Breaking News

Fazoda AQSh va Rossiya - hamkor


"SpaceX" kompaniyasining "Dragon" raketasi Xalqaro fazo stansiyasida, 11-may, 2016-yil.
"SpaceX" kompaniyasining "Dragon" raketasi Xalqaro fazo stansiyasida, 11-may, 2016-yil.

1961-yilda amerikalik astronavt Alan Shepardning 15 daqiqalik parvozidan keyin AQSh va Sovet Ittifoqi fazoda ham raqib ekani yanada oydinlashdi. Undan avval, 1957-yilda SSSR sun’iy yo’ldosh “Sputnik”ni Yer orbitasiga olib chiqqan edi. 1961-yil 12-aprel kuni esa Yuriy Gagarin fazoga parvoz qilib, Yerni raketada aylanib chiqqan birinchi kosmonavt bo’ldi. Samoda Sovet Ittifoqi AQShdan o’zib ketdi.

Bundan xavotirda bo'lgan AQSh rahbariyati olimlarni yig’di, NASA Milliy astronavtika va fazo ma’muriyatini tuzdi, odamni fazoga yuborish maqsadida “Merkuriy” dasturini boshladi.

Fazoga ilk qadamlar

Samolyotlarni ko’p sinagan Shepard “Merkuriy” raketasida kosmosga uchadigan birinchi amerikalik sifatida tanlandi.

Biroq ungacha “Vostok-1” fazoga chiqib bo’lgan edi. Gagarin bir soat ichida Yerni aylanib chiqdi. Undan uch hafta o’tib Shepard ham raketada Yer yuzidan 187 kilometr balandlikka uchdi. Parvoz 15 daqiqa davom etdi.

1960-yillarda raqobat davom etdi. 1969-yil 20-iyul kuni AQSh astronavtlari Oyga qo’ndi. Shepard 1971-yilda “Apollon” raketasida Oyga uchdi.

Fazodagi hamkorlik

Vaqt o’tgan sari ikki davlat o’rtasidagi munosabatlar o’zgardi. Raqobat hamkorlikka aylandi.

1998-yilda Xalqaro kosmik stansiyasi fazoga uchirildi. U nafaqat AQSh va Rossiya, balki Yevropa Ittifoqi, Xitoy va Yaponiya hamkorligi mahsuli edi. So’nggi yillarda dunyoning 18 mamlakatidan kamida 222 mutaxassis Yerni har 90 daqiqada aylanib chiqadigan stansiyada ishlab keldi.

Shu yil mart oyida amerikalik astronavt Skott Kelli bir yillik parvozdan qaytdi. Bu muddat ichida NASA olimlari kosmosning inson organizmiga ta’sirini o’rgandi. Skott Kellining egizak ukasi Mark Kelli Yerda qoldi va olimlar ikki egizak organizmini bir-biri bilan qiyoslash imkoniga ega bo’ldi.

AQSh o’zining “Shattl” dasturini 2011-yilda yopgan edi. O’shandan beri raketalarni fazoga olib chiqishda Amerika Rossiya bilan hamkorlik qiladi. Ammo NASA bu qaramlikka chek qo’yish niyatida. Yaqin kelajakda raketalarni kosmosga olib chiqish vazifasi xususiy sektorga beriladi.

AQShda bir necha kompaniya raketalarning yangi turlari ustida ish olib bormoqda. Joriy yilning 6-may kuni “SpaceX” xususiy kompaniyasi ikkinchi marta raketani okeandagi dron-kemaga qo’ndirishga muvaffaq bo’ldi. Kompaniya injenerlari bir necha marta ishlatiladigan raketalar modellarini sinamoqda. Kompaniya rahbari Elon Maskning aytishicha, qayta ishlatiladigan raketalar ixtiro etilsa, fazoga parvozlar ancha arzonlashadi.

Navbatdagi manzil - Mars

Xalqaro hamkorlik davom etar ekan, olimlar Marsni ko’zlamoqda. Mart oyida Rossiyaning “Roskosmos” agentligi Yevropa fazo agentligi bilan birgalikda qizil sayyoraga robot yubordi. U Marsga oktabrda yetib borishi kerak. “SpaceX” kompaniyasi ham 2018-yilda Marsga raketa yuborishni rejalamoqda. Prezident Barak Obamaning 2010-yilda e’lon qilishicha, 2030-yilga borib AQSh Marsga odam yuboradi.

Bundan yarim asr oldin ikki davlat fazoni zabt etishda bir-biriga raqib edi. Samo butun insoniyatniki, parvozlar esa qimmat ekan, davlatlar hamkorlik yo'lini tanlamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG