Breaking News

Bishkek tashqi siyosati va Rossiya ta’siri haqida tahlilchilar fikri


Prezidentlar Almazbek Atambayev, Vladimir Putin Bishkek yaqinidagi Oq Soy qarorgohida. 28-may, 2013-yil.
Prezidentlar Almazbek Atambayev, Vladimir Putin Bishkek yaqinidagi Oq Soy qarorgohida. 28-may, 2013-yil.
Qirg'iziston, Boj Ittifoqi va Rossiya ta'siri - Muhiddin Zarif
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:04 0:00
Yuklab oling

Rasmiy Bishkekka ko’ra, Qirg’iziston yangi yilda Boj Ittifoqiga qo’shilishi mumkin. Lekin ayni paytda mahalliy matbuotda Qirg’izistonning Rossiya ta’sir doirasiga kirib qolishidan tashvish bildirgan maqolalar nashr etilmoqda. Ushbu xavotirlar naqadar o’rinli?

Mahalliy tahlilchilarning aytishicha, o’z o’rni va imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda Qirg’iziston mustaqillikning dastlabki yillaridan ko’p yo’nalishli tashqi siyosat yurgizib kelgan. Bu uchun ayniqsa G’arb olqishiga sazovor bo’lgan. Lekin vaqt o’tishi bilan asosiy hamkorlarni tanlash zarurati tug’ilgan.

Bishkeklik siyosatshunos, sobiq diplomat Japar Birimkulov iborasicha, rasmiy Bishkek bir vaqtning o’zida ikki kursida o’tirib bo’lmasligini tushungan. Oxir-oqibat amaldagi rahbariyat Rossiya yo’nalishini tanladi.

Suhbatdosh fikricha, AQShdan Qirg’iziston iqtisodini ko’tarish yo’lida jiddiy yordam kutib bo’lmaydi. Xitoy boshqa gap. Bu qo’shni o’lka Qirg’iziston ekonomikasiga Rossiyadan ko’ra ko’proq sarmoya kiritdi va hozirda jiddiy iqtisodiy ta’sirga ega. Rossiya esa faqat oxirgi yillarda faollashdi, katta qo’shma loyihalar orqali o’z manfaatlari doirasini saqlab qolishga urinayotir.

O’shlik qalamkash va tahlilchi Ahmadjon Mahamadjonov deydiki, integrasiya bu hayot talabi va Qirg’izistonning Rossiya bilan bo’lishi tarixiy, iqtisodiy-madaniy hamda boshqa omillar bilan izohlanadi.

"Qolaversa, aynan Rossiya sharofati bilan Markaziy Osiyo mamlakatlari tarixiy jarayonni boshdan kechirdi va mustaqil davlatchilikka etishdi”, - deydi qalamkash.

Rossiya ittifoqdoshlarini jon-jahdi bilan o’z yaqinida ushlab turishga urinadi, bu o’rinda ular Ukraina taqdiridan holi emas, degan tashvishlarni sharhlar ekan, bishkeklik siyosatshunos, sobiq diplomat Japar Birimkulov bunday deydi:

“Yo’q, menimcha, Qirg’iziston Rossiya uchun, aytaylik, Qozog’istonchalik katta ahamiyat kasb etmaydi. Qachondir Moskva mehnat muhojirlari hamda rus fuqaroligini olgan ko’plab vatandoshlarimiz masalasidan foydalanishi ehtimoli yo’q emas, ammo men bunga ham uncha ishonmayman”.

Ahmadjon Mahamadjonov Rossiyaning Qirg’izistonda yirik iqtisodiy loyihalarda ishtirok etishi mamlakat mustaqilligiga putur yetkazadi, degan fikrlarga qo’shilmaydi. Uningcha, mamlakat manfaatlarini izchil himoya qilishga o’rganish lozim, xolos.

“Qirg’izistonda sarmoyalarni istiqbol uchun ishlatishning samarali mexanizmi, yo’l-yo’rig’i yo’q, yeb-ichishgagina yordam olish durust emas”, - deydi Mahamadjonov, o’lkaning xorij ko’magiga suyanib qolgani borasida mulohaza yuritar ekan.

Qirg’iziston Rossiya uchun, aytaylik, Qozog’istonchalik katta ahamiyat kasb etmaydi. Qachondir Moskva mehnat muhojirlari hamda rus fuqaroligini olgan ko’plab vatandoshlarimiz masalasidan foydalanishi ehtimoli yo’q emas...

Bishkeklik siyosatshunos Japar Birimkulov ham hamkorlik va integrasiya jarayonida mamlakat manfaatlarini dadil, mohirona himoya qilish lozimligini ta’kidlaydi. Namuna sifatida u Bishkek davomli muzokaralar natijasida Boj Ittifoqiga kirish uchun yirik moddiy ko’mak olishga erishganini keltiradi. Ayni paytda integrasiya jarayonida mustaqillikning qay bir qismiga putur yetishini ham tushunamiz, deydi siyosatshunos Birimkulov.

Aytish joiz, aksar kuzatuvchilar rasmiy Bishkek tashqi siyosati anchagina ustomonligini tan oladi. Suhbatdoshlarga binoan, Qirg’iziston tashqi siyosatda o’z qiyofasini saqlashga harakat qiladi va har doim ham Moskvani qo’llab-quvvatlayvermaydi. Aytaylik, sezilarli bosimga qaramay, Bishkek Abxaziya va Janubiy Osetiyani mustaqil davlat sifatida tan olishda shoshilmayotir. Ukraina masalasida ham ehtiyotkorlik namoyon etmoqda.

“Shunday bo’lsa-da tashqi siyosatimizga hamon aniq-ravshanlik, izchillik yetishmaydi, u amorfligicha qolayotir”, - deydi Birimkulov.

XS
SM
MD
LG