Eronda to'qnashuvlardan halok bo'lganlar soni 20 dan oshdi

  • Amerika Ovozi

Eron oliy diniy rahnamosi mamlakatda hukumatga qarshi yuz bergan namoyishlarda islomiy respublika dushmanlarini aybladi.

Oyatulloh Ali Xomanaiy e'lon qilgan bayonotga ko'ra, Eron dushmanlari pul, qurol-aslaha, siyosat va razvedka yordamida Eronda beqarorlik keltirib chiqarishga urinmoqda.

Davlat televideniyesi 2-yanvar kuni yana to'qqiz kishi to'qnashuvlarda o'lganini xabar qildi. O'tgan hafta boshlangan zo'ravon namoyishlarda hozirgacha jami 20 dam ortiq odam halok bo'lgan.

Prezident Hasan Ruhoniy qonunbuzarlarni jazolashi haqida ogohlantirishi ortidan zo'ravonliklar yanada kuchaydi.

Namoyishchilar mamlakatda iqtisodiy ahvol yomonlashganidan hamda hukumatning Suriya, Iroq va Yamandagi harbiy mojarolarga tortilib borayotganidan norozi.

"Ko'chalarga chiqqanlarning barchasi buyruqni chet davlatlardan olyapti, deya olmaymiz. Shundaylar bor, lekin ba'zilar hayajon va shaxsiy muammolari uchun ham chiqyapti", - dedi Eron prezidenti.

Parlamentga murojaati davomida Ruhoniy AQSh, Isroil va Saudiya Arabistonini Eronda beqarorlik keltirib chiqarayotganlikda aybladi.

AQSh rahbari Donald Tramp bu da'volarni rad etib, Eron uchun "o'zgarishlar vaqti" kelganini aytdi.

Tramp namoyishchilarni olqishlab, ular nihoyat Tehrondagi "qattol va buzuq rejim"ga qarshi bosh ko'tarayotganidan mamnunligini bildirgan.

Sobiq prezident Barak Obama yadro dasturini nazorat qilaman deb Eronga bergan barcha pul terrorizm va uning homiylari hamyoniga ketdi; odamlar och-nahor, dedi Tramp "Twitter" orqali yozishmasida. U, shuningdek, AQSh Eronni kuzatayotgani haqida ogohlantirdi.

Eron rahbari Ruhoniy esa beqarorlik ko'lamini pasaytirishga urinib, "tanqid va namoyishlar tahdid emas, aksincha, imkoniyatdir", dedi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG