Breaking News

Qirg’izistonda qiynoqlar jiddiy muammo, hukumat nima chora ko’rayapti?


Qirg'iziston qamoqxonalaridagi qiynoqlar - Kyrgyzstan Torture
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:42 0:00

Qirg'iziston qamoqxonalaridagi qiynoqlar - Kyrgyzstan Torture

Xalqaro va mahalliy nohukumat tashkilotlari xulosasiga ko’ra, Qirg’iziston hibsxonalari va tergov izolyatorlarida qiynoqlar azaliy muammo va bu tizimni butkul isloh qilish vaqti yetgan.
Qirg’izistonda qiynoqlar jiddiy muammo, hukumat qanday chora ko’rayapti?/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:35 0:00
Yuklab oling

BMT tekshiruvi ham mahbuslarni qiynash keng tarqalgani va turmalardagi sharoit eng oddiy talablarga javob bermasligini ko’rsatgan.

Qiynoqlar sistematik ravishda qo’llanadigan mamlakat deb odatda O’zbekiston tilga olinadi, ammo qo’shni Qirg’izistonda ham ahvol ayanchli. Koloniyalarda shart-sharoitni yaxshilash talabi bilan mahbuslarning isyon ko’tarishi ko’p marta qayd etilgan.

Haqiqat shuki, jinoyatda gumon qilingan shaxsni azoblab ko’rsatma olish va aybiga iqror qilish militsiya xodimlari uchun bosh usulga aylangan, deya qayd etadi huquq himoyachilari.

Qirg’izistondagi “Erkinlik Ovozi” (Golos Svobody) nohukumat tashkiloti ijroiya direktori Sardor Bagishbekov bu boradagi vaziyat bilan yaqindan tanish. Kasbi advokat. Qiynoq qo’llangani haqida shikoyat tushgan joylarni borib tekshiradi, hibsxonalardagi muhitni kuzatib boradi.

Ayni paytda Qirg’izistonda 20 dan ziyod tashkilot monitoring huquqiga ega. Qiynoq holatlarining taxminan 87 foizi militsiya xonalarida ro’y berishi aniqlangan.

“Eng keng tarqalgan azob berish usullari juda oddiy, hech qanday asbob-jihoz talab qilinmaydi”, - deydi Bagishbekov. Qo’rqitish, kaltaklash, boshga selofan xalta kiydirish, jinsiy tajovuz, hojatdan mahrum etish va hokazo.

Huquq-tartibot tizimida tahqir-qistovlar ishga solinishining sabablari turlicha. Ko’rsatma berishga majburlash, ishni tezroq sudga oshirishdan tortib ayblanuvchidan pul undirishgacha. Bu, ayniqsa, 2010-yilgi O’sh voqealari ketidan yaqqol ko’zga tashlangan edi.

“Qirg’izistonda qiynoqlar muntazam tus olgani qonunchilik tizimidagi nuqsonlar, huquq-tartibot sistemasida chuqur ildiz otgan poraxo’rlik, tamagirlik, militsiya xodimlarining professional tayyorgarligi, Ichki ishlar vazirligi, prokuratura va adliya organlarining faoliyati bilan bog’liq”, - deydi Sardor Bagishbekov.

Mamlakat demokratik taraqqiyot yo’lidan borayotgani va inson huquqlarini e’zozlashi haqidagi ijobiy bayonotlar alohida rasmiylarning shaxsiy tashabbusi bilan yangraydi, ammo amalda aniq strategiya belgilanmagan.

Yana bir muhim omil, afsuski, jamoatchilik bu illatga panja orasidan qaraydi.

Qirg’iziston o’quv yurtlari va maktablarida talabalar bilan suhbat qilganimizda, yosh faollar bilan uchrashganimizda “qadamini bilib bosgan, to’g’ri yo’ldan yurgan odam militsiya qo’liga tushmaydi”, degan gapni ko’p eshitamiz, deydi Bagishbekov.

Ya’ni jamiyatda yomon odam o’zi shunday munosabatga loyiq, huquq-tartibot xodimlari o’z ishini bajaryapti xolos, degan qarash mavjud. Aslida, bu tizimdagi nuqsonlardan, hukumat qiynoq va zo’ravonlikka ijozat berib qo’yganidan dalolat.

Shu o’rinda, Rossiyaning madaniy ta’sirini ham tilga olmasdan iloj yo’q, deydi Bagishbekov. Rus filmlarida militsiyani qahramonga chiqarish, jinoyatchilarga nisbatan qiynoq qo’llashni normal hol deb ko’rsatishga moyillik bor.

Xo’sh, qiynoqlar muammosini bartaraf etish uchun nima ishlar qilinmoqda?

Mamlakat rahbariyati muammoni tan olib, uni hal qilishda fuqaro jamiyatini jalb qilayotgani va mustaqil ekspertlardan maslahat olayotgani ijobiy yangilik. Prokuratura, prezident apparati, xalqaro va mahalliy nohukumat tashkilotlari o’rtasida hamkorlik yo’lga qo’yilgan. BMTning qiynoqlar bo’yicha maxsus vakili Xuan Mendezning tavsiyalari qabul qilingan.

“Bu harakatlar asosan poytaxt Bishkek va uning atrofida ko’proq seziladi, ammo chekka shaharlarda o’zgarish juda sust”, - deydi “Erkinlik Ovozi” tashkiloti direktori.

Masalan, raqamlaraga qaraydigan bo’lsak, qiynoq haqidagi shikoyatlarning ko’pi aynan aholi zichroq joylashgan Bishkek va qo’shni rayonlardan tushadi, lekin qiynoqlar sistematik ravishda qo’llanadigan joylar bu O’sh va Jalol-Obod.

Qirg’iziston yaqin orada qiynoqlarni bartaraf etish bo’yicha milliy markaz ochishni rejalagan. Uning koordinatsion kengashi 11 a’zodan iborat bo’ladi, shulardan sakkiz nafari fuqaro jamiyati vakillari.
XS
SM
MD
LG