Breaking News

Xorijdagi o'zbek jurnalisti Shavkat Mirziyoyev haqida qo'shiq aytdi


Siyosiy muhojirlikda yashayotgan o`zbekistonlik jurnalist Ulug’bek Haydarov islohotlar va’dasini unutayotgan Prezident Shavkat Mirziyoyev haqida qo’shiq ijro etdi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan hajviy janrdagi bu qo’shiq o’zbekistonliklarning yangi hokimiyatga bog’lagan umidlarini ifoda etadi.

Muallifga ko’ra, Mirziyoyev saylov arafasida bergan va’dalarini yoddan chiqarmoqda, o’zgarishlar deyarli kuzatilmayapti; yangi hukumatga Karimov davridagi eski, sobiq mulozimlar qaytarilmoqda. Bu esa prezident tashabbusidagi islohotlarning hayotga ko’chishini yanada xavotirli qiladi, deydi u.

Kanadada siyosiy muhojirlikda yashayotgan Ulug’bek Haydarov asli jizzaxlik, Prezident Mirziyoyevning Jizzax viloyati hokimi lavozimida ishlagan paytlarda tanigan. O’sha davrda viloyat televideniyesida ishlagan Haydarov hokim boshqaruvidagi tadbirlarda muntazam qatnashgan.

Ulug’bek Haydarov mustaqil jurnalist sifatida faoliyat boshlagach, tazyiqlarga uchraydi va shundan so’ng mamlakatni tark etishga majbur bo’ldi. U bir necha yildan beri Kanadada yashaydi, ammo O’zbekiston bilan bog’liq jurnalistik faoliyatini to’xtatmagan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev haqidagi qo’shiq tug`ilishi uning jurnalistik faoliyati va san`atkorlar oilasida voyaga yetgani bilan ham bog’liq, qo’shiqning so’zlari ham, kuyi ham Ulug’bek Haydarovga tegishli.

Jurnalist o’z maqsadini tinglovchiga imkon qadar yengil, sodda tarzda yetkazib berish uchun qo’shiq satira janrida yozilganini aytadi.

“Qo`shiqning so’zlarida ham bu narsa aytilgan, hech narsa o’zgarmayotgani, prezident tomonidan aytilgan gap gapligicha qolayotgani haqidagi mohiyatni singdirish. O’ylashimcha, aytilgan maqsadga erishildi, bezaksiz, badiiylikdan chekinilgan, oddiy so’zlar, gaplar, bu chekka bir qishloqdagi odam ham bugungi vaziyatni qiyinchiliksiz anglashi uchun qilindi”, - deydi “Shvakat aka” qo’shig`i ijrochisi Ulug’bek Haydarov.

Bu hajviy qo`shiqqa mavzu bo’lgan masala aslida o’ta jiddiy, gap prezident Mirziyoyev yetakchiligida yangi hokimiyatdan kutilayotgan o’zgarishlar, nafaqat ijtimoiy, iqtisodiy, balki siyosiy sohadagi islohotlar haqida ketmoqda. Bu islohotlarni, ko’pchilik, jumladan jurnalist Ulug’bek Haydarovning o’zi ham intiqlik bilan kutmoqda.

“Qo’shiqqa turtki bergan asosiy narsa bu kutish, biz 25 yil kutdik tuzum o’zgarishini, sabr qilaylik, ana ketadi, mana ketadi, ketsa hammasi yaxshi bo’ladi, degan gaplar aytildi. Ammo Karimov ketganidan keyin ham tuzum shu bo’yicha qoldi, tuzum o’zgarmasdan qolgani shu qo’shiqqa turtki bo’ldi, ya’ni hech narsa o’zgarmayotgani, tuzum avvalgidek ishlayotganini odamlarga yetkazish kerak, degan bir narsa keldi. Qo’shiq shu maqsadda yozildi”, - deydi Ulug’bek Haydarov.

O’zbekistondagi bugungi vaziyat, aynan yangi hokimiyat shakllanishidan keyingi vaziyat haqida Ulug’bek Haydarov qo’shiq muallifi sifatida emas, bu jarayonni yoritgan, tashqaridan kuzatib kelayotgan jurnalist sifatida gapiradi.

“Har qanday sohani oling, masalan, qiynoqlar Karimov davrida qanday bo’lsa hozir ham shu ko’rinishda davom etmoqda. Yoki matbuotni oling, men televideniyeni ataylab kuzataman, o’zgarishlar, dadillik yo’q, berishmayapti, ijtimoiy hayotda ham xuddi shunday. Qamoqda qolayotgan jurnalist Bobomurod Abdullayev misolida esa mustaqil, tanqidiy qarashdagi odamlarga nisbatan hukumatning munosabati o’zgarmagani yaqqol ko’rinmoqda. Bunday odamlarning ovozini o’chirish siyosati hamon davom etmoqda, yangi hukumatning jurnalistlarga nisbatan siyosati eskicha qolmoqda”, - deydi jurnalist.

Bu qo’shiqning matni, mustaqil jurnalistning fikrlaridan qat’i nazar, O’zbekistonda o’zgarishlar bor, bu o`zgarishlarni mamlakatga qaytgan xalqaro tashkilotlar sezishmoqda, jumaladan, Human Rights Watch ham, ammo qayd etish kerak, dastlabki bu xulosalar o’ta ehtiyotkorlik bilan qilinmoqda.

Bunday ehtiyotkorona bayonotlar O’zbekistondagi bir guruh siyosiy mahbuslarning ozodlikka chiqarilishi, yangi hokimiyatning inson huquqlariga munosabati o’zgargani, jumladan, BMT doirasidagi nufuzli rahbarlarning O’zbekistonga kelishi, davlat rahbari bilan inson huquqlarini ta’minlash masalasida muzokaralar o’tkazishiga ham asoslanadi.

“Nima uchun ehtiyotkorona bo’lishi kerak? Nima uchun butun xalq tomonidan kutilayotgan o’zgarishlar bunchalik ehtiyotkorlik, sekinlik bilan qilinishi kerak? Bu juda yoqimsiz. Qilinadigan o’zgarishlar dadillik bilan qilinishi kerak, Karimov endi yo’q, u ketdi. Yangi prezident eski tuzumdan voz kechishi kerak. Islohotchiman, deyapti, demak qilishi kerak. Men ishonmayman, uning prezident bo’lgani holda kimdandir qo’rqayotganiga. Asta-sekinlik bilan o’zgarishlar kuzatilayotgani haqidagi gaplar o’rinsiz ko’rinadi. Agar hokimiyatda unga to’sqinlik qiladigan kuch bo’lsa, buni ham prezident sifatida ochiq aytishi kerak", - deydi Ulug’bek Haydarov.

Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga mamlakatni 27 yil davomida boshqargan Islom Karimov vofotidan so’ng keldi, dekabr oyida muddatidan avval o’tkazilgan prezidentlik saylovlarida mutlaq ko’pchilik ovoz bilan g’alaba qildi.

Prezident Mirziyoyev xalq davlat idoralari uchun emas, davlat idoralari xalq uchun ishlashi, aholi bilan bevosita muloqot o’rnatish, iqtisodiyotni liberallashtirish, davlat organlarini layoqatsiz rahbarlardan tozalash, ayniqsa, sud-huquq tizimida mutlaq islohotlar o’tkazilishi, jamiyatni erkinlashtirish, tadbirkorlikka keng yo’l ochish, imtiyozlar bilan ta’minlash, shuningdek, inson huquqlari oliy qadriyat ekanligini kafolatlash kabi va’dalar bilan tanildi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG