Qirg’izistonda prezidentlikka nomzodlarni qayd qilish jarayoni yakunlandi. 10-sentabr kunidan rasman saylovoldi tashviqoti boshlandi. Markaziy saylov komissiyasining axboroticha, oliy lavozim uchun 13 nafar da'vogar kurash olib boradi.

O’lkada prezident saylovlari joriy yilning 15-oktabriga belgilangan bo’lib, siyosiy partiyalar hamda yakka fuqarolarning o’zlari tarafidan 59 nomzod ko’rsatilgan edi. 37 ariza ko’rib chiqilib, rad etilgan. 9 da'vogar o’z arizasini qaytarib olgan.

O'shlik qalamkash, tahlilchi Ahmadjon Mahamadjonovni suhbatga chorlab, prezident saylovlarining hal qiluchi bosqichi borasida fikr-mulohazalar bilan qiziqdik.

“Ko’chilik tahlilchilar uch sobiq bosh vazir - So’o’ro’nbay Jeenbekov, O’murbek Babanov hamda Temir Sariyevlarni prezidentlikka asosiy da'vogar sifatida ko’rmoqda. Qamchibek Tashiyev, Adahan Madumarov, Bakit To’ro’bayevlar ham ancha salmoqqa ega nomzodlar”, - deydi suhbatdosh.

Tahlilchi nazarida asosiy da'vogarlardan har birining saylovoldi dasturi qisqa, lo’nda, real rejalargarga asoslangan. Har dasturning o’ziga xos ustivor yo’nalishlari bor.

“Aytaylik, So’o’ro’nbay Jeenbekov mamlakat jipsligi, xalq, jamiyat birdamligi go’yalarini olg’a surmoqda. Bu juda muhim narsa. O’murbek Babanov o’lkaning turmush darajasini ikki baravar ko’tarish imkoni mavjudligini ta’kidlaydi. U Qirg’izistonni jadal rivojlanayotgan o’n mamlakat sarasiga kiritishni maqsad qilmoqda. Temir Sariyev ko’plab yangi korxonalar ochish orqali aholini ish bilan ta’minlash niyatida. Bu rejalarning barchasi saylovchilarga manzur, albatta”, - deydi Mahamadjonov.

Mamlakat ko'chalari So’o’ro’nbay Jeenbekovning suratlariga to'la
Mamlakat ko'chalari So’o’ro’nbay Jeenbekovning suratlariga to'la

Mahalliy kuzatuvchilarga ko’ra, keyingi paytlarda Qirg’iziston - O’zbekiston munosabatlarining keskin iliqlashuvi, chegaraning kengroq ochilishi amaldagi hokimiyatning nomzodi foydasiga ishlamoqda.

O’zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev Bishkekdagi muloqot chog’ida Toshkent Bishkekning siyosatidagi davomiylikdan manfaatdorligini urg’ulab, mahalliy aholi va ayrim tahlilchilar tarafidan o’ziga xos ishora sifatida talqin qilinyapti.

Uningsiz ham odatda o’zbek ahlining bosimli qismi turli saylovlarda hokimiyat nomzodlariga ovoz berib kelgani sir emas. Bu safar ham, joylardan xabarlarga binoan, ko’p hollarda o’zbek faollari da'vogarlardan biri uchun tashviqot olib bormoqda.

Ahmadjon Mahamadjonov siyosiy tadbirlarga, qay yo’sinda va qay guruh tarafidan bo’lmasin, milliy tus berish odobsizlik, deb hisoblaydi.

“O’lkamizda mana necha yildirki tinchlik, osoyishtalik hukm surayapti. Albatta, bunda amaldagi hokimiyatning ro’li beqiyos. Buni inkor qilib bo’lmaydi. O’zbekiston bilan aloqalarning tiklanishida ham hukumatning hissasi katta. Ayni paytda boshqa hukumat kelgan taqdirda Qirg’izistonning siyosatida davomiylik bo’lmaydi, deyish to’g’ri emas”, - deydi suhbatdosh.

Uningcha, barcha nomzodlar aholining turli qatlamlarining ovozini olish payida bo’ladi.

“Gap o’sha harakatlar qay darajada qonun doirasida, qay darajada asosli va hech kimga malol kelmasligida”, - deydi qalamkash.

U har bir saylovchining o’z huquqi, maqsadi, orzu-umidi borligi va ushbu qadriyatlarga hurmat bajo keltirish lozimligini ta’kidlaydi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG