Atambayev ikki kunlik tashrif bilan O'zbekistonga safar qilmoqda


Chegara ochilar ekan, Qirg'iziston va O'zbekiston ahli birdek xursand

Qirg’iziston Prezidenti Almazbek Atambaev davlat tashrifi bilan O’zbekistonga safar qilmoqda. Bu Qirg'izistondagi mahalliy o'zbeklar uchun muhim voqea, deydi mahalliy kuzatuvchilar. Ikki kunlik muloqot davomida o’zaro munosabatlarning turli yo’nalishlari bo’yicha yangi hujjatlar imzolanishi kutilmoqda.

6-7-oktabr kunlari esa Qirg’izistonda O’zbekiston madaniyati kunlari bo'lib o’tadi. Tadbir doirasida Madaniyat vazirligida uchrashuv, Bishkek hamda O’sh shaharlarida o’zbek filmi namoyishi va san’at ustalarining chiqishlari rejalashtirilgan.

Qirg’izistonda O’zbekiston madaniyati va san’ati bayrami oxirgi bor salkam yigirma yil muqaddam o’tkazilgan edi.

Qo’shni o’lkada rahbariyat almashishi ortidan birinchi galda madaniyat sohasidagi aloqalar tiklana boshladi. Mahalliy mutaxassislar ushbu yo’nalishda hamkorlik yanada kengayishiga umid bog’lamoqda.

Atambayevning O'zbekistonga tashrifi munosabati bilan Qirg’izistonda xizmat ko’rsatgan madaniyat arbobi, taniqli adiba va noshir Salima Sharipova bilan suhbatda bo’ldik.

“Men birlashishni, avvalgi munosabatlar qayta shakllanishini kutaman. Madaniyat, san’at asli to’siq bilmaydigan qadriyatlar. O’ylaymanki, endi, jumladan, tarjima ishlari yo’lga qo’yiladi, asarlarimiz ikki o’lkada tarqaladi. Bir-birimizdan o’rganadigan ko’p narsalar bor”, - deydi Salima xonim.

Davomli tanaffusdan so’ng bir necha oy muqaddam Qirg’izistonga ilk ijodiy safar bilan Toshkentning Muqimiy teatri jamoasi tashrif buyurgan edi. Truppa Janubiy Qirg’izistonning qator shahar va tumanlarida tomoshalar ko’rsatdi, ijodiy uchrashuvlar bo’lib o’tdi.

“Biz o’zbek madaniyati va san’atining yangi yulduzlarini kashf etdik. Yangi filmlarni ko’rayapmiz. O’z vaqtida qirg’iz dramaturgi Mar Baydjiyevning Toshkentda qo’yilgan pyesalari esimda. Yangi spektakllarni kutayapmiz. Qani endi, mening ham qay-bir asarim O’zbekiston sahnalarida namoyish etilsa – xursand bo’lardim”, - deydi adiba.

Ijod ahli hamda muxlislar ikki mamlakat o’rtasida kitob savdosini ham izga solish zaruriyatini ta’kidlaydi.

“Bu hammasi shartnomalar asosida amalga oshadi-da. Demak, madaniyatning turli sohalari – teatr, kino san’ati deysizmi, tasviriy san’atmi, nashriyot ishlarimi – bu yo’nalishlarda ham kelishimlar tuzib olishimiz va ularni amalga oshirishimiz darkor”, - deydi Salima Sharipova.

Aytish joizki, Qirg’izistonda O’zbekiston madaniyati kunlari bu safar ancha ixcham – rasmiy uchrashuv, “Oyqiz ertagi” nomli kinofilm namoyishi hamda katta konsert tarzida o'tdi.

“Gap ko’lamda emas. Bu katta muloqotning boshlanishi”, - deb hisoblaydi yo’zuvchi, noshir, taniqli jamoat arbobi Salima Sharipova.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG