Qirg'izistonda xalqaro temir yo’l qurilishi muhokama qilinmoqda


Qirg’iziston parlamentida “Ota makon” fraksiyasining so'nggi yig’ilishlaridan biri "Xitoy - Qirg’iziston - O’zbekiston" temir yo’li loyihasiga bag’ishlandi. Transport vaziri Jamshidbek Qalilovga ko'ra, ushbu inshoot yiliga 12 million tonna yuk o’tkazib, Qirg’izistonga 500 million AQSh dollariga teng daromad keltiradi.

Qirg’iziston tarafi hisob-kitobiga ko’ra, temir yo’l qurilishiga 5 milliard dollar kerak bo’ladi va u sakkiz yilda ishga tushiriladi.

Aytish joizki, uch mamlakatni temir yo’l bilan tutashtirish borasida muzokaralar yigirma yil muqaddam boshlangan bo’lib, y Qirg’iziston hududini qay yo’nalishda kesib o’tishi asosiy masala bo’lib qolmoqda.

Zikr qilingan loyiha mintaqaga qanday naf keltiradi? Qanday muammo va xavotirlar mavjud?

"Amerika ovozi" Bishkekdagi Diplomatiya akademiyasining dotsenti Japarqul Birimqulovni shu mavzuda muloqotga chorladi. Suhbatdosh o’z paytida aytilgan loyiha bo’yicha ilk muzokaralarda ishtirok etgan.

Japarqul Birimqulovning aytishicha, Toshkent Xitoyga Janubiy Qirg’iziston orqali taxminan yuz chaqirimli qisqa yo’l solish tarafdori bo’lib kelgan. Qirg’iziston idoralari nazarida esa, 433 kilometrli shimoliy yo’nalish mamlakat manfaatlarini to’laqonli qamraydi.

“Birinchidan, bu holda Qirg’izistonning tog’ tizmalari ajratib turgan shimoliy va janubiy hududlari ishonchli yo’l tizimi bilan bog’lanadi. Ayni paytda temir yo’lga yaqin joylashgan ko’plab konlarni o’zlashtirish imkoni tug’iladi, minglab ish o’rinlari paydo bo’ladi”, - deydi suhbatdosh.

Aytilgan hududda 23 foydali qazilmalar manbalari borligi ma’lum.

Kelajakda ushbu yo’l qit’aviy temir yo’l tizimining bir qismiga aylanib, Turkmaniston orqali Fors ko’rfaziga, Xitoy orqali esa Hindistonga olib borishi barcha Markaziy Osiyo o’lkalari manfaatlariga javob beradi, deydi Japarqul Birimqulov.

Aytaylik, O’zbekiston yirik dengiz bandargohlariga qisqa yo’l bilan chiqa oladi va savdo-sotiq, iqtisodiy aloqalarni kengaytirish imkoniga ega bo’ladi.

Taraqqiy etgan transport tizimi turizm rivojida turtki bo’lishi ham turgan gap.

Aytish joizki, O’zbekiston va Xitoy ancha rivojlangan temir yo’l tarmog’iga ega bo’lib, yo’nalishning ushbu mamlakatlar hududidagi qismlari deyarli tayyor holda. O’tgan yili “Qamchiq” dovonida ikki o’lka hamkorligida 19 chaqirimli tunnel qurilishi yakuniga yetkazilgan.

Qirg’iziston tarafida esa hozircha jiddiy siljish sezilmaydi. Keyingi yillarda qolgan ikki tomonning ham shashti pasayganday tuyuladi.

“Asosiy muammo - mablag’ masalasi. Xalqaro moliya tashkilotlari qarz bergan taqdirda ham, Qirg’iziston bunday katta xarajatni ko’tara olmaydi. Demak, tog’ konlarimizni o’zlashtirishga qo’shni Xitoy kompaniyalarini jalb qilish evaziga mablag’ topish usuli qolmoqda. Ammo jamiyatda bu qadamga qarshi kayfiyatlar mavjud. Aslida hozirda uningsiz ham Xitoy kon sanoati Qirg’iziston qazilmalaridan faol foydalanmoqda”, - deydi suhbatdosh.

Ayrim mahalliy kuzatuvchilar temir yo’l qurilishi ortidan Xitoyning iqtisodiy ekspansiyasi kuchayishi mumkinligidan xavotirda.

Janob Birimqulov fikricha, Xitoy banklari kreditlari hisobiga Qirg’izistonda olib borilgan yirik qurilishlarga, odatda, aynan Xitoy ishchi va mutaxassislari jalb qilinib, bu ushbu o’lkalik muhojirlar ko’payishiga olib kelgan. Suhbatdosh nazarida temir yo’l qurilishi, uning atrofidagi konlarni o’zlashtirish natijasida bu jarayon yanada tezlashishi mumkin.

Suhbatdosh fikricha, mintaqani Xitoy bilan bog’lovchi Qozog'iston yo’nalishi, amaldagi Xitoy - Qozog’iston - Turkmaniston - Eron temir yo’li, Xitoy - Qirg’iziston - Tojikiston - Afg’oniston - Eron loyihasi mavjudligini ham inobatga olish kerak.

Ne bo’lsa-da, Markaziy Osiyo mamlakatlari hamda ulkan Xitoyning o’zaro tortishish kuchi oshib borib, global iqtisodiy-siyosiy manfaatlar ertami-kech Xitoy - Qirg’iziston - O’zbekiston temir yo’lining ham voqelikka aylanishiga asos so’ladi, deb hisoblaydi Bishkekdagi Diplomatiya akademiyasi dotsenti Japarqul Birimqulov.

XS
SM
MD
LG