Breaking News

Yaqin Sharqda nima gap? 17-iyul, 2011-yil tafsilotlari


Suriya muxolifati Istanbulda uchrashmoqda, 16-iyul, 2011-yil
Suriya muxolifati Istanbulda uchrashmoqda, 16-iyul, 2011-yil

LIVIYA

Liviya rahbari Muammar Qaddafiy tarafdorlarini Brega shahriga va isyonchilar qo'lidagi Bing'oziga yurish qilishga da'vat etgan. Muxolifat hukumat kuchlari o'qlari va yerosti minalari sabab Bregaga kirishi sekinlashganini ma'lum qilmoqda. Juma kungi janglarda isyonchilar kamida 10 odam yo'qotgan.

Shanba kuni Turkiyada 30 mamlakat diplomatlari uchrashib, Liviyada muxolifat tashkil etgan Muvaqqat milliy kengashni bu mamlakatning qonuniy hukumati deb tan olgan. Jumladan shu paytgacha ikkilanib kelgan Qo'shma Shtatlar ham.

YAMAN

Yaman muxolifati prezident Ali Abdulla Solihning 33 yillik hukmronligiga chek qo'yish maqsadida muvaqqat kengash tuzgan. Unga 17 vakil kiradi. Sobiq mudofaa vaziri general Abdulla Ali Alayva qurolli kuchlarga qo'mondon etib tayinlangan.

Mamlakat bo'ylab minglab odamlar prezident iste'fosini talab qilib namoyish qilishda davom etmoqda. Ali Abdulla Solih hali ham Saudiya Arabistonida. Iyun oyida olgan jarohatidan davolanmoqda.

SURIYA

Suriya muxolifati Turkiyada uchrashib, prezident Bashar al-Assad hukumatini ag'darish yo'llarini muhokama qilgan. Istanbuldagi majlisda yuzlab faollar ishtirok etgan. Ular Suriya hukumati zulmidan to'yganini aytmoqda. Kecha xavfsizlik kuchlari namoyishchilarni o'qqa tutib, kamida 32 kishini o'ldirgan.

Bu paytda Turkiyaga safar qilgan AQSh Davlat kotibi Xillari Klinton mahalliy rasmiylar bilan Suriyadagi vaziyatni muhokama qilgan.

Suriya muxolifati Damashqda uchrashishi kerak edi, ammo xavfsizlik kuchlari majlis joyini o'rab olib, rejani puchga chiqargan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG