Breaking News

So'rov: AQShda arab qochqinlariga munosabat har xil


Musulmon ayol Donald Trampga qarshi namoyishda. Nyu-York, 20-dekabr, 2015-yil.
Musulmon ayol Donald Trampga qarshi namoyishda. Nyu-York, 20-dekabr, 2015-yil.

Orlandodagi tungi klubda 49 odam o’ldirilganidan bir kun o’tib, prezidentlikka respublikachi nomzod Donald Tramp musulmonlarning AQShga kirishini vaqtincha taqiqlash kerak, deya yana ta'kidladi.

Nyu-Gempshirda saylovoldi kampaniyasini olib borayotgan Tramp o’z tarafdorlariga “AQSh, Yevropa va boshqa hamkorlarimizga qarshi terror harakatlari amalga oshirilgani bilan tanilgan hududlardan immigrantlarni qabul qilmaslik”ni va’da qildi va taqiq “bu tahdidlarni qanday tugatishni to’la tushunmagunimizcha davom etadi”, deb aytdi.

Orlandodagi otishma afg'onistonlik muhojirlar farzandi, AQSh fuqarosi Umar Matin tomonidan amalga oshirilgan. Tramp esa Yaqin Sharqdan kelayotgan muhojirlarning yo'lini mutlaqo to'sish tarafdori. Ular bu yerdagi odamlarni radikallashtirmasligi kerak, deydi u.

“Matbuotda ichki terrorchilik haqida ko’p gapiriladi. Ammo, biz xohlaymizmi yo’qmi, islomiy radikalizm va unga ozuqa bo’lib xizmat qiladigan tarmoqlar xorijdan kelgan”, - dedi Tramp.

Suriya, Iroq va Liviya kabi mamlakatlardan kelgan qochqin va immigrantlar katta yashirin tahdid bo’lishi mumkin, dedi Tramp.

Ammo Brukings tadqiqotlar instituti yaqinda o’tkazgan so’rovga ko’ra, amerikaliklar qochqinlarga ijobiy yondashadi. So’ralganlarning 59 foizi qochqinlarni qabul qilishga tayyor, 41 foizi esa bunga qarshi.

Qarshilar orasida respublikachilar ko’proq. Tarafdorlar orasida esa – demokratlar. Tramp tarafdorlarining 77 foizi qochqinlarga qarshi.

Obama ma’muriyati shu yil kuzgacha 10 ming suriyalik qochqinni mamlakatga kiritishni rejalamoqda.

So’rovda qatnashgan respublikachilar orasida aynan suriyalik qochqinlarga qarshilar ko’p: 61 foiz. Demokratlar orasida bundaylar 27 foizga teng. Bari buning sababi sifatida ehtimoliy terror xavfini ko'rsatadi.

So’ralganlarning 21 foizi mamlakatga ko’chib kelishga ulgurgan suriyalik qochqinlarni haydash kerak, degan fikrda. Tramp tarafdorlari orasida bundaylar – 67 foiz, Klinton tarafdorlari orasida esa - 10 foiz.

So’rovda Tramp taklifi ham ovozga qo’yilgan: “davlat rahbarlari chora topmaguncha, barcha musulmonlarning AQShga kirishini taqiqlash kerakmi?

Bu savolga Tramp tarafdorlarining 80 foizi “ha” deb javob bergan. Klinton tarafdorlari orasida bundaylar 14 foizga teng.

So’rovni Brukings instituti olimi va Merilend universiteti professori Shibli Telami 20-31-may kunlari o’tkazgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG