Yevropa Ittifoqi Qirg'izistonga millionlab yevro yordam va'da qildi


Qirg'iziston rahbari Almazbek Atambayev Yevropa Komissiyasi raisi Jan Klod Yunker bilan, Bryussel, 16-fevral, 2017

Prezident Almazbek Atambayevning Yevropaga safari Qirg'iziston-G’arb munosabalari ancha quyuq ekanini namoyon etdi. Bryusselda Yevropa Ittifoqi rahbarlari, maqtovlarni ayamagan holda, o’lkaga yirik moddiy ko’mak ajratishini aytdi hamda bu ko'mak ortib borishini ta’kidladi. Siyosiy-iqtisodiy sohada tig’iz hamkorlik va quvvatlov va’da qilindi. Prezident Atambayev hatto mintaqada noyob demokratiya me’mori, deb ataldi.

Myunxenda o'tgan xalqaro anjuman chog’ida Qirg’iziston rahbari Ochiq jamiyat instituti asoschisi Jorj Soros, Germaniya Kansleri Angela Merkel va BMT Bosh kotibi Antonio Guterres bilan uchashdi. Kansler xonim Qirg’izistonning yuksak mukofotlaridan biri – “Qurvonjon dodho” ordeni bilan taqdirlandi.

Bryussel va Myunxendagi sertakalluf muloqotlar Rossiya rahbari Vladimir Putinning Bishkekka safari arafasida o’tgani e’tiborga molik.

Siyosatshunos, Bishkekdagi Diplomatiya akademiyasining dotsenti Japarqul Birimqulovning aytishicha, qirg’iz rasmiylari ko’pdan beri G’arb rahbariyati bilan bu qadar sermahsul va istiqbolli muzokaralar o’tkazmagan.

Atambayev Germaniya rahbari Angela Merkel bilan, Myunxen, 18-fevral, 2017
Atambayev Germaniya rahbari Angela Merkel bilan, Myunxen, 18-fevral, 2017

Mahalliy mulozimlar hisob-kitobiga ko’ra, Yevropa Ittifoqi yetti yil mobaynida ajratadigan 72 million yevro kamida 700 qishloqni toza ichimlik suvi bilan ta’minlash imkonini beradi. Shuningdek, huquq ustivorligi borasida islohotlarni davom ettirish uchun 13 million yevro ajratiladi. Bryussel 2014-2020 yillar mobaynida Qirg’isistonga jami 184 million yevro sarmoya kiritadi.

Shuningdek, Yevropa Komissiyasi Markaziy Osiyoda diniy ekstremizm va terrorizm bilan bog’liq vaziyatni o'rganish uchun maxsus missiya yuborishi mumkin. Bu muammo bilan kurashish maqsadida qo’shimcha mablag’ ajratilishi kutilmoqda.

Birimqulovning fikricha, Qirg’izistonga nisbatan bunday olqish-e’tibor ortida nafaqat o’lkaning demokratiya sohasidagi yutuqlarini tan olish niyati, balki G’arbning o’z manfaatlari yotgan ko’rinadi.

“Ortiqcha maqtovlar meni biroz o’ylantirb qo’yayapti. Maqsad Rossiya bilan hamkorlikning ayrim jabhalaridan ko’ngli to’lmayotgan Qirg’izistonni Moskvadan yzoqlashtirish emasmikin. Mana, sizga kerak narsani biz beramiz, deganday bo’linmayaptimi"? - deydi suhbatdosh.

U o’z vaqtida G’arbda Mixail Gorbachyov sha’niga yangragan olqishlar va keyingi oqibatlarga ishora qiladi.

Atambayev Yevropa Ittifoqi Kengashi rahbari Donald Tusk bilan, Bryssel, 16-fevral, 2017
Atambayev Yevropa Ittifoqi Kengashi rahbari Donald Tusk bilan, Bryssel, 16-fevral, 2017

Ajratilayotgan moliyaviy ko’mak naqadar samara beradi va qanday sarflanadi?

Yaqinda Osiyo Taraqqiyot Banki aynan suv xo’jaligi uchun mablag’ berishni to’xtatgan. Bunga sarmoyaning to’g’ri ishlatilmagani sabab bo’lgan. Qolaversa, Bishkek anchadan beri Rossiya va Qirg’iziston o’zaro jamg’armasi uchun yo’naltirilgan yarim milliard dollarni qanday o’zlashtirish ustida bosh qotirmoqda.

“Ajratilayotgan pullar tushadigan idoralarda o’sha-o’sha amaldorlar qolayotganini nazarda tutsak, mablag’ning ma’lum qismi odatdagiday kimlarningdir hamyonini boyitishi ehtimoli katta. Ustiga-ustak, bunday qing’ir ishlar uchun jiddiy jazo berilmaydi. Hamma umid davlat idoralariga yangi, toza insonlar kelishida”, - deydi Birimqulov.

Nufuzli xalqaro tashkilotlar shu paytgacha Markaziy Osiyo o’lkalarini yaqinlashtirish, ularning hamkorligini kuchaytirish masalasida biron jiddiy amaliy ishga qo’l urmadi. Yevropa Ittifoqi bu o’rinda nima qilishi mumkin, qanday imkoniyatlarga ega?

“Yevropa mintaqa mamlakatlari munosabatlarining og’riqli nuqtalarini yaxshi his qilib, bu nuqtalarni bartaraf etishda ko’maklashsa go’zal bo’lardi. Masalan, yirik suv-energetika inshootlari barpo etish atrofidagi bahslarni olaylik”, - deydi suhbatdosh.

Atambayev Yevropa Ittifoqi bosh diplomati Federika Mogerini bilan, Bryussel, 16-fevral, 2017
Atambayev Yevropa Ittifoqi bosh diplomati Federika Mogerini bilan, Bryussel, 16-fevral, 2017

Tahlilchilar Qirg’iziston diplomatiyasining ko’p yo’nalishli tashqi siyosatda mahorati ortib borayotganini ta’kidlaydi. Aytish joizki, Bishkek turli davlatlar va tashkilotlar bilan aloqalardan milliy manfaatlar uchun katta foyda chiqarayotgan poytaxtlardan biri bo’lib qolmoqda.

Ayni paytda mintaqadagi yaqin qo’shni o’lkalar bilan aloqalar olis xorij bilan munosabatlarday tekis emas. Bu yo’nalishda tomonlar faolligi, samarador harakatlar va amaliy natijalar uncha ko’zga tashlanmaydi. Nega bunday?

“Kelajakda hamma narsa izga tushadi. Shu paytgacha mintaqa respublikalari rahbarlarining o’zaro ambisiyalari halaqit berib kelgandi. Qolaversa, qo’shni davlatlar o’rtasida raqobat, menga yaxshi bo’lsa bo’ldi, degan hissiyot o’z ta’sirini ko’rsatadi. Yana bir tomoni – Qirg’izistonda ro’y bergan ikki revolyutsiya qo’shni o’lkalarda to’ntarish sifatida qabul qilingan va chochitib qo’ygandi. O’zbekistonda rahbariyat o’zgarishi bilan umidli jarayonlar sezila boshladi”, - deydi Bishkekdagi Diplomatiya akademiyasining dosenti Japarqul Birimqulov.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG