Breaking News

Qashshoqlik, savodsizlik va yuqumli kasalliklarni yengish mumkinmi?


BMT Oziq-ovqat dasturi asosida Shimoliy Koreyada ocharchilikka qarshi kurash ketmoqda
BMT Oziq-ovqat dasturi asosida Shimoliy Koreyada ocharchilikka qarshi kurash ketmoqda

Yaqinda BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Mingyillik Rivojlanish Maqsadlari deb nomlangan dastur yuzasidan hisobot taqdim etdi. Qashshoqlikni kamaytirish, ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish, ayollar huquqlarini to’la ta’minlash, yuqumli kasalliklarga qarshi kurash insoniyatdan nimalar talab qilishini eslatdi. Ularni yengish mumkin, deydi Pan Gi Mun, agar chin dildan, birgalikda harakat qilinsa.

Dunyo ahliga Jenevadan turib murojaat qilar ekan, BMT Bosh kotibi deydiki, Mingyillik Rivojlanish Maqsadlari sari jiddiy qadamlar tashlanmoqda, ammo hali qilinadigan ishlar, global muammolar talay.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun
BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun

“Yuzlab million odam qashshoqlik botqog’idan olib chiqildi. Bugungi kunda ta’lim, tibbiy yordam olish imkoniyatlari kengayib, shu bilan birga toza ichimlik suviga bo’lgan ehtiyoj ham ancha qondirildi. Global iqtisodiy tanazzul hamda oziq-ovqat va energiya sohalaridagi inqirozga qaramay, biz Mingyillik Rivojlanish Maqsadlari, xususan, qashshoqlikni yengish uchun olg’a qadamlar bilan boryapmiz”,- deydi Pan Gi Mun.

Mingyillik Rivojlanish Maqsadlari 2000 yilda BMT a’zolari tomonidan Nyu-York belgilab olingan. Hammasi bo’lib, sakkiz maqsad haqida gap ketmoqda.

Mingyillik Deklaratsiyasi deb nomlangan bu hujjatni O’zbekiston ham imzolagan. BMT qonun-qoidalariga ko’ra, har bir davlat, shu jumladan O’zbekiston ham o’zi uchun, o’sha sakkiz maqsadga muvofiq, konkret ish rejasi tuzgan.

Afrika hamon dunyoning eng qashshoq qit'asi
Afrika hamon dunyoning eng qashshoq qit'asi

Mingyillik Rivojlanish Maqsadlaridan birinchisi – dunyo bo’ylab qashshoqlikni kamaytirish. Ikkinchisi ocharchilik, uchinchisi savodsizlik, immunitet taqchilligi virusi va undan kelib chiqadigan SPID (OITS - Orttirilgan Immunitet Taqchilligi Sindromi) va sil kabi yuqumli kasalliklarga barham berish, onalar va bolalar salomatligini ta’minlash va atrof-muhitni muhofaza qilish ham ko’zda tutilgan.

Mingyillik Rivojlanish Maqsadlarining bari teng ahamiyatga ega, lekin 2015 yilga borib qashshoqlikni ikki barobar kamaytirish - asosiy vazifa.b

Bugungi kunga kelib, Afrikaning eng kambag’al mamlakatlari bo’lmish Burundi, Madagaskar va Ruandada 100 foiz bola boshlang’ich ta’lim olish huquqiga ega. Ushbu jamiyatlar uchun ulkan yutuq.

Somali
Somali

Bu masalada O’zbekiston ancha ilg'or, ya'ni o’g’il va qiz bolalarning boshlang’ich maktabda ta’lim olishi anchadan beri kafolatlangan.

Hozirgi kunda respublika oldida turgan maqsad – qizlarning yigitlar bilan teng qatorda oliy o’quv yurtlariga kirib, o’qishni tugata olishidir.

Shu bilan birga butun ta’lim tizimida o’quvchi va talabalarga berilayotgan bilim sifati va darajasini ko’tarish kerak.

Yana bir global maqsad – go’daklar orasida o’lim hollarini kamaytirishdir.

BMT hisoboti mualliflaridan biri Francheska Peruchi shunday deydi:

Afg'oniston
Afg'oniston

“1990 yilda besh yoshga kirmagan go’daklar orasidagi o’lim hollari 12,4 millionni tashkil etgan bo’lsa, 2009 yilga kelib bu ko’rsatkich 8,1 milliongacha kamaydi. Bolalarni qizamiqdan asrash uchun 2000-2008 yillar orasida emlash ishlariga ahamiyat oshib, bu kasallik tarqalish ko’lami 78 foizga kamaydi”.

Immunitet taqchilligi virusi va OITSga chalinish hollari ham dunyo bo'ylab ancha kamaygan. Bemorlarga tibbiy yordam ko'rsatish yaxshiroq yo'lga qo'yilgan.

O’zbekistonda bu kasallikka qancha odam yo’liqqaniga oid aniq statistik ma’lumotlarni topish qiyin. Davlat idoralari uni oshkor etmaydi. Ba’zi mutaxassislar nazarida bu og’ir xastalik va virus bilan yashayotgan odamlar soni rasman ro’yxatga olinganlardan bir necha barobar ko'proq bo'lishi mumkin.

Qashshoqlik, savodsizlik va yuqumli kasalliklarni yengish mumkinmi?
Qashshoqlik, savodsizlik va yuqumli kasalliklarni yengish mumkinmi?

2003 yilda Jahon Sog’liqni Saqlash Tashkiloti O’zbekistonda sil kasaliga chalinganlar 20 mingdan ko’proq ekanini aniqlagan.

O’zbekistonda OITS qatorida silga qarshi ham maxsus dastur qabul qilingan. BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar yordam berib kelmoqda.

Yana bir muammo shuki, yer yuzida yuzlab million odam toza ichimlik suvidan mahrum.

Shu bilan birga jahon bo’ylab 2,6 milliard odam sanitariya-gigiyena nimaligini bilmay yashaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG