshlanadi. Tarixiy jarayonlarni birma-bir aks ettirishga harakat qildik”, - deydi rejissyor Jorj Mendeluk.

Kartina suratga olib bo’linayotgan bir paytda Kiyevda tartibsizliklar avjida edi. 2014-yilgi namoyishlar davri.

“Ukrainada bu filmni olayotganimizda, tarixning achchiq damlarini aks ettirish bilan band edik. Ikki hafta ichida ko’z oldimizda inqilob yuz berdi”, - deydi aktrisalardan biri.

Ukraina va Rossiya orasidagi mojarolar xalqaro maydonda dolzarb ekan, dunyo ahli bu xalqlar orasidagi murakkab rishtalarni tushuna olishida mana shunday kartinalar muhim rol o’ynaydi, deydi ijodkorlar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG