Breaking News

"Yashil Markaziy Osiyo" loyihasi taqdim etildi


"Yashil Markaziy Osiyo" anjumani ishtirokchilari, Berlin, Germaniya, 2020-yil, 28-yanvar

Germaniya tashabbusi bilan Markaziy Osiyo integratsiyasini kuchaytirishga qaratilgan “Yashil Markaziy Osiyo” loyihasi taqdim etilmoqda. U mintaqani iqlim o’zgarishi xavfidan himoyalashni maqsad qiladi.

Hududning besh davlati va Afg’oniston jalb qilingan bu loyiha Germaniya, shuningdek, Yevropa Ittifoqi tomonidan Markaziy Osiyo bilan tasdiqlangan yangi hamkorlik strategiyasi doirasida qo’llab-quvvatlanadi.

“Yashil Markaziy Osiyo” loyihasi taqdimoti 28-yanvar kuni Berlinda Germaniya, Markaziy Osiyo, Afg’oniston tashqi ishlar vazirlari ishtirokida o’tkazildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar o’rtasida “Yashil Markaziy Osiyo” doirasidagi hamkorlikka oid qo’shma bayonot imzolandi.

Germaniya Tashqi ishlar vaziri Hayko Maas dunyo bo’ylab iqlim o’zgarishi xavfi kuchaygan bir paytda taqdim etilayotgan bu loyiha Markaziy Osiyoni yaxlit mintaqa sifatida tahdidlardan himoyalash mintaqa davlatlari o’rtasidagi integratsiya kuchayishi uchun xizmat qilishiga umid bildirgan.

Loyihaning asosiy maqsadi sifatida iqlim o’zgarishi va ekologiya bilan bog’liq xavf-xatarlarga nisbatan hozirlikni kuchaytirish bu borada mintaqa davlatlari o’rtasidagi o’zaro hamkorlik rivojini qo’llab-quvvatlash sifatida taqdim qilinmoqda.

Germaniya tomoniga ko’ra, iqlim o’zgarishi yaqin kelajakda 21-asrdagi dahshatli tahdidlardan sanaladi. Bu ekologik inqiroz dunyo aholisi qashshoqlashishiga va qator mamlakatlarda barqarorlik izdan chiqishiga sabab bo'lishi mumkin. Markaziy Osiyo va Afg’oniston global iqlim o’zgarishi bevosita daxl qiluvchi mintaqa sanaladi. Suv tanqisligi, tuproq salomatligi buzilishi, umumiy ekologik vaziyat yomonlashishi xavfsizlikka jiddiy ta’sir ko’rsatishi mumkin.

Taqdimot marosimida ishtirok etgan O’zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov mintaqada ekologik vaziyatni yaxshilash, xususan, Orol fojiasi asoratlarini bartaraf qilish, suv tejamkorligini oshirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar, bu borada xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik muhimligi haqida gapirgan.

“Yashil Markaziy Osiyo” xalqaro maydonda Markaziy Osiyo davlatlari integratsiyasi qo’llab-quvvatlanayotgan loyihalardan biri bo’ladi.

Ayni paytda AQSh "C5+1" muloqot guruhi vositasida, Yevropa Ittifoqi esa yangi strategiyasi orqali Markaziy Osiyo bilan munosabatlarda aynan mintaqaviy hamkorlikka diqqat qaratmoqda.

Sharhlovchilar integratsiya, xavfsizlik, iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy hamkorlik, global tahdidlar qarshisidagi mintaqaviy yaxlitlikni Markaziy Osiyo taraqqiyotining asosiy shartlari sifatida ko’radi.

Ammo ekspertlar taqdim etib kelayotgan, AQSh, Yevropa Ittifoqi kabi siyosiy kuchlar tomonidan qo’llab kelingan mintaqaviy intergatsiya masalasi avvaliga O’zbekistondagi turg‘unlik, Markaziy Osiyodagi ziddiyatlar va geosiyosiy ixtiloflar bois amalga oshmay keldi.

O’zbekistonda hokimiyat almashishi va yangi Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mintaqa prezidentlari sammiti tashkil etilishi ortidan integratsiya tiklanayotganiga doir umidlar yana kuchaydi.

Ammo kuzatuvchilar bu tiklanishlarning mintaqaviy integratsiyaga nisbatan bo’lgan umidlar qarshisida o’ta zaif ko’rinishda ekanligini qayd etishadi.

Siyosiy sharhlovchi Farhod Tolipov Markaziy Osiyo taraqqiyoti mintaqaviy integratsiyani taqozo etishini ta’kidlab kelayotgan ekspertlardan biri.

“Markaziy Osiyo yaxlitligi nafaqat mintaqaviy ekspertlar tomonidan surilayotgan tashabbus. Mintaqa taraqqiyotining bu yo’li ancha yillardan buyon Yevropa Ittifoqi, AQSh tomonidan ham qo’llab-quvvatlab kelinadi. Yevropa Ittifoqi tomonidan qabul qilingan yangi strategiyada esa mintaqa davlatlari o’rtasidagi bu hamkorlikka diqqat yanada oshirilgan. Ammo AQSh ham, Yevropa Ittifoqi ham mintaqa hukumatlariga qaysi yo’nalishda, qanday birlashmalarda integratsiyaga kirishish talabini qo’yish vakolatida emas. Bu Markaziy Osiyo liderlarining siyosiy irodasiga bog’liq bo'lib qolaveradi”, - degan fikrda Farhod Tolipov.

Markaziy Osiyo integratsiyasi jo'g’rofiy, iqtisodiy, siyosiy-ijtimoiy jihatdan ham mintaqa markazida joylashgan O’zbekistonga bog’liq ekani aytiladi.

Sharhlovchilar so’nggi paytda Toshkentning bu yo’nalishdagi harakatlari ancha sustlashgani, mintaqaviy hamkorlik ustuvorligiga doir mamlakat rahbariyatidagi siyosiy iroda zaiflasha boshlaganini ta’kidlamoqda.

Rasmiy Toshkent, mamlakatda hokimiyat almashishi ortidan, Markaziy Osiyoni tashqi siyosatdagi asosiy ustuvor yo’nalish sifatida e’lon qilgan edi.

Markaziy Osiyo liderlarining Toshkentdagi norasmiy sammitiga mezbonlik qilgan prerezident Shavkat Mirziyoyev bu uchrashuvlarda mintaqaviy tashkilotga asos solish haqida gap bormasligini alohida ta’kidlab otgan edi.

Berlinda “Yashil Markaziy Osiyo” loyihasini mintaqa davlatlariga taqdim qilgan Germaniya Tashqi ishlar vaziri Hayko Maas esa bu hamkorlikdan manfaatdorlikni quyidagicha ifoda etadi:

“Biz Markaziy Osiyodagi integratsiya jarayonlarini qo‘llab-quvvatlaymiz va uning aynan yagona mintaqa sifatida o‘z manfaatlarini kuchliroq ifoda eta olishidan manfaatdormiz”.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG