Tramp Amerika mahsulotlarini targ'ib qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Oq uy, 17-iyul, 2017

Prezident Donald Tramp Amerikada ishlab chiqarilgan mahsulotlarni targ’ib qilmoqda. Bu hafta uning e’tibori arzon ish kuchi izlab chet elga ko’chgan bizneslarni vatanga qaytishga undashga qaratilgan. Lekin prezidentning o’z biznes imperiyasi mahsulotlari ham xorijda ishlangan.

Oq uyda ko’rgazma. 50 shtatdan turli tovarlar: Meyn shtatidan chiqqan yaxtalardan tortib, Gavayi shtati ichimliklarigacha.

Prezident vertolyotining o’zi Konnektikut shtati mahsulotidir. U ham ko’z-ko’z qilinmoqda.

Tramp Viskonsindan chiqqan o’t o’chirish mashinasida.

Prezident 17-iyulni bundan buyon “Amerika mahsuloti” kuni deb belgiladi.
Uning aytishicha, xorijga ketgan kompaniyalarning qaytishi uchun vatanda sharoit muhayyo. Imtiyozlar beriladi, nazorat yumshaydi.

“O’nlab yillardan beri Vashington millionlab ish o’rinlari o’zga davlatlarga ketishini kuzatib, qo’l qovushtirib o’tirdi. Savdo va iqtisodiy siyosat o’zgarmadi. Mana biz o’zgartirayapmiz”, - deydi Tramp.

Demokratlar, muxolifat, nazarida esa prezident ikkiyuzlamachi. AQSh mahsuloti deb bong urmay, oldin o’z mahsulotlariga bir qarasin. O’zi chet eldan chiqargan.

“Aql o’rgatmay, avval o’z biznesingni nima qilganingni tan ol. Tramp kiyim-kechaklari qayerdan kelardi? Xitoydan! Tramp mebelichi? Turkiyadan!” - deydi senator Chak Shumer.

AQShning mashhur mahsulotlari, shtatma-shtat
AQShning mashhur mahsulotlari, shtatma-shtat

Prezident qizi Ivanka Tramp ham o’z mahsulotlarini sotadi. Ularni hatto Oq uy ham reklama qilgan. Kiyim-kechaklar va boshqa turdagi tovarlar. Chet elda ishlab chiqarilgan.

Oq uy matbuot kotibi Shon Spayser:

“Ayrim narsalarga talab bu yerda unchalik katta bo’lmasligi mumkin. Shu bois chetga chiqqan va u yerda sotilgan. Talab oshsa, albatta sanoatchilar ham Amerikaga intila boshlaydi, yangi fabrikalar paydo bo’ladi”.

Savdo bo’yicha mutaxassislar deydiki, biz hozir global iqtisodiyotning bir qismimiz. Har narsa har yerdan.

Daniel Aykensen, ekspert:

“Bir narsa butkul bir joydan chiqmaydi. Har bir mahsulot global. Chunki uning qismlari, xom ashyo turli yerlardan. Chegara va okean osha aylanadi. AQSh do’konlaridagi har bir mahsulot ortida 5, 6, hatto baz’ida 10 davlat turibdi”.

Bugungi Oq uy esa bunday tahlilni tan olmaydi. Amerikaning o’zidan chiqqan mahsulotga talabni oshirish kerak va sanoatlarni vatanda ish o’rinlari yaratishga undayverish kerak, deydi rasmiylar. Aytish joiz, oldingi rahbarlar ham shunday fikrda bo’lgan va targ’ib qilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG