Breaking News

Hindiston Markaziy Osiyoda qanday rol o'ynamoqda?


O'zbekiston rahbari Islom Karimov 2011-yilning may oyida Hindistonga safar qilib, hamkorlikni oshirishga kelishib olgan edi

Hindiston Markaziy Osiyo bilan azaldan hamkorlik qilib kelgan, jumladan, sovetlar paytidan beri. Bu davlatlarda hind madaniyatining ta’siri hamon salmoqli. Bugungi aloqalar ko’lami qanday?

Sovet Ittifoqi qulaganidan so’ng Hindiston tashqi siyosati 180 gradusga o’zgarib, Markaziy Osiyodagi sobiq Sovet respublikalari mustaqil davlatchilikka qadam qo’ya boshlayotgan bir paytda rasmiy Dehlining Qo’shma Shtatlar bilan hamkorligi kuchaya bordi.

Hindiston - iqtisodiyoti jadal tarzda o'sib borayotgan mamlakat
Hindiston - iqtisodiyoti jadal tarzda o'sib borayotgan mamlakat
Bugunga kelib mintaqa bilan munosabatlar ijobiy bo’lishiga qaramay Hindiston o’tmishdagi ta’sirini saqlay olmadi, deydi Vashingtondagi Jons Xopkins universiteti olimi Sebastyan Peyruz.

1990-yil o’rtalaridagi voqealar Hindistonga Markaziy Osiyoga qaytishga imkon bermadi. Avvalambor, Hindiston iqtisodiyoti katta islohotlarga yuz tutdi. Afg’onistonda Tolibon hokimiyatga kelib, mintaqaga yo’l to’sildi. Hindiston va Pokiston yadro sinovlari o’tkazdi, Kashmirda vaziyat taranglasha bordi. Markaziy Osiyo siyosiy sahnasini AQSh va Xitoy egallay boshladi, deydi Sebastyan Peyruz.

Jorj Vashington universiteti professori Marlen Laruelning aytishicha, Hindiston AQSh, Rossiya, Yevropa Ittifoqi va Xitoy manfaatlari kesishgan hududga kirishga botina olmadi.

Jorj Vashington universiteti professori Marlen Laruel
Jorj Vashington universiteti professori Marlen Laruel
Ayrim tahlilchilar nazarida Hindiston Markaziy Osiyoda faol bo’lishni istasa, rasmiy Moskva fotihasini olishi kerak.

Ammo boshqalar fikricha Hindiston AQSh bilan hamkorlikdagina mintaqaga ta’sirini o’tkazishi mumkin, deydi Laruel.

Mutaxassisning aytishicha, Hindiston Markaziy Osiyo davlatlarini o’ziga bir necha tomoni bilan tortadi.

Birinchidan, Hindistonning mo’tadil tashqi siyosati ham AQSh, ham Rossiya bilan yaxshi munosabatda bo’lishga imkon beradi. Ko’p qirrali tashqi siyosat yurituvchi respublikalar uchun bu juda muhim. Ikkinchidan, Xitoy ta’sirining kuchayayotganidan tashvishlanayotgan mintaqa davlatlari Hindistonga qo’rquvsiz qaraydi. Uchinchidan, jahondagi eng yirik demokratik davlat hisoblangan Hindiston tashqi siyosatida demokratiyani targ’ib qilish va davlat rahbarlarini tartibga solish bilan shug’ullanmaydi. To’rtinchidan, bu davlatdan AQSh, Xitoy va Rossiya ta’sirini yumshatishda foydalanish mumkin. Beshinchidan esa, Hindiston Markaziy Osiyo davlatlari uchun dengizga chiqishga yaxshi darvoza bo’la oladi. Va umuman, madaniy va tarixiy jihatdan Hindiston Xitoyga qaraganda mintaqaga ancha yaqindir, deydi Marlen Laruel.

Rasmiy Dehli Markaziy Osiyoga mintaqaviy tashkilotlar orqali ham ta’sirini o’tkazishi mumkin, deydi ba’zi tahlilchilar. Masalan, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti orqali. Hindiston guruhda kuzatuvchi maqomiga ega.

Vashingtondagi Jons Xopkins universiteti olimi Sebastyan Peyruz
Vashingtondagi Jons Xopkins universiteti olimi Sebastyan Peyruz
Ammo, deydi Jons Xopkins universiteti olimi Sebastyan Peyruz, uning nomzodini hozircha Rossiya qo’llab-quvvatlaydi, xolos.

Bundan tashqari bo’lajak a’zo Ommaviy qirg’in qurollarini tarqatmaslik haqidagi bitimni imzolagan bo’lishi kerak, ammo Hindiston ham, guruhning yana bir kuzatuvchisi Pokiston ham shartnomaga qo’l qo’ymagan, deydi Peyruz.

Xavfsizlik bobida Afg’onistonga katta yordam bergan Hindiston Markaziy Osiyoga ham as qotishi mumkin edi, ammo Tojikiston Sadriddin Ayniy nomidagi harbiy aviabazasini Rossiya bosimi ostida Hindistonga bermaslikka majbur bo’ldi.

Laruel va Peyruz kabi ekspertlarning ta’kidlashicha, Hindiston-Markaziy Osiyo iqtisodiy aloqalarini ham a’lo darajada deb bo’lmaydi. Hindiston tashqi savdosining atigi 0,2 foizi mintaqaga to’g’ri keladi.

Xulosa shuki, Markaziy Osiyo Hindiston bilan munosabatlarni kuchaytirish tarafdori, ammo rasmiy Dehlida hozircha bunga na katta ehtiyoj va na imkon bor.

  • 16x9 Image

    Odil Ruzaliev

    Odil O'zbek xizmatiga 2005-yilda kelgan. Diktor va prodyuser. AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) xalqaro aloqalar sohasida magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekiston TV 1-kanalida ingliz tilidagi yangiliklar – FCN (First Channel News) – ko'rsatuvining muallif-boshlovchisi edi. "Axborot" dasturida mehnat qilgan. Odil ko'p yillar AQShning Toshkentdagi elchixonasi axborot bo'limida ishlagan. O'zbek, ingliz va rus tillarida chop etilgan qator maqolalar muallifi. Farg'ona shahrida tug'ilgan.

    Odil Ruzaliev is a reporter, radio and TV anchor, web editor and producer for Voice of America’s Uzbek Service since 2005. Prior to joining VOA, he worked at the State Radio and TV of Uzbekistan, BBC International’s Central Asia region, and was a regular Contributor for CNN World Report. He has also worked as an Information Assistant at the US Embassy in Tashkent, Uzbekistan. He was the creator and host of the TV program First Channel News, Uzbekistan’s first English language news broadcast. In his spare time he is a freelance photographer. A native of Ferghana Valley, Uzbekistan, Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. In addition, he was an exchange student at Pace University in New York City and holds a master’s degree in international affairs from the Fletcher School of Law and Diplomacy at Tufts University in Medford, Massachusetts.

XS
SM
MD
LG