Breaking News

O'zbekiston qo'shnilar bilan aloqalarni kuchaytirish ahdida qat'iy


O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev
O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev

Bu hafta O'zbekiston prezidenti Qozog'iston Tashqi ishlar vaziri bilan uchrashadi. Bosh vazir o'rinbosari Rustam Azimov rahbarligidagi delegatsiya esa Tojikistonga safar qilish arafasida. Mintaqada hamkorlikni rivojlantirishga intilish kuchaygani kuzatilmoqda.

​O'zbekistonda hokimiyat almashishi ortidan mintaqaviy siyosat o'zgargandek. Suv taqsimoti va chegaraviy ziddiyatlar yuzasidan muloqot jonlangan.

O'zbekistonning yangi rahbari Shavkat Mirziyoyev mintaqaviy hamkorlikni ustuvor yo'nalish deb e'lon qildi. Qirg'iziston va Tojikiston bilan aloqalar iliqlashdi.

Mirziyoyev 22-dekabr kuni Toshkentda Qozog'iston Tashqi ishlar vaziri Yerlan Idrisovni qabul qiladi.

Qozog'iston xalqaro hamjamiyat nazarida Markaziy Osiyoning yetakchi davlati, mintaqaviy lider.

Tomonlar suvdan foydalanish masalasida azaldan yagona pozitsiyada. Ammo bunda marhum rahbar Islom Karimov muhim rol o'ynagan. Mirziyoyev Ostona bilan qanchalik kelishib ishlay oladi? Ko'p narsa shunga bog'liq.

Tojikistonda Rog'un suv to'g'oni qurilishining boshlanishi shu kungacha unga keskin qarshilik bildirib kelgan Toshkent tomonidan sukut bilan qarshilandi.

Toshkentdan siyosiy sharhlovchi Anvar Nazir fikricha, qo'shni davlatlar bilan munosabatlar tiklanayotgani jamoatchilik tomonidan iliq kutib olingan, ammo savollar ko'p.

“O'zbekiston mintaqa siyosatida yangicha munosabatni joriy qilmoqchidir, ya'ni bosim, qamchi emas, shirin gap bilan o'z manfaatlarini himoya qilishga o'tayotgandir. Lekin baribir jamoatchilikda savol bor, xususan, menda ham. Qirg'iziston, Tojikiston bilan munosabatlar bo'yicha. Rog'un masalasida uning xavfi aniq, bu bo'rttirilgan narsa emas. Ammo O'zbekiston hukumati jamoatchilikka biror tushuntirish berayotgani yo'q. Rog'un qurilishining qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini bilishga esa o'zbek jamiyatining haqqi bor. Agar ertaga Qirg`iziston ham o'z GESini qura boshlasa, bu bizdagi vaziyatga qanchalik ta'sir qiladi? Bular hammasi mavhum”, - deydi Anvar Nazir.

26-dekabr kuni O'zbekiston Bosh vaziri o'rinbosari Rustam Azimov boshchiligidagi delgatsiya Tojikistonga safar qiladi. O'zaro transport qatnovlarini yo'lga qo'yish, savdo-sotiq va madaniy aloqalarni tiklash muhokama qilinadi. Rog'un masalasi yoki suv taqsimoti bo'yicha muzokara haqida ma'lumot yo'q.

Aholisi 32 milionga yetgan, asosan, qishloq xo'jaligiga moslashgan O'zbekiston Qirg'iziston bilan ham suv yuzasidan ziddiyatlarga ega.

Qirg'izistonda qurilishi rejalangan Qambarota to'g'oni ham O'zbekistonda suv tanqisligini keltirib chiqarishi mumkin. Bu qurilish uchun Rossiya moliya va'da qilgan.

Anvar Nazir tahlilicha, mintaqadagi uzoq yillik ziddiyatlar mafkuraviy tus olgan.

“Rog'un qurilishi boshlangani Tojikistonning O'zbekiston ustidan g'alabasi sifatida taqdim etilmasligi kerak, ammo biz buni ko'rdik. Xuddi shunday, Qirg'iziston masalasida ham iliqlashayotgan aloqalardan siyosiy maqsadda foydalanmaslik, bu amaldagi prezident foydasiga O'zbekistonning yon berishi sifatida taqdim etilmasligi kerak”, - deydi u.

Senat raisi o`rinbosari Sodiq Safoyev yaqinda mahalliy matbuotga bergan intervyusida mintaqaviy muammolarga, jumladan, suv masalasiga ham to'xtalib, O'zbekiston muloqotga tayyor, dedi.

Ro'g'un va boshqa mavzularni tilga olmagan Safoyev o'nlar yillar davomida mintaqadagi dolzarb muammolar oliy darajada muhokama qilinmaganini taassuf bilan qayd etib, ularni hamkorlikda hal etishdan o'zga yo'l yo'q, dedi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG