Breaking News

Iroqda mazhablararo ixtilof kuchaymoqda


Dekabr oyidan beri Iroqda amaldagi hukumatga qarshi namoyishlar tingani yo'q.
Dekabr oyidan beri Iroqda amaldagi hukumatga qarshi namoyishlar tingani yo'q.
O’tgan oy o’n minglab iroqliklar Bosh vazir Nuri al-Malikiy hukumatiga qarshi norozilik namoyishlarida qatnashdi. Sunniy fuqarolar hukumatni ozchilikdagi bu mazhab vakillariga nisbatan ayirmachilik siyosatini yuritayotganlikda ayblamoqda.

Dekabr oyidan beri Iroqda hukumatga qarshi namoyishlar tingani yo’q. Sunniylar Bosh vazir Nuri al-Malikiyning iste’foga chiqishini talab qilmoqda. Ular, shuningdek, sud hukmisiz hibsda saqlanayotgan mahbuslarning ozod etilishini hamda sunniylarga qarshi ishlatilayotgan aksil-terror qonunining bekor qilinishini so’ramoqda.

Ayni paytda Malikiyning shia tarafdorlari ham hukumatni qo’llab-quvvatlab namoyishga chiqqan. Mamlakat mazhablararo to’qnashuv xavfiga yuz tutgan.

Londonlik tahlilchi Kris Doylning aytishicha, sunniylar uzoq yillardan beri mamlakatda o’zlarini shia hukumati tomonidan ajratib qo’yilgandek his qiladi.

“Sunniylar o’zlarini ikkinchi darajali fuqarolardek his qilyapti. Ular nazarida, Malikiy hukumati shialarning millatchi partiyasini aks etadi va sunniylar tashvishlari bilan umuman qiziqmaydi”, - deydi tadqiqotchi.

Hozir bo’layotgan namoyishlar sunniylardan bo’lgan Moliya vaziri Rafa al-Isaviyning tan soqchilari hibsga olinishi ortidan, asosan, sunniylar istiqomat qiluvchi Anbar viloyatida boshlangan.

Vitse-prezident Tariq al-Hoshimiy amaldan ketgandan beri Rafa al-Isaviy hukumatdagi eng ko’zga ko’ringan sunniy arbob edi. Xorijdan siyosiy boshpana olgan Hoshimiy qator qotilliklarni buyurganlikda ayblanib, Iroqda o’limga mahkum etilgan. Sobiq vitse-prezident unga qo’yilgan ayblovlarni bo’hton deb biladi va ortida siyosiy sabablar borligini aytadi.

Iroqning nufuzli shia diniy arbobi Muqtada al-Sadr namoyishchilarni qo’llab-quvvatlab, mazhablarni haqiqat yo’lida birlashishga chaqirdi.

Uning aytishicha, namoyishchilar o’z e’tirozlarini tinch va demokratik yo’l bilan ifoda etishga haqli. Har bir odam bunga to’g’ri munosabatda bo’lishi kerak, dedi u.

Bosh vazir Malikiy namoyishchilarning ayrim talablarini bajarishga rozi. Masalan, 700 nafar ayol mahbusni ozod etishga va’da bergan.

Yaqin Sharq bo’yicha mutaxassis Jeymi Ingremga ko’ra, Malikiy hozir ancha qiyin muammo bilan yuzlashmoqda.

“Nazarimda, Malikiy bunchalik bo’lishini kutmagandi. U Iordaniya bilan chegarani yopib, namoyishchilarga iqtisodiy bosim o’tkazishga va shu yo’l bilan vaziyatni tinchitishga urindi. Ammo bu namoyishchilarni battar g’azablantiradiganga o’xshaydi”, - deydi tadqiqotchi.

Arablar boshqaruvi ostidagi markaziy hukumat shimolda avtonom kurd o’lkasi bilan neft va yer talashib keladi. Kurd yetakchilari ham Iroq hukumatidan norozi. Kurd va sunniylardan bo’lgan vazirlar namoyishchilarni qo’llab-quvvatlab, hukumat yig’inlarida qatnashmaslikni lozim topdi.

AQSh kuchlari Iroqni tark etganidan beri o’tgan bir yil davomida mamlakatning shia, sunniy va kurd aholisi o’rtasida ziddiyatlar tobora kuchayib bormoqda.

“Inqiroz borgan sari chuqurlashmoqda. Agar o’zaro ziddiyatlarga yechim topilmasa, muammo yanada yiriklashadi”, - deydi tahlilchi Doyl.

Viloyatlar uchun saylovlar shu yilning aprel oyiga rejalangan. Ungacha vaziyatning yaxshilanishi qiyin, deydi tahlilchilar.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG