Breaking News

Mirziyoyev: Soipov ishini ziyolilar muhokama qilsin


O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev jamoatchilikni Nyu-Yorkda terror xurujlarini sodir etganlikda ayblanayotgan o’zbekistonlik Sayfullo Soipovning qilmishi yuzasidan munosabat bildirishga chaqirdi. Prezidentning bu bayonoti AQSh kongressmenlaridan iborat delegatsiyaning O`zbekistonga tashrifi arafasida ochiqlanmoqda. AQSh delegatsiyasi parlamentlararo munosabatlar doirasidagi safar davomida O’zbekiston rasmiy idoralari bilan bir qator uchrashuvlar rejalangani xabar qilinmoqda.

Prezident Mirziyoyev Nyu-York xurujini sodir etganlikda ayblanayotgan o’zbekistonlik Sayfullo Soipovning qilmishi jamoatchilikda muhokama qilinmaganidan norozi. Prezidentga ko`ra, u mahalla faollari, jumladan, ulomolar va ziyolilar tomonidan bu xurujlar haqida biror bir munosabat kuzatilmaganidan taassufda.

"Iroq, Suriya, qo’shni Afg`onistondagi vaziyat, nimalar bo`layapti, qayerga ketadi ular… Mana Amerikaga borib terrorist bo’ldi bizning O’zbekiston fuqarosi... Boshqa joylarda ham bo’lyapti. Biz shuncha masjidlarni nima uchun qilyapmiz? Masjidga borib ibodat qilgandan keyin dunyoqarashni o’zgartirishi kerak. Dunyoda bo’layotgan voqealarni inobatga olib, biz o’zimiz, Ichki ishlar bilan birga butun elimiz tik turishimiz kerak jinoyatga qarshi. Begona odam, bolalarimiz chetda nimaga yuribdi? Mana u (Sayfullo Soipov) Amerikaga 2010-yilda ko’chib ketgan ekan, ota-onasi O’zbekistonda-ku! Qayoqqa qarayapmiz? Shu Amerikadagi voqea bo’yicha biror odam, biror ziyoli, nuroniy, mahalla maqola yozmadi bizning elimizga mansub emas deb. Qani mahalla, qani nuroniy, qani ziyoli? Biror masjidda imom xatiblar bu haqda xulosa qilsa bo‘lardi", - dedi prezident.

Diqqatlisi, prezidentning bu fikrlari 15-noyabr kuni huquq-tartibot idoralari bilan o’tkazilgan selektor yig’ilishida bildirilgan. Ammo bayonot bugunga kelib jamoatchilikka ochiqlanmoqda, AQSh delegatsiyasining O’zbekistonga tashrifi barobarida kuzatilmoqda.

Prezodentning Sayfullo Soipov haqidagi bayonoti ochiqlanishi ortidan hozirgacha bu xurujlar haqida sukut saqlagan jamoatchilik, xususan, diniy ulomolar ham o`z munosabatlarini zudlik blan bildira boshlashgan.
Taniqli ulamo, Toshkent shahar imom xatibi Anvar qori Tursunov Soipovning bu jinoyati uchun diniy ulamolar ham o’zlarini "gunohkor" sezishayotganini aytib chiqqan. U, shu jumladan, bu terror xuruji uchun Soipovning Toshkentda yashayotgan ota-onasi ham mas’ul degan fikrlarni bildirgan.

"Ota-onalari nega qiziqmadi, qayerda u, nimalar qilyapti, kimlar bilan yuribdi? Mahalla nega qiziqmadi? Imom, domlalar, bizchi? Biz ham mas’ulmiz, o’zimizni gunohkor sezyapmiz", - dedi Prezident Shavkat Mirziyoyevning bayonotlariga zudlik bilan munosabat bildirishga ulgurgan Anvar qori Tursunov.

Shavkat Mirziyoyevning o`zi Nyu-York xurujlari o’zbekistonlik fuqaro Sayfullo Sopiov tomonidan sodir etilgani aniq bo’lishi ortidan AQSh Prezidenti Donald Trampga hamdardligini izhor etgan, O’zbekiston tomoni teraktga oid surishtiruv ishlariga yaqindan ko’mak ko’rsatishga tayyor ekanini bildirgan edi.

Ammo Sayfullo Soipovning AQShda teror xuruji uyushtirgani O’zbekiston mahalliy matbuotida jamoatchilik, ziyolilar va diniy ulomalar ishtirokida muhokama qilingani kuzatilmagan edi.

Muqaddam Toshkent shahrida yashagan Sayfullo Soipov 2010-yilda "grin-karta" yutishi ortidan AQShga ko’chgan. Oradan 7 yil o’tib, u Nyu-Yorkda velosipedchilar yo'lagiga yuk mashinasida bostirib borib, kamida 8 kishining hayoti boy berilgan xurujni amalga oshirdi. U buni "Islomiy davlat" guruhi nomidan amalga oshirganini aytgan.

AQSh Prezidenti Donald Tramp Sayfullo Soipovning bu xuruji ortidan "grin-karta" lotereya dasturini bekor qilish lozimligi haqida bayonot bilan chiqdi, o’zbekistonliklar AQShga kiritilishi taqiqlangan davlatlar ro’yxatiga tushishi mumkinligi haqidagi xavotirlar ham yuzaga chiqdi.

Prezident Mirziyoyevning Sayfullo Soipov yuzasidan murojaati AQSh delegatsiyasining O’zbekistonga safari barobarida jamoatchilik muhokamasiga chiqarilayotgani kuzatiladi.

O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga ko’ra, AQSh kongressmeni Trent Kelli yetakchiligidagi resublikachi va demokratlar partiyasi vakillaridan iborat delegatsiya 21-noyabr kuni Toshkentda bo`ladi, parlamentlararo munosabatlar doirasida kuzatilayotgan bu safar davomida kongressmenlar O’zbekiston Oliy Majlisida, Tashqi ishlar vazirligida uchrashuvlar o’tkazadi, mamlakatdagi bir qator obyektlar faoliyati bilan tanishadi.

AQSh delegatsiyasining O’zbekiston prezidenti bilan uchrashuvi haqida ma’lumotlar taqdim etilmagan.

Shavkat Mirziyoyev avvalroq AQSh prezidenti yordamchisi o`rinbosari, Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo`yicha bosh direktor Liza Kyortisni qabul qilgan, Nyu-Yorkdagi terror xurujlari muhokama qilingan edi. Ammo bu uchrashuv haqidagi mahalliy matbuotdagi xabarlarda Nyu-Yorkdagi terakt voqealari muhokamasi tilga olinmagan edi.

AQSh kongressmenlaridan iborat delegatsiyaning O’zbekistondagi uchrashuvlari haqida batafsil ma’lumot yo’q, ammo bu safar davomidagi uchrashuvlarda Nyu-Yorkdagi terror xurujlari muhokama qilinishi ehtimoli yuqori.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG