Isroil-Falastin ziddiyati qo'shni Iordaniyaga ham tarqaldi

  • Amerika Ovozi

Isroil elchixonasi qo'riqchisi tomonidan otib o'ldirilgan 17 yashar iordaniyalik Muhammad Javavdening otasi Zakariya Javada (o'rtada)

Quddusda ham musulmonlar, ham yahudiylar uchun muqaddas sajdagoh atrofidagi ziddiyat qo'shni Iordaniyaga ham tarqaldi.

Yakshanba kuni poytaxt Ammonda ikki iordaniyalik Isroil elchixonasi qo'riqchisiga hujum qilishi ketidan otib o'ldirilgach, g'azabga to'la odamlar ko'chaga chiqdi. Isroil hukumati al-Aqso masjidiga kirishda metallodetektor va nazorat kameralari o'rnatgani falastinliklar noroziligiga sabab bo'lgan bir paytda muammoga yechim topish maqsadida vositachi bo'lib oraga tushgan Iordaniyaning o'zi Ammondagi voqeadan so'ng qiyin ahvolga tushib qoldi.

Isroil va Falastin bilan ijobiy aloqada bo'lgan Iordaniya endi Isroil harakati tufayli diplomatik tortishuv bilan yuzlashmoqda.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu inqirozni tez va tinch yo'l bilan hal qilish maqsadida Iordaniya rasmiylari bilan aloqada bo'lib turibdi.

Isroil noroziliklar zo'ravonliklarga aylanishidan xavotirda. Kuzatuvchilarga ko'ra, muammoni bartaraf etish oson bo'lmaydi.

Salkam ikki hafta oldin qurollangan bir arab al-Aqso atrofida isroillik ikki politsiyachini o'ldirganini misol tariqasida keltirar ekan, Isroil ko'rilayotgan choralar terror hujumlarining oldini olishga qaratilganini bildirdi. Falastinliklarga ko'ra, masjidga kirishdagi bu kabi cheklovlar musulmonlarni kamsitmoqda, Isroil musulmonlar uchun eng muqaddas hisoblangan uch sajdagohdan birini nazoratga olishga harakat qilmoqda.

Bu o'rtada AQShda Tramp ma'muriyati Iordaniyadagi voqea yuzasidan xavotir bildirib, maxsus elchi Jeyson Grinblattni vositachi sifatida hududga jo'natgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG