Breaking News

AQSh razvedkasi Misrdagi voqealar bo'yicha tanqid ostida


Qohira, 10 fevral 2011
Qohira, 10 fevral 2011

Misrdagi voqealar jahonda ko'plab davlatlarni sarosima va hayratga solib qo'ygani aniq. Jumladan AQSh va G'arb razvedkasini. Amerika josuslari pand berdimi? Nega ilg'or tahlilchilar Misrdagi qo'zg'olonlarni bashorat qila olishmadi? Ammo mutaxassislar fikricha, bunday siyosiy voqealarni oldindan aytish oson emas.

AQSh siyosatchilari razvedkani layoqatsizlikda ayblamoqda. Razvedkaning amaldagi va sobiq rasmiylari tanqidlarga javob berishga harakat qilmoqda. Markaziy Razvedka Boshqarmasi sobiq direktori Maykl Xeydenning aytishicha, AQSh maxsus xizmatlari Misrda vaziyat keskinlashayotgani haqida bong urib kelgan.

"Siyosiy tuzum darz ketayotgani, mamlakat tanazzulga yuz tutishi yaqqol ko'zga tashlanib qolgan edi. Prezident Husni Muborakning yoshi va voris masalasi bu jarayonni tezlashtirishi turgan gap edi. Siyosatchilar o'shandayoq taqdim etilgan ma'lumotlarga e'tibor qaratib, vaziyatni chuqurroq o'rganishi, tegishli reja tuzishga kirishishi kerak edi", - deydi Xeyden.

AQSh Markaziy Razvedka Boshqarmasida siyosiy islom tahlil bo'limi sobiq rahbari Emil Nahli Misr bo'yicha ma'lumotlarni taqdim etganini eslaydi.

"Mamlakatdagi turli siyosiy kuchlar - dunyoviy tuzum tarafdorlari, islomiy partiyalar, liberal va konservativ guruhlar rejimga qarshi birlashsa, tuzum ahvoli voy bo'lishi haqida ogohlantirgan edik", - deydi Nahli.

Siyosatchilar AQShda 2001-yil sentabr terror xurujlarini ham razvedkaning xatosi deb ta'riflagan edi. Xurujlar kutilmaganda sodir bo'ldi, razvedka esa bu haqda ogohlantirmadi, deydi ular.

Yaqinda AQSh diplomatik hujjatlarini internetga chiqargan WikiLeaks saytida Qohiradan Vashingtonga yuborilgan ba'zi maktublar chop etildi. Ulardan ma'lum bo'lishicha, AQSh elchixonalari Misrda uzoq paytdan beri to'planib kelayotgan norozilik hissi haqida xabardor bo'lgan. Ishsizlik, narx-navoning yuqoriligi, siyosiy islohotlarning yo'qligi jamoatchilik protestining kuchayishiga sabab bo'lyapti, deyilgan edi AQSh elchixonasi hisobotida. Yana bir hujjatda esa ba'zi siyosiy faollar Muborakdan keyin muvaqqat hukumat tuzishga chaqirgani bildiriladi.



Razvedka bilan shug'ullanuvchi mutaxassislarning aytishicha, Markaziy Razvedka Boshqarmasi va boshqa shunga o'xshash idoralar folbin emas.

Boshqarmaning Yaqin Sharq bo'yicha sobiq tahlilchisi Pol Pillarning aytishicha, siyosatchilar va jamoatchilikning razvedka imkoniyatlari haqidagi tasavvurlari bo'rttirilgan.

Boshqarma sobiq rahbari Xeydenning ta'kidlashicha, Misrdagi kabi stixiyali voqealarni bashorat qilish qiyin va, hattoki, amri mahol.

"Misrdagi jarayonlar uzoqdan beri planlashtirilib, ma'lum tashkilotchilar tomonidan amalga oshirilayotgan hol emas. Kutilmaganda alanga olib ketdi. Hozir Misrdagi voqealarga Tunisdagi o'zgarishlar ta'sir qilgan bo'lishi mumkin, deb xulosa qilsa bo'ladi, albatta. Ammo oldindan tayyorlangan ssenariy asosida amalga oshirilayotgan tadbir deb o'ylamayman, aks holda razvedka bundan xabardor bo'lardi", - deydi Xeyden.

AQShda barcha razvedka idoralari faoliyati ustidan muvofiqlashtiruvchi etib tayinlangan Jeyms Klepper ham tanqidlarni inkor etib, maxsus xizmatlar ishini oqlamoqda. Klepper kecha Vakillar Palatasining Razvedka qo'mitasida qonunchilar savollariga javob bergan.

Uning aytishicha, razvedka xizmatlari Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada ziddiyatlar mavjudligi va ularning ehtimoliy oqibatlari haqida muntazam ravishda hisobot berib turgan.

"Biroq Misrdagi kabi voqealarga turtki beruvchi omillarni doim ham oldindan bilib bo'lmaydi", - deydi AQSh davlat razvedkasi rahbari Jeyms Klepper.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG