Breaking News

Qirg'iziston janubida yangi telekanal ish boshladi


"Nur" telekanali matbuot markazi
"Nur" telekanali matbuot markazi

Qirg’izistonning O’sh shahrida ochilgan “Nur” teleradiokompaniyasi qirg’iz, rus hamda o’zbek tillarida ko’rsatuvlar olib boradi. Yangi telekanal xolislikni bosh mezon qilgan holda o’lkaning madaniy, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy hayotini keng yoritishni, xalqlar do’stligini targ’ib etishni maqsad qilgani aytilmoqda. Taqdimot paytida ushbu axborot vositasining ta’sischilari siyosatdan olis insonlar ekani urg’ulandi.

“Nur” Janubiy Qirg’izistonda ikkinchi ko’p tilli telekanal hisoblanadi. Besh yil muqaddam xalqaro tashkilotlar hamda qirg’iz hukumati o’rtasidagi shartnoma asosida tashkil qilingan “Intimoq” telekompaniyasi ham qirg’iz, rus hamda o’zbek tillarida faoliyat olib boradi.

2010-yili ro’y bergan millatlararo to’qnashuvlar ortidan Qirg’izistonda o’zbekzabon telekompaniyalar yopilib qolgan edi. Hozirda mazkur tildagi axborot maydoni qayta tiklana boshlagani ko’zga tashlanadi.

Mahalliy aholi va mutaxassislar yangi axborot manbasini umid bilan qarshi oldi.

Uch oy muqaddam ish boshlagan “Nur” teleradiokompaniyasi shu paytgacha kinotasmalar namoyishi bilan cheklanib kelgan edi. Bosh produser Mira Cho’lpo’nqulovaning aytishicha, endi ko’p millatli aholi ehtiyojini nazarda tutgan yangiliklar dasturi chiqa boshladi. Tahliliy janrlar va tok-shou ko’rsatuvlar ustida ish ketayapti.

Kuni-kecha telekanalning axborot markazi ochildi, “Nur”ning sayti ham uch tilda bo’ladi.

Media bo'yicha ekspert Jildiz Bekbo’yeva ijodiy jamoaning turli aholi qatlamlariga ona tilida axborot yetkazib berish maqsadini olqishlaydi.

“Jamoa rahbarlari biz odamlarga o’z tillarida ma’lumot bermasak, ular boshqa manbalarni afzal ko’ra boshlaydi, deya haq gapni aytishdi”, - deydi u.

Mahalliy qalam ahlining aytishicha, “Intimoq” telekompaniyasiga moliyaviy ko’mak ko’rsatib kelgan Internews “Nur” telekanalining ham oyoqqa turib olishiga hissa qo’shish niyatini bildirgan.

Jildiz Bekbo’yevaga ko'ra, ayniqsa, joylardagi axborot vositalari moddiy-texnik va uslubiy yordamga muhtoj.

Taqdimot paytida telekanal ta’sischilari haqida savolga aniq javob berilmadi. Ular siyosatdan hamda hokimiyat tizimlaridan oils insonlar ekani ma’lum qilingan bo’lsa-da, kuzatuvchilar loyihaga taniqli qirg’iz jamoat arbobi aloqadorligini aytishmoqda.

Mutaxassislar fikricha, kim bo’lsa ham, ta’sischilar tahririyat ishlariga aralashmasa bas.

“Ma’lumki, Qirg’izistonda aksar xususiy axborot vositalari puldor siyosatchilar mulki hisoblanib, ularning xohish-irodasiga xizmat qiladi. “Nur” telekanali bundan istisno bo’lishini istardim”, - deydi ekspert Jildiz Bekbo’yeva.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG