Breaking News

Jahon bo'ylab kiber-hujumlar soni oshib bormoqda


Kompaniyalar va hukumatlarga qarshi kiber-hujumlar bu yili tez-tez ro’y berayapti. Xakerlar nega faollashgan? Jinoyat ortida kimlar turibdi? Ziyonni bartaraf etish yoki kamaytirish uchun nima qilish mumkin?

Elektr tarmoqlardan tortib yirik korporatsiyalargacha, har qanday tizim va tashkilot kiber-xurujga uchrashi mumkin. Muammo dolzarb tus olmoqda.

“Internet kundan-kunga hayotimizning ajralmas qismiga aylanib bormoqda. Fuqarolar, korporatsiyalar, hukumatlar bir-biri bilan inernetda aloqa qiladi. Kommunikatsiya, tijorat, hamkorlik global tarmoq bilan bog’liq. Bugungi kunda jinoiy niyatdagilar uchun imkoniyatlar bisyor”, - deydi AQSh Ichki xavfsizlik vazirligidan Jonatan Xoumer.

Internetga qaramlik hamda raqamli informatsiya jinoyatchilar uchun ko’proq moliyaviy daromad degani. Ular fayllarni qulflab, egasidan pul talab qiladi.

“Shantaj qilish oson bo’lib qoldi, chunki kompyuter sistemalariga buzib kirish uchun kerakli programmalar qora bozorda muhayyo”, - deydi informatsion texnologiyalar bo'yicha mutaxassis Klifford Nyuman.

Jinoyatchilarni topish esa oson ish emas.

“Kiber-hujumlar haqida ko’pincha huquq-tartibot idoralariga xabar berishmaydi. Kompaniyalar uchun bu biznes qaror. Oshkora aytishsa, salbiy reklama bo’ladi deb qo’rqishadi”, - deydi Federal Qidiruv Byurosidan Jon Braun.

Federal va mahalliy qonunlar ham mujmal.

“Aytaylik, biror biznesga hamla uyushtirildi. Qanday ma’lumot o’g’irlanganini darhol bilib bo’lmaydi. Shu bois ilk bayonotida kompaniyalar “mijozlarimiz haqida informatsiya o’g’irlangani aniq emas, sistemamizga buzib kirishganini bilamiz, xolos” deyishadi”, - deya izohlaydi Nyuman.

Xaker - pul ishlash ilinjidagi oddiy jinoyatchi bo’lishi, hukumatlar tomonidan yollangan bo’lishi ham mumkin.

“Shubhasiz, savdo sirlarimizni, Amerika kompaniyalariga tegishli intellektual mulkni va davlat sirlarini o’g’irlash uchun kiber-faoliyat olib borayotgan hukumatlar bor”, - deydi agent Jon Braun.

Jonatan Xoumerning tushuntirishicha, kiber-hujum muvaffaqiyatli bo’lishi uchun xaker sistemadagi nuqsonlarni qidiradi. Korporativ tizimda eng zaif nuqtalardan biri bu - kompyuter qarshisida o’tirgan odam, ishchi.

Demak, ertami-kechmi hujum ro’y berishi tayin. Federal Qidiruv Byurosiga ko’ra, muhimi qanday choralar ko’rilishini oldindan belgilab qo’yish. Global tarmoq strukturasini qayta ko’rib chiqish ham lozim.

“Xakerlar bir yo’lini topadi. Sizning vazifangiz - ziyonni kamaytirish”, - deydi Nyuman.

Bu degani, virus sistemaning bir qismini ishdan chiqarsa, boshqa qismlari ishlab turadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG