Astronavt Jon Glenni xotirlab

  • Amerika Ovozi

Jon Glenn

Amerikalik sobiq astronavt, harbiy va senator Jon Glenn shu oy 95 yoshida Ogayodagi kasalxonada vafot etdi. 1962-yilda Glenn Yer orbitasi bo’ylab parvoz qilgan birinchi amerikalik sifatida tarixga kirgan.

Ogayodan demokrat senator sifatida 24 yil xizmat qilib, 1984-yilda prezidentlik uchun kurashgan. 77 yoshida fazoga qaytib, eng keksa astronavt sifatida tillarda doston bo’ldi.

Yerni uch bora aylanib, texnik nuqsonlarga qaramasdan, sog’-omon Yerga qaytgan Jon Glen milliy qahramonga aylandi. U fazoviy poygalarda sovetlar bilan raqobat qilishda Amerikaning o’ziga bo’lgan ishonchini qayta tikladi. Ikki yil o’tib, NASA, Amerika fazoviy tadqiqotlar agentligidan ketib, Ogayo shtatidan Senatga saylanish niyatini e’lon qildi. Senator sifatida 24 yil mehnat qildi.

“Hayotimni yurtga xizmat qilishga bag’ishladim desam xato bo’lmaydi”, - degan edi u.

Prezidentlikka sobiq nomzod Xillari Klinton Glenning vafotidan so’ng Kapitoliyda uni birinchilardan bo’lib xotirladi.

“Do’stimdan, senator Jon Glenndan, Amerikaning haqiqiy qahramonidan judo bo’ldik”, - dedi Klinton.

1998-yilda u yana fazoga qaytdi, 36 yillik tanaffusdan so’ng. “Discovery” kemasiga minib, to’qqiz kunlik parvoz davomida hamkasblari bilan vaznsizlik va uning yoshga ta’sirini o’rgandi. Samoga otlanishdan oldin u shunday degan edi:

“Rafiqam Annaga uylanganimda va’da bergan edim: hayotimiz hech vaqt zerikarli bo’lmaydi”, - degan edi Jon Glenn.

Glenn ko’plab mukofotlar sohibidir. 2012-yilda Prezident Barak Obama uni Faxr nishoni bilan taqdirlagan edi. Uning vafotini eshitgan Obama Glennni olim, muhandis va astronavtlarning bir necha avlodiga ilhom bergan bir inson edi, deta xotirladi. Uning sharofati bilan Mars va koinotning turli nuqtalarini zabt etishga yaqinlashganimiz shubhasiz, dedi prezident.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG