Breaking News

Liviyada federatsiya tarafdorlari ko'paymoqda


Neft konlariga boy Liviya sharqida federatsiya tarafdorlari ayniqsa ko'p.
Neft konlariga boy Liviya sharqida federatsiya tarafdorlari ayniqsa ko'p.
Liviyada Muammar Qaddafiy rejimi ag’darilgandan buyon demokratik islohotlarni amalga oshirish haqida gapiriladi. Bu nihoyatda katta va murakkab vazifa. Turli siyosiy guruhlar orasida raqobat davom etar ekan, vaziyatni yaxshilash bo’yicha hali jiddiy natijaga erishilgani yo’q. Buning ustiga, mamlakatda federatsiya tarafdorlari ko’paymoqda. Ular Liviya sharqiga yarim-muxtoriyat maqomini berishni talab qilmoqda.

Liviya sharqida federatsiya tarafdori bo’lganlar soni tobora ko’paymoqda. Bundan mamlakat g’arbidagi aholi norozi. Sharqliklar hozir muxtoriyat maqomini talab qilayotgan bo’lsa, ko’p o’tmay Liviyadan butunlay ajralib chiqishni xohlashi ham hech gap emas, deydi ular.

Federatsiya tarafdorlari fikricha, Tripolidagi markaziy hukumat faqat mudofaa, markaziy bank faoliyati va tashqi siyosatni nazorat qilishi kerak. Neftdan olinayotgan daromad taqsimlanishi lozim, deydi ular. Gap shundaki, neft konlari, asosan, mamlakat sharqida joylashgan. Sharqliklar islohotlar amalga oshmayotganidan, siyosatchilarning bu hududga e’tibor bermasligidan noliydi.

“Federatsiya tarafdorlari soni keskin oshmoqda. Ular o’zlarini siyosatdan ajratib qo’yilgandek va daromaddan quruq qolayotgandek sezyapti”, - deydi federalizmning ashaddiy tarafdorlaridan biri, Liviya tashqi ishlar vazirining o’g’li Muhammad Busier.

Federalizm tarafdorlarining ta’kidlashicha, Muammar Qaddafiy davrida mamlakatning Kirenaika nomli sharqiy qismi markaziy hukumat tomonidan qarovsiz tashlab qo’yilgan. Inqilobdan keyin ham vaziyat o’zgarmagani aytiladi.

Shunday ekan, ular Kirenaika hamda yana ikki viloyat – Fazzon va Tripolitanaga yarim-muxtoriyat maqomi berilishini talab qilmoqda. 1951-yilda Liviya mustaqillikka erishgach, qirol Idris bu hududlarga muxtoriyat maqomini bergan edi. 1969-yil Qaddafiy inqilob orqali hokimiyatga kelgach, federatsiyaga barham berilgan.
Busier hozir bu viloyatlar aholisi yana federalizmga qaytishni xohlashini aytadi.

“Agar u yerda bugun referendum o’tkazilsa, Kirenaika va hatto Fazzonning aholisi, ha, kattagina qismi federal tuzumni qo’llab-quvvatlagan bo’lardi deb o’ylayman”, - deydi Busier.

Poytaxt Tripoli hamda inqilobda katta rol o’ynagan Misrata va Zintan shaharlaridagi qudratli siyosiy kuchlar federatsiyaga qarshi. Ayrim siyosiy arboblar ham chekka hududlarga muxtoriyat berishga hali erta ekanini aytadi.

“Men federalizm go’yasiga qarshi emasman, lekin hozir bizda buni muhokama qilishning vaqti emas”, - deydi parlamentning Milliy xavfsizlik qo’mitasi raisi Abdulvahob Muhammad Qayd.

Tortishuvlar zo’ravonliklarga ham sabab bo’lmoqda. Iyul oyida o’tkazilgan parlament saylovlarida federalizm tarafdorlari saylovga xalaqit berish maqsadida hukumat vertolyotini urib tushirdi, saylov byulletenlari saqlanayotgan omborxonaga o’t qo’ydi. Zo’rovonliklarda bir saylov uchastkasi xodimi halok bo’lgan.

Bing’ozidagi islomiy inqilobchilar ham federalizmni qo’llab-quvvatlayotgani aytiladi. Ular safida sentabr oyida AQShning Bing’ozidagi konsulligiga hujum uyushitirib, elchi Kris Stivens o’limiga sababchi bo’lgan Ansar al-Sharia guruhi ham bor.

Xo’sh, federatsiya tarafdorlari o’z maqsadiga erishish uchun zo’ravonlikdan foydalanishda davom etadimi?

“Yo’q, yo’q. Biz birinchi navbatda suverenitet va Liviya birligini afzal ko’ramiz. Federalizm esa mamlakatni boshqarishning bir yo’li xolos. Zo’ravonlikka boshqa kuchlar qo’l urayotgan bo’lishi mumkin,” – deydi Busier.

Liviya rahbarlari sharqdagi federatsiya tarafdorlarini tinchlantirishga harakat qilmoqda. Lekin ularda Kirenaikaga hali-veri yarim-muxtoriyat maqomini berish niyati yo’q.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG