O'zbekiston va Qirg'iziston: Hamkorlik yo'lidagi to'siqlarni olib tashlaymiz


O'zbekiston va Qirg'iziston bosh vazirlari Abdulla Oripov va Sooronbay Jeyenbekov

O’zbekiston Bosh vaziri Abdulla Oripovning Bishkekka safari va erishilgan natijalar Qirg’izistonda yuqori baholanmoqda. O’zbek hukumatining boshlig’i ikki tomonlama hamkorlik hamda davlat chegarasini delimitatsiya va demarkasiyalash bo’yicha hukumatlararo komissiyalarning majlisida ishtirok etdi.

Qirg’iz rasmiylari chegaraning deyarli 85 foizi borasida kelishimga kelinganini ma’lum qilishdi. Iqtisod va madaniyat sohasida jozibador rejalar ovoza qilindi. Jumladan, kuzda Qirg’izistonda O’zbekiston madaniyati kunlari o’tkaziladi.

Siyosatshunoslar so’nggi yil davomida ikki qo’shni o’lka munosabatlarida jiddiy siljish ro’y berganini ta’kidlaydi.

Muzokaralarda qatnashgan Qirg’iziston transport va yo’llar vaziri Jamshit Qalilov o’zbek tarafi muloqotga bu qadar ochiq bo’lganini eslay olmaydi. Muhokama qilingan barcha masalalarda tomonlar ijobiy natijaga intilishgani ko’zga tashlanadi. Jumladan, o’zbek tarafi transport va aviatranzit uchun to’lovlar, tariflarni yaqinlashtirish masalasida xayrixohlik ko’rsatdi.

Qirg’izistonda taniqli iqtisodchi, siyosatshunos Erkin Abdirazakov deydiki, savdo va iqtisod, madaniyat, fan va maorif sohasida aloqalarni rivojlantirish uchun tomonlar keng imkoniyatga ega. Gap ushbu imkoniyatlardan foydalana olishda.

Keyingi yillarda Qirg’iziston bozorlarida O’zbekistonda ishlab chiqarilgan poyafzal, kiyim-kechak va ayrim oziq-ovqat mahsulotlari ko’payib qolgan. Shuningdek, O’zbekiston mineral o'g'itlari, mashinasozlik va kimyo sanoati mahsulotlari, sifatli dori-darmonlarga yaxshigina talab mavjud. Ayrim to’siqlar olib tashlansa bas.

Suhbatdosh nazarida, Qirg’ziston va O’zbekiston strategik hamkorlar darajasiga ko’tarilish arafasida turibdi.

"Chegaralarni aniqlab olish ikki o’lka o’rtasida o’zaro ishonchni kuchaytirgan holda, turli ekstremistik guruhlar va giyohvand moddalar oqimiga to’siq qo’yadi", - deydi Erkin Abdirazakov.

Eshiklar qiya ochildi, endi ko’pchilik chegaradan o’tkazish punktlari kengroq ochilishini kutayapti.

Mahalliy kuzatuvchilar ovoza qilinayotgan qarorlar, loyihalar va kelishimlarni amalga oshirishda sobitqadamlik hamda qat’iy nazorat darkorligini aytadi.

Qirg’izistonda xizmat ko’rsatgan sanoat xodimi, sobiq deputat Bo’riboy Jo’rayev mulohaza yuritadi:

“Ertalabdan beri mahalliy aholi bilan uchrashuvlarda bo’ldim. Odamlar savdo-sotiq, iqtisodiy-madaniy aloqalar borasidagi tashabbuslardan mamnun. Eshiklar qiya ochildi, endi ko’pchilik chegaradan o’tkazish punktlari kengroq ochilishini kutayapti. Nazarimda, yechilmagan muammolar Toshkentda o’tadigan mamlakatlar rahbarlari muloqoti paytida hal qilinadi”.

Qirg’iziston Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqining a’zosi. O’zbekiston bu uyushmaga kirmaydi. Qirg’iz-o’zbek aloqalari ikki tomonlama bitimlarga asoslangan bo’lib, mutaxassislar fikricha, bu hol hamkorlik rivojiga yetarli poydevor tuzadi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG