Breaking News

Nyu-Yorkda noqonuniy muhojirlarga hujjat berilmoqda


Nyu-Yorkda qurilish sohasida ishlaydigan hujjatsiz immigrantlar ko'p
Nyu-Yorkda qurilish sohasida ishlaydigan hujjatsiz immigrantlar ko'p

AQShda immigratsiya islohoti yillardan beri muhokama qilinadi. Ko’plab shtat va shaharlar yangi federal qonun qabul qilinishini kutib o’tirmasdan o’zlari, mahalliy miqyosda qarorlar qabul qilmoqda.

Masalan, Nyu-Yorkda barcha fuqarolarga, jumladan mamlakatda noqonuniy kirgan odamlarga shahar meriyasi hujjat beradi.

Nyu-Yorkda noqonuniy muhojirlarga hujjat berilmoqda/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:04 0:00

Manxetten kutubxonasida ochilgan, mana bu kabi jami 12 ta markazda o’z shaxsini va shaharda doimiy yashashini isbotlay olgan har bir odam hujjat olishi mumkin.

Hatto noqonuniy muhojirlar ham. Bankda hisob ochmoqchisiz, farzandingizni maktabga bermoqchisiz, davolanish uchun kasalxonaga borasizmi - buning uchun sizda fotosuratli kartochka bo’lishi kerak.

Uni olish uchun birinchi oyning o’zida 150 mingdan ziyod odam navbatga yozildi.

“Bundan buyon bu odamlar o’zini biroz bo’lsa-da, xavfsiz sezadi,” - deydi Immigratsiya uyushmasidan Betsi Plam. Unga ko’ra, Nyu-Yorkning yarim milliondan ziyod aholisi hujjatsiz.

Amerika bo’ylab nolegal muhojirlarga guvohnoma berayotgan shaharlar sanoqli, lekin qonunlar boshqa joylarda ham sekin-asta o’zgaryapti. Nyu-York rasmiysi Nisha Agarval deydiki, immigratsiya masalasida mahalliy hukumatlar federal islohotni kutib o’tirishi shart emas.

"Odamlar hayoti yaxshiroq, yengilroq bo’lsin deymiz. Jumladan hujjatsiz muhojirlar uchun,” - deydi u.

Islohot tarafdorlariga ko’ra, noqonuniy muhojirlar hujjati bo’lmagani uchun ham ko’p muammolar bilan yuzlashadi.

Betsi Plam: “Masalan, jinoyatga guvoh bo’lgan odam qo’rqmasdan politsiyaga qo’ng’iroq qila olishi kerak".

Antonio Qo’shma Shtatlarga 1992-yilda Ekvadordan kelgan. Bugun qo’lida hujjati yo’q. Qayerga bormasin, so’rashadi.

“2007-yilgacha ishlash uchun ruxsatnomam bor edi. O’sha bilan uy sotib oldim, suv va boshqa kommunal to’lovlarning hammasi mening zimmamda edi, ipotekani ham to’lab turdim. Lekin ruxsatnomaning amal qilish muddati tugadi. Haydovchilik guvohnomam ham o’tmaydi. Soliqlarni to’lash uchun dokument bo’lishi kerak. Chunki har yili soliqlarni to’lab boraman,” - tushuntiradi u.

Tashabbusga qarshilar ham ko’p. Ular fikricha, bu nolegal immigrantlarga imtiyoz berish bilan barobar. Qonunlarni buzish uchun zamin yaratiladi. Amerika immigratsiya islohoti uyushmasidan Ayra Melman:

“Hech bir shahar ma’muriyati federal hukumatga immigratsiya qonunlarini tatbiq etishda, nazorat qilishda to’siq bo’lmasligi kerak. Nyu-York esa go’yo odamlarga qonunlarni buzishda ko’maklashayotgandek,” - deydi u.

Yaqinda butun mamlakatdan merlar Nyu-Yorkda yig’ilib, mahalliy darajada immigratsion tashabbuslarni ilgari surishga kelishib oldi.

“Asl vaziyat qandayligini namoyish etsak, butun mamlakat miqyosida bu masalani muhokama qilishga turtki bo’ladi. Immigratsiya bo’yicha progressiv taklif-g’oyalar bilan chiqsak, muammolarni hal qilsak, hamma yutadi,” - deydi Nisha Agarval.

Yangi guvohnoma Nyu-Yorkda millionlab odamlar uchun qulayliklar yaratadi, lekin Kongressda keng ko’lamli immigratsion reformalardan hamon darak yo’q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG