Breaking News

Qirg’iziston matbuoti: askarlar Suriyaga yuboriladimi?


Qirg'iziston Prezidenti Almazbek Atambayev
Qirg'iziston Prezidenti Almazbek Atambayev

Rossiyaga davlat safarini Qozon shahrida yakunlar ekan, Qirg’iziston Prezidenti Almazbek Atambayev qirg’iz harbiylarining Suriyaga yuborilishi haqida matbuotda tarqagan xabarlardan hayratga tushganini aytdi. Unga ko'ra, rus rasmiylari bilan uchrashuvlar paytida bu borada biror so’z bo’lgani yo’q.

Avvalroq Turkiya prezidentining vakili Ibrohim Qalin Moskva Qirg’iziston va Qozog’iston bilan ushbu o’lkalar harbiylarini Suriyaning bir necha hududida sulh tartibini nazorat qilishga jalb etish xususida muzokara olib borayotganini ovoza qilgan edi. Keyinroq bu ma’lumotni Rossiya Davlat dumasining Mudofaa masalalari bo’yicha qomitasi boshlig’i Vladimir Shamanov tasdiqladi.

Ushbu xabarlar Qirg’iziston matbuotida qizg’in munozaralarga sabab bo’ldi.

“Amerika ovozi” mahalliy ahborot vositalarida yangragan fikr-mulohazalar bilan qiziqdi.

Yaqinda Ostonada bo’lib o’tgan muzokaralar davomida Rossiya, Turkiya va Eron Suriyada to’rtta deeskalatsiya hududini tashkil etishga qaror qilgan. Shundan so'ng xorij matbuoti Qozog’iston va Qirg’iziston harbiylari mazkur hududlarda sulh tartibini nazorat qilishga jalb etilishi mumkin, degan xabar tarqatdi.

“Zanoza.kg” axborot agentligiga ko’ra, Qirg’iziston Qurolli Kuchlarining Bosh shtabi harbiylarni Suriyaga yuborish masalasidan bexabar. Ushbu idoraning matbuot xizmati bu kabi masalalar davlat rahbarlari tomonidan yechilishini, agar tegishli buyruq bo’lsa, qo’shimcha xabar berilishini aytgan.

"24.kg" axborot agentligi Qirg’iziston parlamentining Xalqaro munosabatlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari bo’yicha qomitasi raisi Qanibek Imanaliyev bilan suhbat qurdi. Rasmiyning aytishicha, mamlakat harbiy doktrinasi antiterror amaliyotlarda ishtirok etish majburiyatini ko’zda tutadi. Ayni paytda, Bishkek Kollektiv Xavfsizlik bo’yicha Shartnoma tashkiloti doirasida, xalqaro majburiyatlarni hisobga olgan holda, mustaqil qaror qabul qilish huquqiga ega.

“Agar mamlakat rahbariyati lozim topsa, u holda masala parlamentga qo’yiladi va deputatlarning kamida uchdan ikki qismining ovoziga ega bo’lsa, tasdiqdan o’tadi”, - deydi parlament qo’mitasi raisi.

Uningcha, agar parlamentga tegishli taklif tushsa va gap tinchlik o’rnatish va nazorat qilish borasida ketayotgan bo’lsa, unda ko’pchilik qo’llashi mumkin.

“Bu bizning milliy manfaatlarimizga javob beradi”, deydi Imanaliyev, Moskva Qirg’izistonning strategik hamkori ekani va ayni paytda o’lka Kollektiv Xavfsizlik bo’yicha shartnoma tashkilotiga a’zoligini eslatar ekan.

Bishkekdagi "Akipress" axborot agentligi ham deputatlar orasida qisqa so’rov o’tkazgan. “Qirg’iziston” fraksiyasining yetakchisi Almazbek Batirbekovning aytishicha, oldindan bir narsani bashorat qilish qiyin.

“Hozircha bunday masala ko’tarilgani yo’q. Ko’tarilgan taqdirda, harbiylar uchun yaratilajak shart-sharoit, jumladan, yaxshi to’lov va sug’urtani nazarda tutish kerak bo’ladiki, kimdir o’z ixtiyori bilan safga turishi qiyin”, - deydi arbob.

Qirg’iziston parlamenti raisining o’rinbosari Altinay O’murbekova harbiylarning jo'natilishi fikriga qarshi.

“Bilmadim, ushbu ma’lumotlar qanchalik haqiqatga yaqin. Lekin men harbiy ziddiyatlarga aralashmaslik tarafdoriman”, - deya ta’kidlaydi deputat xonim "Akipress" agentligi muxbiri bilan suhbatda.

“Agarda Suriya prezidenti, hukumati yoki parlamenti bevosita bizga murojaat etsa, masalani ko’rib chiqishimiz mumkin. Harbiylarni tinchlik o’rnatish maqsadida yo’llash - bu BMTning vazifasi. Lekin Rossiya orqali Suriyaning ishlariga aralashishga men qat’iy qarshiman”, - deydi parlamentning Xalqaro munosabatlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari bo’yicha qo’mitasining a’zosi Bahodir Sulaymanov.

Matbuot chiqishlaridan xulosa shuki, rasmiylar qay bir sharoitda qirg’iz harbiylari Suriyada tinchlik o’rnatish ishlarida ishtirok etishi ehtimolini inkor etmaydi.

Prezident Atambayev ham Rossiya rahbariyati bilan bu masala muhokama qilinmaganini ta’kidlar ekan, qachonlardir zaruriyat tug’ilsa, ayrim harbiylar o’z ixtiyori bilan yollanib, pul ishlab olishi, tajriba orttirishi mumkinligini aytdi. Ayni paytda prezident bu narsa uning rahbarligi davrida yuz bermasligiga ishonch bildirdi.

Bishkeklik siyosatshunos Japarqul Birimqulov ko’p yillar diplomatiya sohasida faoliyat yuritgan. Matbuotdagi shov-shuvni u sinov tariqasida tashlangan ahborot mahsuli, deb hisoblaydi. Uningcha, maqsad - Qozog’iston va Qirg’izistondagi tegishli doiralar hamda jamoatchilik munosabatini aniqlash bo’lsa kerak.

Pul ishlab qolish, tajriba orttirish mumkinligi borasida mulohazalarni Japarqul Birimqulov jiddiy asos, deb hisoblamaydi. Uningcha, tinchlik maqsadida yuborilgan harbiy guruhlarga nisbatan hujum yoki nayranglar ortidan betaraf tomonlar ham mojarolarga aralashib qolishi ehtimoli yo’q emas.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG