Breaking News

HRW O'zbekistonga: O'zgarishlar sistematik, islohotlar chuqur bo'lsin


Prezident Mirziyoyev BMTda, Nyu-York, sentabr, 2017

Nyu-Yorkda asoslangan "Human Rights Watch" (HRW) tahlilicha, O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev shu kungacha inson huquqlari bobida qator ijobiy qadamlar tashladi. Endi, deya undamoqda tashkilot, bu o'zgarishlarni sistematik islohotlarga va davomiy jarayonlarga aylantirish kerak.

Yetti yil oldin mamlakatni bosim ostida tark etgan HRW bu yoz O'zbekistonga taklif qilindi. Ikki yetakchi mutaxassis respublikada bir necha kun o'tkazib, hukumat idoralari, parlament a'zolari, nohukumat tashkilotlar va mustaqil huquq himoyachilari, shuningdek, sobiq siyosiy mahbuslar bilan ko'rishdi.

HRW 18 yil panjara ortida o'tirgan jurnalist Muhammad Bekjon haqida video ham taqdim etdi. Bekjon 2017-yilning fevralida erkinlikka chiqqan edi.

“Ijobiy o'zgarishlar davom etadi, degan gaplarni eshitayapmiz. O'zbekiston hukumati inson huquqlari e'zozlanishi, fuqarolarning erkinliklari toptalmasligi uchun zamin yaratish tomon qadam tashlayveradi, degan umiddamiz", - deydi Stiv Sverdlov, HRWning Markaziy Osiyo bo'yicha bosh eksperti va aynan O'zbekistondagi sharoitni o'rganib keladigan mutaxassis.

Uning qayd etishicha, real o'zgarishlar tizimni yangilashni talab qiladi. Bu qiyin, deya tan oladi u, lekin siyosiy iroda yetarli bo'lsa, davlat oldinga siljiyveradi.

Mirziyoyev ma'muriyati, deya chaqirmoqda HRW, xalqaro majburiyatlarga rioya qilishni yangi davrdagi asosiy siyosiy yo'nalish sifatida belgilashi kerak. Davlatni tanqid qilish jinoyat emas, deya tan olishi lozim.

Huquq faollari bo'ladimi, jurnalist, san'atkor yoki taqvodor, ularning tanqidiy fikr-qarashlari tahdid emas, demokratik va oshkora jamiyat qurish sari yo'l sifatida qabul qilinishi lozim, deya ta'kidlaydi HRW.

HRW Toshkentda siyosiy arboblar va fuqaro jamiyati vakillari bilan, sentabr, 2017
HRW Toshkentda siyosiy arboblar va fuqaro jamiyati vakillari bilan, sentabr, 2017

Tashkilot O'zbekistonda rasmiylar, fuqaro jamiyati a'zolari, sobiq mahbuslar va ularning yaqinlari hamda oddiy fuqarolar bilan muloqot qilib, shunday xulosa qilmoqdaki, yangi rahbar kelishi bilan erkinlik shabadasi esa boshlagan.

Qora ro'yxatdagi odamlar chiqarildi. 15 ga yaqin siyosiy mahbus ozod etildi. Matbuot va so'z erkinligi uchun ozgina bo'lsa ham zamin yaratildi. Paxta terimiga o'qituvchi, o'quvchi, talaba va tibbiy xodimlarni jalb etish man qilindi.

Biroq O'zbekistonda tuzum hali ham ko'p jihatdan avtoritar. Qiynoqlar, siyosiy sabablar bilan qamash va majburiy mehnat singari muammolar hal etilishi kerak.

Sistematik o'zgarishlar yo'lida HRW hozirgi vaziyatdan kelib chiqib, o'z tavsiyalarini bermoqda.

Avvalo O'zbekiston qamoqxonalarida mahbuslarning jazo muddatini ataylab uzaytirishga barham berilsin. Matbuot erkinligi uchun yo'l kengroq ochilsin. Nozik siyosiy masalalarni ko'tarib chiqadigan nohukumat tashkilotlar qonunan faoliyat yurita olsin. Fuqarolar chetga chiqishi uchun alohida ruxsatnoma olish talabi darhol bekor qilinsin.

HRW minglab insonlar tanqidiy qarashlari uchun qamoqda o'tirganini eslatib, ulardan ayrimlarining ism-shariflarini keltiradi:

Huquq faollari: Mehriniso Hamdamova, Zulhumor Hamdamova, Isroiljon Xoldorov, G'aybullo Jalilov, Cho'yan Mamatqulov, Zafarjon Rahimov, Yo'ldosh Rasulov va Faxriddin Tillayev.

Jurnalistlar: Bobomurod Abdullayev, G'ayrat Mixliboyev, Yusuf Ro'zimurodov, va Dilmurod Saidov.

Dindorlar: Aramais Avakyan, Ruhiddin Faxriddinov, Sobir Hamidkariyev, Nodirbek Yusupov, Dilorom Abduqodirova va Ravshan Qosimov.

Muxolifatchi: Qudratbek Rasulov.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG