Breaking News

Hindistonda parlament uchun saylovlar o’tmoqda


Ovoz bergan fuqaroning barmog'i bo'yab qo'yilmoqda.
Ovoz bergan fuqaroning barmog'i bo'yab qo'yilmoqda.
Hindistonda parlament uchun saylovlar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:40 0:00
Yuklab oling

Hindistonda Parlament uchun saylovlar bo’lib o’tmoqda. Dunyoning eng katta demokratik jarayonida 815 million odam ovoz beradi. So’rovlarga ko’ra, iqtisodiyotni jonlantirishni va’da qilayotgan muxolifatdagi BJP - “Bharatiya Janata” partiyasi eng ko’p ovoz yig’ishi mumkin.

Dushanba kuni mamlakat shimoli-sharqidagi Assam va Tripura shtatlarida odamlar parlamentga deputatlarni saylash uchun saylov uchastkalariga chiqdi. Odam ko’pligi uchun navbatlar uzaydi.

Saylov bir necha bosqichda o’tkazilmoqda. Hokimiyatdagi Kongress partiyasi, muxolifatdagi BJP va qator mintaqaviy partiyalar vakillari avval parlamentdagi 543 o’rindan oltitasi uchun bellashadi.

Asosan, choy va sholi yetishtiriladigan shimoli-sharqiy hududlarda Kongress partiyasining tarafdorlari ko’p.

Dehlidagi Jamiya Milliya Islomiya universiteti qoshida Shimoli-sharq tadqiqotlari markazi rahbari Sanjoy Hazarikaning aytishicha, tez-tez isyonlar yuz berib turadigan bu mintaqada Kongress partiyasi barqarorlik o’rnatishga muvaffaqi bo’lgan.

“Kongress partiyasi 10-12 yil davomida barqarorlik va tinchlik o’rnata oldi. To’la tinchlik emas, albatta, lekin aholini maishiy xizmatlar bilan uzluksiz ta’minlab turibdi”, - deydi u.

Ammo mamlakatning boshqa ayrim hududlarida vaziyat og’ir. Iqtisodiy ahvolni yaxshilashni va korrupsiyaga qarshi kurashishni va’da qilayotgan muxolifatdagi BJP partiyasining bunday viloyatlarda g’alaba qozonishi kutilmoqda.
So’rovlarga ko’ra, mamlakatning keyingi bosh vaziri kursisini BJP vakili Narendra Modi egallashi mumkin.

Modi, agar bosh vazirlikni qo’lga kiritsa, asosiy e’tiborni samarali hokimiyat hamda taraqqiyotga qaratishini bildirdi. Bunga erishish uchun barcha zarur choralarni ko’raman, dedi u.

Muxolifatdagi BJP 10 yildan buyon Kongress partiyasi boshqarib kelayotgan Hindistonda iqtisodiyotni qayta jonlantirish, xususan, zamonaviy infratuzilma barpo etish, tez yurar poyezdlarni yo’lga qo’yish va yangi shaharlarni qurish hamda sanoatni qayta oyoqqa turg’azib, yangi ish joylarini yaratishni va’da bermoqda.

Partiyaning saylovda olg’a surgan va’dalari orasida bundan 20 yil avval Uttar Pradesh shtatida vayron qilingan masjid o’rnida hindu ibodatxonasini qurish masalasi ham o’rin olgan. Diniy va etnik nizolarni qo’zg’ashi mumkin bo’lgan bu taklifdan norozilar ko’p.

BJP rasmiylari bu e’tirozlarga javoban, partiya “Hindutva” nomi bilan tanilgan millatchi hindular g’oyasini olg’a surish niyatida emasligini ma’lum qildi.

Hokimiyatdagi Kongress partiyasi o’z navbatida BJPni diniy jamoalar orasida adovat uyg’otayotganlikda ayblaydi. 2002-yil Gujarot shtatida Narendra Modi gubernatorligi davrida yuz bergan diniy to’qnashuvlarda 1000 dan ziyod odam, asosan, musulmonlar, nobud bo’lgan edi. Oliy sudda Modining voqealarga aloqasi yo’qligi isbotlangan bo’lsa-da, tanqidchilar g’alayonni to’xtatish uchun Gujarot hukumati zarur choralarni ko’rmaganini aytadi.

Kuzatuvchilar BJP oldidagi eng asosiy masala hozir saylovda g’alaba qozonish emas, balki barqaror hukumat tuzish uchun lozim bo’ladigan kerakli o’rinlarni qo’lga kiritish ekanini aytmoqda.

Saylovlarning yana sakkizta bosqichi bo’lib o’tadi. Shundan so’ng yarim milliarddan ziyod ovozlar sanab chiqiladi. Yakuniy natijalar 16-may kuni e’lon qilinishi kutilmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG