Breaking News

AQSh fazoda Rossiyaga tobelikdan qutuladi


AQShning NASA fazo agentligi 2017-yilda astronavtlarni Xalqaro fazo stansiyasiga olib chiqadigan yangi raketalar qurishni Boing va SpaceX kompaniyalariga topshirdi. Xususiy shirkatlar bilan erishilgan kelishuv bu xizmatlar uchun Rossiyaga tobelikdan qutulishga yordam beradi.

Boeing, SpaceX fazogirlarni samoga olib chiqadi - Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:53 0:00
Yuklab oling

NASA rahbari Charlz Bolden Floridadagi Kennedi fazo markazida kelishuvni e’lon qilar ekan, uni tarixiy deb atadi.

“Boing CST-100 va SpaceX Dragon rusumidagi raketalarning loyihalari bizga taqdim etildi. Kontraktning umumiy qiymati - 6,8 milliard dollar. Ular qurib bitkazilgach, shu yerdan, Kennedi fazo markazidan samoga uchiriladi”.

Charlz Bolden u boshliq agentlik - NASAni prezident Barak Obama ham, Kongress ham qo’llab-quvvatlaganini aytdi.

“Birinchi kundanoq Obama ma’muriyati biz bilan hamfikr bo’lgan: yer yuzidagi eng buyuk davlat kosmosga uchishda boshqa mamlakatga qaram bo’lmasligi kerak,” - dedi Bolden.

2011-yilda NASA o’zining 30 yillik kosmik dasturini yakunlaganidan beri Xalqaro fazo stansiyasiga chiqishda Rossiyaning raketalaridan foydalanib keladi. AQSh har bir o’rin uchun 70 million dollar haq to’laydi.

O’z vositalarini ishlab chiqarish uchun Boing kompaniyasi bilan 4,2 milliard, SpaceX shirkati bilan esa 2,6 milliard dollarga teng kontrakt imzolandi.

((KATHY LUEDERS, NASA COMMERCIAL CREW PROGRAM))

“Bu ikki kompaniya NASA belgilagan talab va me’yorlarga javob bersa, astronavtlarni koinotga olib chiqish uchun ruxsatnoma beriladi. Shundan so’ng, shartnomaga binoan, Xalqaro fazo stansiyasiga olti martagacha parvozlar amalga oshiriladi,” - deydi NASA xodimi Keti Luders.

Ushbu missiyalardan yana bir maqsad - orbitaga yuk tashish hamda ilmiy eksperimentlar o’tkazish. Favqulodda vaziyat tug’ilsa, fazogirlar yangi raketalar ichida 210 kun hayot kechirishi mumkin.

Astronavt Mayk Fink nazarida, kelishuvdan nafaqat soha xodimlari, balki barcha amerikaliklar faxrlansa arziydi.

“Eng katta yutuq shundan iboratki, tijoriy kompaniyalar yordamida biz Xalqaro fazo stansiyasiga ko’proq odam yubora olamiz, ilmiy tadqiqotlar ko’lami kengayadi. Koinotdagi laboratoriyada bir vaqtning o’zida yetti mutaxassis ish olib borishi mumkin,” - deydi u.

NASA rasmiylariga ko’ra, yangi dastur uzoq muddatli parvozlarni o’rganish uchun zo’r imkoniyat. Chunki keyingi oliy maqsad – qizil sayyoraga - Marsga odam yuborishdir.

“Bugungi e’lon agentligimiz tarixida hamda fazoviy tadqiqotlar tarixida yangi bir bosqichni boshlab berdi,” - deydi NASA rahbari Bolden.

Yangi avlod raketalarini qurishda asosiy e’tibor ularning inson uchun xavfsizligiga qaratiladi. Ikki xususiy kompaniyaga ajratilgan milliardlab dollar mablag’ hisobidan vositalar obdon sinovdan o’tadi.

AQShning yangi fazo kemalari 2017 - NASA Space Travel
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:50 0:00

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG