Breaking News

Eron yadro muzokaralari. Qiyini hali oldinda


Jenevada vaqtinchalik kelishuvga erishgan Eron va olti yirik davlat muzokarachilari endi diqqatni uzoq muddatli bitim tuzishga qaratmoqda. Maqsad - Tehron o’z yadroviy dasturini faqatgina tinch yo’lda qo’llashini ta’minlash.

Muvaqqat kelishuv Eronning yadroviy dasturini olti oyga muzlatib qo’ydi. Qurol nazorati bo’yicha uyushma rahbari Deril Kimbal uning asosiy bandlariga to’xtaladi:

“Eron uranni 20 foizgacha boyitish jarayonini to’xtatadi, ixtiyoridagi boyitilgan uran zaxirasini zararsiz moddaga aylantirishga so’z beradi. Uning atom inshootlarida qo’shimcha sentrifugalar o’rnatish man etilgan. Arak shahrida reaktor qurish ishlarini to’xtatish ham talab qilinadi”.

Mutaxassislarning aytishicha, Arak kompleksi plutoniy ishlab chiqarishga mo’ljallangan. Atom bombasi yaratishda bu eng zarur materiallardan hisoblanadi. Ammo Eronning ta’kidlashicha, dasturning mudofaa sohasiga aloqasi yo’q, balki elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun kerak.

Jenevada imzolangan kelishuv Tehronning yadroviy dasturini monitoring qilish imkonini ham beradi.

“Muhimi, BMT Atom energiyasi boshqarmasi inspektorlari bu davlat inshootlariga kunda kirib, tekshirishi mumkin. Bu degani, maxfiy harakatlarga yo’l qo’yilmaydi”, - deya qayd etadi Deril Kimbal.

Evaziga G’arb davlatlari Eronga nisbatan qo’yilgan iqtisodiy va moliyaviy sanksiyalarni biroz yumshatadi. Xavfsizlik bo’yicha mutaxassis Joel Rubinning aytishicha, Tehron jazo choralarini butunlay bekor qilishni so’ramoqda.

“Neft daromadidan tushgan pullar, ya’ni xorijda muzlatilgan mablag’dan 6-7 milliard dollar Eronga qaytariladi. Bundan tashqari, Tehronga cheklangan miqdorda neft mahsulotlari va oltin sotishga ruxsat berildi. Lekin amaldagi sanksiya rejimi o’z joyida qoladi”.

Kelasi bir necha oy ichida muzokarachilar Eron yadro dasturi bo’yicha kengroq va mukammal bir kelishuvga erishish niyatida. Bu oson bo’lmasligi hozirdan ayon, deydi Deril Kimbal.

“Eron uran boyitishni qay darajada cheklashga tayyor? Plutoniy ishlab chiqarishga mo’ljallangan Arak kompleksini yopish evaziga islomiy respublika nima so’raydi? Bo’lajak muzokarada juda murakkab savollar ko’tariladi”.

Tahlilchi Joel Rubin bahsga sabab bo’ladigan boshqa masalalarga ham to’xtaladi.

“Xalqaro hamjamiyat Eronda qancha, qayerda va qanday rusumdagi sentrifugalar borligini bilishi, bu davlat yadroviy infratuzilmasi haqida aniqroq tasavvurga ega bo’lishi kerak. Inspeksiyalar ko’lami, xalqaro qonun-qoidalar va oradagi ishonch ham muhokamadan o’rin olishi turgan gap”, - deydi u.

Eron sanksiyalar yanada yumshatilishi va keyinchalik butunlay bekor qilinishidan umidvor. Navbatdagi uchrashuvlar samara berishi uchun diplomatik mahorat va tomonlardan murosa talab qilinadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG