Qirg’izistonda qabristonlar diniy e'tiqodga ko’ra bo’linadi


Qirg'izistondagi qabristonlardan biri

Qirg’izistonda qabristonlarni fuqarolarning diniy e’tiqodini nazarga olgan holda bo’lish rejalashtirilmoqda. Rasmiy xabarga ko’ra, bu haqda Din ishlari bo’yicha davlat komissiyasi va Qirg’iziston musulmonlari Diniy idorasi kelishib olgan.

Din ishlari bo’yicha davlat komissiyasi axboroticha, o’zga dinlarni qabul qilgan insonlarni dafn etish masalasi mahalliy aholi orasida bahs-mojarolarga sabab bo’lmoqda. Yaqinda Olabuqa tumanida boshqa e’tiqodni ixtiyor qilgan hamqishloqqa musulmonlar mozorlaridan joy berilmagan. Dafn etishga to’sqinlik qilgan shaxslarning ishi sudda ko’rilgan.

Turli dinlar vakillari hamda dinshunos olimlar bu haqda nima deydi?

Jalolobod shahridagi Injilchi masihiy baptistlar jamoasi 1937-yildan buyon faoliyat yuritib keladi. O’sha paytda unga mahalliy nemis aholisi tomonidan asos solingan bo’lib, hozirda undan har-xil millatga mansub mahalliy aholi vakillari foydalanadi.

Jamoa rahbari Umar Qozixo’jayev fikricha, aytilgan chora-tadbir nozik masalada ziddiyatlarga barham beradi.

“Qirg’iziston aholisining 90 foizi musulmonlardan iborat. Albatta, har bir qishloqda mozorlarni qismlarga bo’lishga hojat yo’q. Ammo turli e’tiqodga mansub fuqarolar istiqomat qilayotgan shaharlar, tuman markazlarida dafn uchun joy ajratilishi maqsadga muvofiq. Talash-tortishishning oldi olinadi”, - deydi ruhoniy.

U o’zga dinga mansub mayyitga go’ristonlardan joy berilmay, jasad nishonsiz qir-adirlarda ko’milgan hollarni eslaydi.

Suhbatdoshning aytishicha, Qirg’izistonda boshqa dinlarga o’tganlar uncha ko’p emas. Umuman olganda, jamiyatda ularga nisbatan sabr-toqatli munosabat mavjud. Ko’pchilik vijdon erkinligi, e’tiqod erkinligi qonun tomonidan kafolatlanganini yaxshi biladi.

“Odamlarning munosabatini qoniqarli, degan bo’lardim. Shaxsan o’zim keyingi yillarda tazyiq, yomon ko’z bilan qarash hollarini sezmayapman. Avvallari bo’lgan edi. Aytish joizki, o’lkada har-xil din vakillari o’zlarini emin-erkin sezmoqda. Ayni paytda atrofdagi insonlarning - masalan, ota-onaning farzand qaroriga nisbatan - o’z o’y-fikrlarini izhor qilishi ham tabiiy hol”, - deydi Umar Qozixo’jayev.

Dinshunos olim, Bishkekdagi “Din, qonun va huquq” nomli tahlil markazi rahbari Qodir Malikovning aytishicha, olg’a surilgan tashabbus shariatga ham, vaziyatga ham muvofiq. Suhbatdoshga ko'ra, musulmonlar azaldan boshqa din vakillari bilan yonma-yon yashab kelgan. Dindan dinga o’tish, oqibatda bir xonadonda har-xil e’tiqodga mansub insonlar bo’lishi ham qadimdan ozmi-ko’pmi o’rin olib kelgan ko’rinish.

Shariat bunday sharoitda kelib chiqishi mumkin bo'lgan ehtimoliy holatlar qay yo’sinda hal etilishini ko’zda tutadi. Aytaylik, vafot etgan boshqa dinga mansub inson o’z qavmi ixtiyoriga topshirilishi lozim, deydi Malikov.

Nega aynan hozirga kelib oxirgi manzil masalasi dolzarb bo’lib qoldi?

Suhbatdoshda ko’ra, o’tgan asrning 90-yillari Qirg’izistonda har-xil dinlar targ’ibotchilari ko’paygan va ularning faoliyati natijasida mahalliy aholi vakillarining ma’lum qismi o’zga dinlarni qabul qila boshlagan edi. Vaqt o’tib, ushbu avlod qariy boshlashi bilan, so’nggi panoh masalasi paydo bo’ldi.

“Qayerda, qanday dafn etish masalasi azador xonadonlar, qarindosh-urug’lar, mahalliy jamoalar va diniy uyushmalar orasida bahs-tortishuvlar, mojarolar chiqarmoqda. Tabiiyki, davlat bosh hakam sifatida masalani yechishi lozim. Aytish joizki, islom dinida turli e’tiqoddagi insonlar dafn etiladigan manzillar bir-biridan yo’lka yoki ariq, tepalik, kattaroq tosh yoda panjara kabi belgi bilan ajratilib turishi kifoya hisoblanadi”, - deydi professor Malikov.

Dinshunos olim fikricha, umuman olganda, Qirg’iziston jamiyatida e’tiqodlar xilma-xilligiga nisbatan sabr-toqatli munosabat mavjud bo’lsa-da, ushbu yo’nalishda doimiy ish olib borish darkor.

“Hamma narsa aholining diniy saviyasi, umumiy madaniyatiga bog’liq. Savod, bilim darajasi qanchalik past bo’lsa, turli xurofotlar, bir qolipdagi tushunchalarning ta’siri shuncha baland bo’ladi, nizolar, ixtilof ehtimoli ko’payadi. Aksincha, ilm-bilimga chanqoq, madaniyatli inson o’zga madaniyatlarni ham o’rganadi, ularga hurmat bilan qaraydi”, - deydi olim.

Suhbatdosh ta’kidlashicha, hozirda dinlararo munosabatlar u yoqda tursin, islom dinining ichida aqidaparastlik, taqlidchilik avj olib, tajovuzkor oqimlar tortishuv va mojarolarni kuchaytirmoqda, musulmon birodarlarga o’z aqidalarini singdirishga urinmoqda va bu hol savodxonlik, ma'rifat masalasi naqadar muhimligini tasdiqlaydi.

XS
SM
MD
LG