Breaking News

Kurd shoiri milliy madaniyat, til uchun kurashmoqda


Kava Nemir
Kava Nemir

Turkiya Respublikasiga 1923-yilda asos solinganidan buyon kurdlar huquqlari cheklanib keladi, vaholanki, ular mamlakatdagi ozchilikdagi elatlar orasida eng ko’p sonlisi. Yillar davomida kurd tili, urf-odatlari va an’analari inkor etildi. Mana 20 yildirki, kurd shoiri o’z ona tili va madaniyatini tiklash uchun kurashib keladi. “Amerika Ovozi” Kava Nemir bilan Turkiyaning kurdlar yashovchi eng yirik shahri Diyorbakirda uchrashdi.

Zal tomoshabinlarga to’la. Sahnada Shekspirning “Romeo va Julyetta” fojeasiga o’xshash kurd asari asosida spektakl qo’yilmoqda.

Uni teatr uchun moslashtirib, postanovkaga prodyuserlik qilgan kurd shoiri Kava Nemir. Yoshligimdagi kechinmalar tilimizni saqlab qolishga bel bog’lashimga sabab bo’ldi, deydi u.

“Maktabga borganimda yangi til, yangi madaniyatga o’rganishga majbur bo’lganman. Bizlarga “siz, kurdlar, hayvondan battarsiz”, deyishardi. “Siz millatmassiz, inson ham emassiz. Sizning ona tilingiz yo’q. Adabiyotingiz yo’q”, deyishgan. Siyosatga aqlim yeta boshlaganida nimadir qilish kerak, deganman”.

O’tgan asrning 80-yillarida Turkiyani generallar boshqargan davrda kurdlar alohida etnik guruh sifatida tan olinmagan, “tog’li turklar” deb atalgan. 90-yillargacha kurd tili taqiqlangan edi. Ammo asta-sekin cheklovlar yumshatildi.

Nemir she’riyatga qiziqdi, tarjimonlik qila boshladi. Bu mening hayotimni saqlab qoldi, deydi. Chunki unga o’xshagan kurdlarning aksariyati faoliyati taqiqlanib, terrorchi tashkilot deb tan olingan Kurdiston ishchilari partiyasiga (PKK) qo’shildi.

“Yaqin do’stlarimdan judo bo’ldim. Hamfikr, bir-birimizga qadrdon edik. Universitetda o’qiganimda yozuvchi bo’lishga qaror qildim va shu bois omon qoldim. Aks holda PKKga qo’shilardim, chunki barcha tengdoshlarim shunday qilgan. Men esa qo’limga qalam olaman, deganman. Chunki til ulkan qudratga ega. Millatni birlashtiruvchi kuch”.

Ammo Nemirning kurd tili va madaniyati uchun kurashi Kurdiston ishchilari partiyasi noroziligiga sabab bo’ldi.

“Ular tilning jamiyatni shakllantiruvchi va birlashtiruvchi kuch ekanini yaxshi tushunishmasdi. PKK yetakchisi, Abdulla O’jalon 1995-yilda “agar inqilob uyushtirsak, yana 50 yil kurdcha emas, turkcha so’zlashimizga to’g’ri keladi”, degan edi. Lekin mana 8-9 yildan beri ular juda faol. Til targ’iboti bilan shug’ullanyapmiz, yoshlarga o’rgatyapmiz,” - deydi Nemir.

Ko’p turklar siyosiy vaziyatni anglab yetgan, madaniy o’zligi kuchaymoqda.

Kava Nemir prodyuserlik qilgan spektakl tomoshabinlarga umid baxsh etadi.

“O’z ona tilimizda bunday spektakl ko’rishni anchadan beri orziqib kutgandik. Bu tarixiy voqea. Go’zal voqea. Shuncha payt inkor etilgan adabiyotimizni endi ko’rishimiz, eshitishimiz mumkin”, - deydi tomoshabinlardan biri.

Kava Nemir kurd tilida yozgan va tarjima qilgan kitoblar soni 90 ga yetdi. U Shekspirning “Gamlet” asarini ham sahnalashtirgan. Teatr Iroq Kurdistonida gastrolda bo’ldi, Yevropada yashovchi kurdlarga ham namoyish qilindi. Ko’p yillik kurashdan keyin mehnatim zoye ketmaganiga amin bo’lyapman, deydi Nemir.

“Universitet talabalari Shekspirning men kurdchaga o’girgan she’rlarini menga aytib berganida o’zimni juda baxtiyor sezganman. Yildan-yilga bunday asarlarga qiziqish va talab oshib bormoqda. Ular bizdan milliy ishonchni tortib olishga urinishdi. Ammo hozir kurdlar o’zining millat ekanida shubhalanmaydi. Biz millatmiz.”

Turkiya hukumati va PKK vaqtincha sulhga erishgan. Turkiyada va butun mintaqada yashovchi kurdlar orasida boshlangan jarayonlarni to’xtatib bo’lmaydi, deydi Kava Nemir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG