Breaking News

Amerika dardimizni eshitsin desangiz, Vashingtonda lobbichi yollaysiz


AQSh siyosatini Kongress a’zolari belgilasa, ularga turli taklif va g’oyalar uzatib turuvchi kuch bu - lobbichilardir. Ular usta huquqshunoslar, vositachilar va turli sohalarni chuqur o’zlashtirib, aloqa san’atini puxta egallagan mutaxassislar.

Lobbichilar odatda xalq manfaati uchun kurashayotganini ro’kach qilsa-da, amalda muayyan va tor doira uchun xizmat qilayotgani hech kimga sir emas, deydi ularning faoliyatini kuzatib kelayotgan jurnalistlar.

Vashingtonda xalqaro kompaniyalar va turli davlatlarning o’z lobbichilar bor.

Amerika poytaxtida biror yig’inga borsangiz, yo diplomat, yo jurnalist, yo tahlilchi, yo lobbichini uchratasiz. Ular Kongress va ma’muriyat bilan biror soha ustida yaqindan ishlayotgan targ’ibotchilar.

Lobbichilik, siyosiy targ’ibot - ulkan biznes. O’tgan yili uning uchun 3,5 milliard dollar sarflangan.

Ularning ishi AQShdagi qonun va qoidalarni biror guruh, sanoat yoki chet davlat manfaati uchun moslashga harakat qilish.

Amerika rahbariyati va qonunchilari dardimizni eshitsin desangiz, Vashingtonda lobbichi yollaysiz.

“Amerika Ovozi” Patton Boggs degan nufuzli bir firma faoliyati bilan tanishdi. Uning rahbarlaridan biri Nikolas Allard gap qonun va huquqni bilishda deydi.

“Hamma sohaning o’z egasi bor. Tishingiz og’risa stomatologga borasiz, to’g’rimi? Aytmoqchimanki, ishning ko’zini biladigan odamga borish kerak. Xo’sh, odamlar yoki korporatsiyalar bizning oldimizga nima istab keladi? Bu ayon – siyosiy maslahat, ko’rsatma, yo’l-yo’riq",- deydi Allard.

"Gap yirik bizneslar ustida ketayotgan bo’lsa, bu xizmatni katta pul evaziga qilamiz. Ba’zida esa saxiylik qilamiz, ijtimoiy ko’mak sifatida bepul maslahat beramiz. Biz kimmiz, ekspertlarmiz. Biz izchil tahlil, maslahat va targ’ibot metodlarini taklif qilamiz”,- deydi u.

Nikolas Allardning tushuntirishicha, lobbichi qonun va qarorlar ortida turgan rahbarlarga qanday chiqishni biladi. Lobbichi, oddiy qilib aytganda, Vashingtondagi eng muhim odamlarni yaqindan taniydigan mutaxassis.

“Ko’p hollarda, lobbichilar bir paytlar Kongress a’zolari qo’lida ishlagan odamlar. Tanish-bilishi ko’p, siyosiy doiralarda ishongan do’stlari bor",- deydi bu sohani uzoq yillardan beri yoritib kelayotgan jurnalist Tim Karni.

"Ular qonunchi yoki amaldor bilan yuzma-yuz uchrashib, dardingizni unga yetkazadi. Kongress a’zolari yoki rahbarlar ham u bilan gaplashadi, chunki biladiki, lobbichi safsata sotadigan odam emas. Gapning po’stkallasini aytadi. Lobbichi kerak bo’lsa, Kongressda ishlagan odamni yollang. Ishingiz bitadi”,- deydi Karni.

Lobbichilik - siyosiy kampaniya. Hukumat bizga ma’qul qaror chiqarsin desangiz, tegishli kongressmen, senator va rasmiylar bilan muloqotga kirish kerak. Ularning diqqatini qaratish uchun esa asosli, o’zaro manfaatli mavzulardan gap ochish kerak. O’z pozitsiyangizni reklama qila olishingiz kerak.

“Hukumat a’zolarining e’tiborini qozonish uchun lobbichilar har doim ham ular bilan bir davrada o’tirib gaplashishi shart emas",- deydi Ken Vogel, "Politico" gazetasi muharriri.

"Siyosiy targ’ibotni axborot vositalari orqali, gazeta va jurnallarda reklama berish bilan olib borishadi. Gap shundaki, agar siz dardingizni omma oldiga olib chiqsangiz, sizga katta lavozimlarda o’tirgan odamlar ham qiziqib qoladi. Targ’ibot qilishning bugungi zamonda yo’li ko’p",- deydi jurnalist.

"Lobbichilik kun sayin o’zgarib boryapti. Lekin maqsad o’sha-o’sha - manfaat uchun kurash. Buning uchun esa qonunlarni yangilash, qarorlarni bekor qilish yoki o’zgartirish kerak. Bundan hukumatga va siyosatchilarga nima foyda ekanini o’ylab topish kerak”.

Axborot vositalari orqali lobbichilikka misol tariqasida ikki yirik samolyotsoz orasida kechgan poygani olish mumkin. “Boeing” va “Aerobus” (Airbus). Har ikkisi AQSh havo kuchlariga yangi tankerlar ishlab chiqarish uchun shartnoma imzolash niyatida tinimsiz, xilma-xil reklamalar berdi.

“Boeing” Amerika kompaniyasi, “Aerobus” esa Yevropadan. Targ’ibot shu qadar qizidiki, unga hukumat rahbarlari ham aralashdi. Gap milliardlab dollarlik buyurtma haqida ketayotgan edi. “Boeing” yutib chiqdi.

Patton Boggs lobbichilik firmasi egasi Nikolas Allard xalqaro mijozlar kun sayin ko’payib bormoqda deydi.

“Lobbichilikdagi katta yangilik shuki, bizga chet davlatlardan talab ko’p, xalqaro qiziqish katta. Masalan, ekologiya yoki moliya siyosati haqida maslahat izlab murojaat qilayotganlar. Chunki bular global masalalar. Bir davlatning o’zi hal etolmaydi ularni. AQSh bilan ishlashmoqchi”,- deydi Allard.

Lobbichi aytmoqchiki, mijozlar Amerikaning bu masalalar bo’yicha siyosati o’zgarishini, ular istagandek bo’lishini xohlaydi. Usta targ’ibotchilar harakat qilib ko’rishga tayyor. Mo’may pul evaziga albatta.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG