Breaking News

Saudiya Arabistoni Xoshuqjining Istanbuldagi konsullikda o'lganini tan oldi


Saudiya Arabistonining Istanbuldagi konsulligiga kirish ko'chasi

Saudiya Arabistoni rasmiylarining aytishicha, jurnalist Jamol Xoshuqji Istanbuldagi Saudiya Arabistoni konsulligida kelib chiqqan mushtlashish oqibatida vafot etgan. Bu haqda mamlakat rasmiy matbuoti xabar qildi.

Saudiya davlat telekanalida o'qib berilgan bayonotga ko'ra, jurnalist o'limiga aloqadorlikda ayblanib, 18 saudiyalik hibsga olingan; qirollik maslahatchisi Saud al-Qahtoniy va razvedka rahbari o'rinbosari Ahmed Assiriy lavozimidan ozod qilingan.

Davlat prokurorining aytishicha, Xoshuqjining o'limi bo'yicha tergov davom etmoqda.

Qirol Salmon, shuningdek, valiahd shahzoda boshchiligida vazirlar qo'mitasini tuzib, razvedka xizmatlarini qayta ko'rib chiqish vazifasini topshirgan.

Saudiya hukumati avvalroq Xoshuqjining o'lganini inkor etib, uning konsullik binosidan sog' chiqib ketganini da'vo qilgan edi.

Istanbuldagi Saudiya Arabistoni konsulligi oldida o'tkazilgan namoyish, 9-oktabr, 2018-yil.
Istanbuldagi Saudiya Arabistoni konsulligi oldida o'tkazilgan namoyish, 9-oktabr, 2018-yil.

Turkiya rasmiylari Jamol Xoshuqji 2-oktabr kuni uylanishi uchun kerakli bo'lgan hujjatni olish maqsadida konsullik binosiga kirib ketgan kuniyoq o'ldirilganini aytgan edi.

Oq uy Saudiya Arabistoni qirolligi ma'lumotlarini qabul qilgani haqida bayonot chiqardi. Xoshuqjining o'ldirilishida gumondor shaxslarga qarshi choralar ko'riladi, deyiladi bayonotda.

Prezident Donald Tramp Saudiya ma'lumotini "birinchi katta qadam" deb atadi.

"Saudiyaliklar uchun ayrim savollarimiz bor va bu masalada Kongress bilan birga ishlaymiz", - dedi AQSh rahbari.

U, shuningdek, Xoshuqjining o'limi bo'yicha tekshiruv davom etayotganini aytdi.

Avvalroq Prezident Tramp, agar Xoshuqji o'ldirilgan bo'lsa, Saudiya Arabistoniga qarshi "qattiq jazo" bo'lishi haqida ogohlantirgan edi.

Bu orada Turkiya politsiyasi Saudiya konsulligida ishlagan turk fuqarolarini so'roq qildi. Ular orasida bosh konsul haydovchisi, texnik xizmatchilar, hisobchilar va telefon operatorlari bor.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo "Amerika Ovozi"ga bergan intervyusida Xoshuqjining g'oyib bo'lishi masalasiga alohida to'xtaldi.

Istanbul yaqinidagi Belgrad o'rmoni. Xoshuqjining jasadi shu yerga ko'milgan bo'lishi mumkinligi haqidagi taxmin asosida politsiya bu yerda qidiruv o'tkazdi.
Istanbul yaqinidagi Belgrad o'rmoni. Xoshuqjining jasadi shu yerga ko'milgan bo'lishi mumkinligi haqidagi taxmin asosida politsiya bu yerda qidiruv o'tkazdi.

Pompeo shu hafta Riyodga borib, qirollik yetakchi rasmiylari bilan uchrashib qaytdi.

"Men ularga AQSh bu masalani juda jiddiy olayotganini aytdim. Biz qonundan tashqari qotilliklarni ma'qullamaymiz. Bu kabi ishlarni yoqlamaymiz. Bu Amerika qadriyatlariga mos emas. Voqea konsullikda yuz bergani uchun bu narsaga ular javobgar", - dedi AQSh Davlat kotibi.

Istanbuldagi Saudiya Arabistoni konsulligi eshigi. Xoshuqji 2-oktabr kuni shu yerga kirib ketganicha qaytib chiqmagan.
Istanbuldagi Saudiya Arabistoni konsulligi eshigi. Xoshuqji 2-oktabr kuni shu yerga kirib ketganicha qaytib chiqmagan.

Turkiya rasmiylari Xoshuqjining o'limi yozib olingan audioni Vashington bilan baham ko'rgani haqida ma'lumotlar chiqdi, ammo rasmiy Anqara ham, Davlat kotibi Pompeo ham buni rad etdi.

AQShning har ikki partiyaga mansub qonunchilari jurnalist bilan yuz bergan voqeani keskin qoralab, Riyoddan ko'proq ma'lumot berishni so'ramoqda.

Demokrat senator Bob Menendez Magnitskiy qonuni doirasida Xoshuqjining o'limiga aloqador saudiyaliklarga nisbatan sanksiya qo'llashga chaqirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG