Breaking News

Husni Muborak: Prezidentlikdan to'yganman lekin keta olmayman


Misr ko'chalaridagi manzara
Misr ko'chalaridagi manzara

Misrda xalq hukumatga qarshi bosh ko'tarib, Husni Muborakning prezidentlikdan ketishini talab qilmoqda.

Muborak esa "bu vazifadan to'yganman, ketishni istar edim, ammo Misrda vaziyat tamoman izdan chiqishi mumkin" deydi.

"Ketsam, Misr jahannamga aylanadi",- deydi u.

Qohira, 31 yanvar 2011
Qohira, 31 yanvar 2011

AQShning ABC News telekanali muxbiri Kristian Amanpur bilan suhbatda, Muborak g'alayonlarda uzoq yillardan beri man etilgan "Musulmon Birodarlar" harakatini ayblagan.

Namoyishlar 25 yanvarda boshlangan va bugunga kelib qonli tusga kirgan.

Millionlab fuqarolar ko'chaga chiqib, Muborak va uning siyosatiga lan'atlar aytmoqda.

"Muborak ketmas ekan, namoyishlar ham tinmaydi", - deydi faollar.

Ular, shuningdek, konstitutsion o'zgarishlar talab qilmoqda. Misr erkin va demokratik jamiyatga aylanishi uchun zarur qadamlar tashlanishi kerak degan chaqiriqlar yangramoqda.

Qohira ko'chalarida
Qohira ko'chalarida

Muborak 1 fevral kuni xalqqa murojaat qilib, shu yil sentabrida muddati bitgach prezidentlik o'rnini bo'shatishni va'da qildi.

Qo'zg'olon boshlangach tayinlangan vitse-prezident Umar Sulaymon "muxolifat bilan muzokaraga tayyormiz" deydi.

"Prezident Muborak namoyishchilar talabini qondirish uchun reja tuzmoqda. Biz faollar bilan gaplashayapmiz", - deydi u.

Lekin hukumat "Musulmon Birodarlar" bilan muloqot qilmoqchi emas.

Jamol Muborak, prezidentning o'g'li ham rahbarlikka saylanish uchun nomzodini qo'ymaslikka qaror qilgani aytilmoqda.

Hukumat namoyishchilarga qarshi hujumlarda qo'li yo'qligini qayd etib, javobgarlarni jazolashga so'z bermoqda.

AQSh rasmiylarining bildirishicha qonli xurujlar ortida Misr Ichki ishlar vazirligi turganini isbotlovchi dalillar bor.

Lekin omma orasida na prezident, na ma'muriyat va na ularning va'dalariga ishonch qolgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG