Breaking News

Dunyoda harbiy xarajatlar oshmoqda


1988-2018-yilgi davrlar uchun sarfiyatlar jadvali
1988-2018-yilgi davrlar uchun sarfiyatlar jadvali

Sovet Ittifoqi qulaganidan beri dunyo tartibi o’zgargan. Sovuq urush paytida bo’lgani kabi hozir dunyo ikkiga bo’linmagan, Xitoy harbiy qudrati keskin oshgan, terrorizm xavfi kuchaygan. Natijada so’nggi yillarda mamlakatlar harbiy byudjetlari oshgan. Stokgolmdagi Xalqaro tinchlik tadqiqoti instituti 1988-yildan beri harbiy sarfiyatlarni hisoblab keladi.

Xalqaro hayot - 13-sentabr, 2019-yil - Dunyoda harbiy xarajatlar oshmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:09 0:00

Institut izlanishlariga ko’ra, 2018-yilda dunyo bo’ylab harbiy maqsadlar uchun 1,8 trillion dollar sarflangan.

“Buni ogohlantiruvchi signal deb ko’rish kerak. Urushdan darak beruvchi omil bo’lmasa-da, unga jiddiy e’tiborga molik holat sifatida qarash kerak”, - deydi Shvetsiya instituti xodimi Piter Vezeman.

Sovuq urush yakunlanishi ketidan harbiy sarfiyatlar kamayib, 1998-yilda eng quyi nuqtaga tushdi. Biroq so’ng 2001-yil 11-sentabrida AQShda terror xurujlari sodir etildi.

Terrorga qarshi kurash Afg’oniston va Iroqda qimmat urushlarga sabab bo’ldi. Obama ma’muriyati harbiy byudjetni qisqartirishga qo’l urmaguncha AQSh va ittifoqchi davlatlar xarajatlari oshganda oshdi.

Biroq endi harbiy sarfiyatlar yana o’smoqda – Rossiya va Xitoy ham harbiy sarmoyalarni oshirishga kirishdi.

“Ikkita revizionist davlat munosib bo’lmagan maqomga intilmoqda. Biz buni istamaymiz. Bu nafaqat AQSh, balki hamkorlarimiz va ittifoqchilarimiz manfaatlariga ham to’g’ri kelmaydi”, - deydi AQSh davlat kotibining siyosiy va harbiy masalalar bo’yicha yordamchisi Klark Kuper.

Dunyodagi umumiy harbiy xarajatlarning 35 foizi Qo’shma Shtatlar hissasiga to’g’ri keladi.

AQSh ixtiyorida 11 ta avianosets, ulkan yadro qurollari arsenali, yangi qiruvchi samolyotlar va 2,1 million askar bor. Mutaxassislar bu katta kuch, deydi.

“Rossiya va Xitoyni devday ko’rsatishga harakat qilishadi, ammo aslida bunday emas. Ularning o’ziga yarasha zaif tomonlari bor va biz ulardan mojaro paytida foydalanishimiz mumkin. Ammo ba’zi sohalarda ular bizga qaraganda ilg’orilab ketganini ham tan olishimiz kerak”, - deydi Vashingtondagi Demokratiyalarni himoya qilish jamg’armasidan Bredli Bauman.

Harbiy sarfiyatlar bo’yicha Xitoy dunyoda AQShdan keyin ikkinchi o’rinda turadi. 1990-yilda dunyo harbiy byudjetining ikki foizi Xitoy hissasiga to’g’ri kelgan bo’lsa, bugunga kelib bu raqam 14 foizga yetgan.

“Xitoy biz va ittifoqchilarimiz ko’ngliga g’ulg’ula solish va kelajakdagi mojarolarda mag’lub etish maqsadida qurolli kuchlarini zamonaviylashtirishga zo’r bergan”, - deydi Bauman.

So’nggi 10 yilda Xitoy ikkita avianosets qurgan, uchinchisining qurilishi hali bitmagan; o’z qiruvchi samolyotlarini yaratgan, qo’shinlarining umumiy soni 2,5 milliondan oshdi. Xitoy, shuningdek, tovush tezligidan besh marta tez uchadigan gipertovushli qurollar yaratishga ham sarmoya kiritgan.

“Qo’shni davlatlar buni tahdid deb ko’radi o’ziga. Natijada ular ham shunday qurollar yaratishga kirishadi”, - deydi Piter Vezeman.

Masalan, Hindiston so’nggi uch yilda harbiy sarfiyatlarini oshirib, 11 milliard dollarga yetkazdi – dunyoda to’rtinchi ko’rsatkich.

Rossiya 2018-yilda birinchi beshtalikdan tushib ketgan bo’lsa-da, Gruziya va Ukrainadagi voqealardan keyin NATO Rossiyadan e’tiborini olmagan.

Alyansga a’zo 29 mamlakatning harbiy xarajatlari o’tgan yili jami 963 milliard dollar yoki dunyodagi umumiy sarfiyatlarning 53 foizini tashkil qildi.

AQSh NATOdagi hamkorlardan mudofaa uchun yalpi ichki mahsulotining ikki foizini sarflashni talab qilarkan, kelasi yili umumiy xarajat miqdori yanada oshishi mumkin.

“A’zo mamlakatlarning majburiyatlaridan bo’yin tovlashiga imkon bermaymiz. Mudofaa o’rniga texnologiyaga sarmoya kiritamiz yoki infratuzilmani yaxshilaymiz deb qutula olishmaydi. Rossiyalik qo’shinlarni yo’l bilan qaytara olmaymiz. Harbiy salohiyatni kuchaytirish kerak”, - deydi AQSh Mudofaa vaziri Mark Esper.

Mamlakatlar harbiy byudjetlarini oshirayotgan bo’lsa-da, qudratli davlatlar o’rtasidagi mojaro barcha uchun birday halokatli bo’lishini hamma yaxshi anglab yetmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG