Breaking News

Terrorga qarshi kurash to’g’risidagi qonun qachongacha amal qiladi?


Bundan 13 yil ilgari hujumga uchragan Qo’shma Shtatlar terrorizmga qarshi global kurashni hamon davom ettirmoqda. Bu operatsiyalar qonuniymi? Kongress a’zolari va Oq uy masalaga turlicha yondashadi.
Terrorga qarshi kurash to’g’risidagi qonun qachongacha amal qiladi?/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:19 0:00
Yuklab oling

Gap xorijda dronlardan foydalanish, Markaziy razvedka agentligi faoliyati va Guantanamo qamog’idagi mahbuslar haqida ketmoqda.

2001-yilning 11-sentabr xurujlaridan ko’p o’tmay al-Qoida va boshqa jangari guruhlarga qarshi urush e’lon qilingan edi. Kongress o’shanda qabul qilgan hujjatda bu kurash qachon tugashi haqida hech narsa deyilmagan.

Prezident Barak Obamaning aytishicha, o’zini al-Qoida deb tamg’alagan har qanday jinoyatchilar ham AQShga tahdid solavermaydi. “Qarashlarimiz va yondashuvimiz o’zgarmas ekan, bu ketishda keraksiz mojarolarga tortilaveramiz”, - deydi u.

Obama 11-sentabr voqealari ketidan ma’qullangan qonunlarni Kongress va xalq bilan maslahalatlashgan holda qayta ko’rib chiqish va keyinchalik bekor qilishini aytmoqda. O’shanda prezidentga berilgan keng vakolatlarni uzaytirish niyatim yo’q, degan edi u o’tgan yilgi nutqida.

Lekin qonunlar hamon amalda va xorijda uchuvchisiz samolyotlarni qo’llash to’g’risida aniq qonun-qoidalar yo’q. Prezident Kubadagi Guantanamo qamoqxonasini yopishga ko’p harakat qildi, Kongress bunga qarshi.

Yaqinda Senatning Tashqi aloqalar qo’mitasi Oq uy va Mudofaa vazirligi rasmiylarini chaqirib, ularni savolga tutdi.

“Terror guruhlariga qarshi kuch ishlatish haqidagi qonun eskirdimi? Bugun biz va ittifoqchilarimiz yuzlashayotgan tahdidlarni bartaraf etishda qo’l kelmayaptimi?”, - deb so’radi qo’mita raisi Robert Menendez.

Pentagon bosh huquqshunosi Stiven Preston savollarga umumiy qilib javob berdi.

“Harbiy operatsiyalar uchun berilgan vakolatlar yetarli va tahdidga mos bo’lishini ta’minlash qiyin masala”, - deydi Preston.

Bunday mujmallik qonunchilarning asabini buzdi. Respublikachi senator Bob Korker yana Pentagon vakiliga murojaat qiladi:

KORKER: “Bugun biz bas kela olmaydigan terror guruhlari bormi? Ha yoki yo’q?”

PRESTON: “Prezident bizga terrorga qarshi kurashga doir qonun kerakmi-yo’qmi, shuni Kongress bilan muhokama qilishni tavsiya etgan”, - deydi Preston.

Savolga taalluqliz javobdan senator jig’ibiyron bo’lib, Obama ma’muriyati biz bilan umuman maslahatlashgani yo’q, bular hammasi quruq gap, deya tanbeh berdi.

Tashqi aloqalar qo’mitasi a’zolari sobiq rasmiylarni ham chaqirdi. Davlat departamenti sobiq yuristi Xarold Ko:

“11-sentabr voqealari ketidan qabul qilingan qonun cheksiz amal qilishiga, undan turli maqsadlarda foydalanishga qarshiman”, deydi u. “Zarur bo’lsa, uning o’rnini qoplaydigan boshqa choralar ko’rsa bo’ladi. Bunday qilmaslik aksil-terror siyosatimizga ham, konstitutsiyamizga ham zid”, - deydi sobiq rasmiy.

Jorj Bush prezidentligi davrida adliya vaziri bo’lgan Mayk Mukasi fikricha esa:

“G’arb sivilizatsiyasini barbod qilishga bel bog’lagan to’dalar bor ekan, terrorga qarshi kurashni tamomladik deya olmaymiz. Qonunni bekor qilganimiz bilan xavf-xatar o’z-o’zidan yo’qolmaydi”.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG