HRW: O'zbekiston tashqi ishlar vazirining gaplaridan mamnunmiz

  • Amerika Ovozi

Stiv Sverdlov, HRWning O'zbekiston bo'yicha vakili

O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 5-iyul kuni Toshkentda o'tgan jonli muloqotda "Human Rights Watch" (HRW) huquq tashkiloti bilan hamkorlik haqida gapirdi.

Respublikadagi vaziyatni keskin tanqid qilib keladigan tashkilotning Toshkentdagi vakili Stiv Sverdlov 2010-yilda siyosiy bosim ostida chiqib ketgan. 2011-yilda qaytib kirmoqchi bo'lganida ruxsat berilmagan. HRW O'zbekistonda 1996-2011 yillar orasida faoliyat yuritgan.

Shundan beri rishtalar yil sayin sovuqlashib, O'zbekiston hukumati hatto HRW hisobotlariga javob ham bermay qo'ygan edi. Rasmiylar bu tashkilotni davlatga qarshi uydirma va tuhmatlarda ayblar kelar edi.

Biroq yangi rahbariyat bu xalqaro organ bilan muloqotga tayyor ekanini bildirmoqda.

Tashqi ishlar vaziri Komilov:

"Biz tashkilotning rahbaridan xat oldik, unda Stiv Sverdlov yetakchiligidagi kichik bir guruhning O'zbekistonga kelishi uchun ruxsat so'raladi. Biz ularni qabul qilishga tayyormiz. Faqat, aytmoqchimanki, bu kabi tashkilotlar bilan hamkorligimiz o'zaro hurmat asosida bo'lishi kerak. Bizning ichki ishlarimizga aralashishni nazarda tutmasligi lozim. Urf-odatlarimiz hurmat qilinishi kerak, mexanik usulda umumiy qadriyatlarni bir makondan olib, boshqasiga ko'chirish mumkin emas”.

Sverdlov Toshkentdan eshitayotgan gaplardan mamnun.

HRW nomidan u shunday bayonot berdi:

"HRW hukumatning hamkorlik tomon qadam tashlayotganini olqishlaydi. Tashkilotimiz O'zbekistondagi vaziyatni 25 yildan beri o'rganib, tahlil qilib keladi... Xalqaro, mustaqil, betaraf tashkilot sifatida HRW 90 dan ortiq davlatda ishlab, huquq bilan bog'liq muammolarga e'tibor qaratib keladi. Har bir mamlakatda, jumladan O'zbekistonda aniq metodologiya asosida ishlaymiz. Izchil izlanamiz. Faktlarga tayangan holda tahlil qilamiz. Hukumat xalqaro majburiyatlarni qanday va qanchalik bajarayotganini o'rganamiz. O'zbekiston fuqaro jamiyati bilan yaqindan ishlashga shaymiz. Yaqin kelajakda bu o'lkaga boramiz degan umiddamiz."

HRW Islom Karimov boshliq tuzumni muntazam qiynoqlarda, qo'pol huquqbuzarlikda va xalqaro qonunlarni buzganlikda ayblab kelgan. Yangi rahbar Shavkat Mirziyoyevni islohotlarni jadallashtirib, huquqqa hurmat bobida dadil qadamlar tashlashga undab kelmoqda. Mirziyoyev 2016-yilning 4-dekabrida prezidentlikka saylangach, unga ochiq xat yozilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG