Breaking News

Jamol Qoshiqchiga aslida nima bo'lgan? Va kim aybdor?


Jamol Qoshiqchining jasadi qayerda ekani noma'lum
Jamol Qoshiqchining jasadi qayerda ekani noma'lum

Saudiya Arabistoni hukumatining jurnalist Jamol Qoshiqchining o’limi yuzasidan bergan bayonoti xalqaro hamjamiyatni qoniqtirmayapti. 18 kun davomida muxbirning Istanbuldagi konsullikda o’ldirilgani haqidagi xabar va ayblovlarni inkor etib kelgan qirollik nihoyat bu xabarlarni tasdiqladi, biroq Saudiya Arabistoni hukumatiga ko’ra, Qoshiqchi, turk matbuoti va tergovchilari da’vo qilganidek, qiynab o’ldirilmagan.

Qirollik tarqatgan rasmiy bayonotda aytilishicha, jurnalist xavfsizlik xodimlari bilan yuzaga kelgan mushtlashuv paytida kutilmaganda jon bergan va bunga aloqador shaxslar asl voqeani rahbariyatdan yashirishga harakat qilgan.

Saudiya Arabistonining Istanbuldagi konsulligi
Saudiya Arabistonining Istanbuldagi konsulligi

Turkiya razvedkasiga ko’ra, qirol Salmon va valiahd shahzoda Muhammad siyosatini tanqid qilgani uchun vatanini 2017-yilda tark etishga majbur bo’lgan muxbirni yo’q qilish uchun 2-oktabr kuni Saudiya Arabistonidan ikkita xususiy samolyotda 15 ta odam Istanbulga kelib, shu kuniyoq qaytib ketishgan.

Saudiyaliklarning ta’kidlashicha, bu odamlar Jamol Qoshiqchini Saudiya Arabistoniga qaytishga undash uchun Istanbulga borgan, biroq o’rtada tortishuv va janjal boshlanib, Qoshiqchi bexosdan jon bergan.

Saudiya Arabistoni tarqatgan bayonotning eng muhim tomoni shundaki, bo’lgan voqeadan na qirol, na valiahd shahzoda xabardor bo’lgan. Qoshiqchini qirollikka qaytarish operatsiyasi ham qirol Salmon va uning o’g’li shahzoda Muhammaddan bexabar amalga oshirilgan.

Biroq gap shundaki, Istanbulga o’sha kuni uchgan 15 nafar saudiyalik xavfsizlik agenti va mulozimjlaridan to’rt nafari valiahd shahzodani shu yil mart oyida Londonga safari chog’ida qo’riqlagan tan soqchilari orasida bo’lgan.

Jamol Qoshiqchining o'limi yuzasidan adolat talab qilayotgan namoyishchilar, Oq uy tashqarisi
Jamol Qoshiqchining o'limi yuzasidan adolat talab qilayotgan namoyishchilar, Oq uy tashqarisi

Saudiya Arabistoni hukumati bo’lgan voqeada Muhammad bin Salmonning ishonchli odamlaridan biri Saud Qahtaniy va razvedka xizmati boshlig’ining o’rinbosari Ahmad Asiriyni ayblab, ularning ishdan olinganini ma’lum qildi.

Bundan tashqari, yana 18 kishi Qoshiqchining o’limiga aloqadorlik gumoni bilan hibsda. Barchasi valiahd shahzoda roziligisiz bu ishga qo’l urgani aytiladi. Biroq Qahtaniy o’tgan yili “Twitter”da qoldirgan bir izohida qirol yoki valiahd shahzoda ruxsatisiz bir ishga qo’l urmasligini aytgan.

Ko’p mamlakatlar qirollikning jurnalist o’limi bo’yicha bergan izohiga ishonmayotgan ko’rinadi.

Masalan, Germaniya kansleri Angela Merkel “Saudiya Arabistonidan Qoshiqchining o’limi sabablari haqida shaffoflik kutmoqdamiz, taqdim etilgan ma’lumot yetarli emas”, dedi.

Fransiya Tashqi ishlar vaziri Jan-Iv Le Drian, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo’yicha mas’ul rasmiysi Federika Mogerini konsullikdagi voqeani sinchkovllik bilan tergov qilishga chaqirdi.

Jamol Qoshiqchining sirli o’limi ketidan 23-25-oktabr kunlari Riyodda o’tishi kutilayotgan yirik xalqaro sarmoya anjumani birin-ketin mehmonlardan ayrilmoqda.

Prezident Donald Tramp Riyodga qarshi jazo chorasi ko'rilishiga ishora qilgan, ammo deydi u, AQSh-Saudiya Arabistoni o'rtasdida qurol savdosi to'xtab qolmasligi kerak
Prezident Donald Tramp Riyodga qarshi jazo chorasi ko'rilishiga ishora qilgan, ammo deydi u, AQSh-Saudiya Arabistoni o'rtasdida qurol savdosi to'xtab qolmasligi kerak

AQSh Moliya vaziri Stiven Mnuchin, Xalqaro valyuta jamg’armasi ijrochi direktori Kristin Lagard, Britaniya Savdo vaziri Liam Foks, Jahon banki prezidenti Jim Yon Kim, “JPMorgan Chase”, “Ford”, “Uber”, “MasterCard”, “Google” va yana bir nechta yirik xalqaro kompaniyalar rahbarlari ketidan Avstraliya va Yangi Zelandiya ham rasmiylarini Riyodga yubormaydigan bo’ldi.

Avstraliya Bosh vaziri Skott Morrisonning aytishicha, uning hukumati Qoshiqchining o’limi yuzasidan berilgan rasmiy bayonotni jiddiy qabul qilmaydi. Kanada Tashqi ishlar vazirasi Kristiya Frilend esa Riyod taqdim etgan tushuntirish mantiqqa zid va ishonchga sazovor emasligini aytdi.

Britaniya qonunchilari hukumatdan Saudiya Arabistoni rasmiylariga sanksiya qo’yishni talab qilmoqda. Britaniya razvedkasining sobiq rahbari Jon Soyer Jamol Qoshiqchini o’ldirish uchun buyruq qirollikning eng yuqori qatlamlaridan berilganiga shubhasi yo’qligini aytadi.

Saudiya Arabistoni yana bir savolga aniq javob bergani yo’q. Jamol Qoshiqchining jasadi qayerda? Turk tergovchilari jurnalist konsullik ichida qiynoqlarga solinganini, so’ng uning jasadi bo’laklanganini va vakolatxonadan olib chiqilganini da’vo qiladi. Ayni damda konsullikning turk xodimlari so’roqqa tutilmoqda.

Jurnalistlarga tahdid oshmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:54 0:00

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG