Breaking News

Nyu-Yorkda hammaga non bor, faqat muhojirlar jamiyatga qo'shilishi kerak


"Ozodlik" haykali va Ellis oroli, Nyu-York
"Ozodlik" haykali va Ellis oroli, Nyu-York
Nyu-York shtatida birinchi avlod immigrantlardan chamasi 4 millioni yashaydi. Bu esa murakkab huquqiy, siyosiy va gumanitar muammolarni yuzaga keltiradi. Ularga yechim izlab rasmiylar, advokatlar va jamoa vakillari har zamonda yig’ilib turadi. Lekin o’zaro aloqada va muammolarni hamkorlikda hal etishda nuqsonlar ko’p.
Nyu-Yorkning Manxetten tumanida o’tgan yig’in bir necha soatga cho’zilib ketdi. “Bu o’lka sizga ham vatan” degan gap ko’p aytildi.

Immigrantlar yaxshi muomalaga muhtoj. Bu odamlardan bizga foyda, deydi Nyu-York shtati kotibi Sezar Perales.

“Shtatimizni o’ylab shunday deyman. Mamlakatimizga yangi kelganlar iqtisod uchun katta ahamiyatga ega. Ular ishlaydi, ayrimlari biznes boshlaydi. Biz immigrantlarning Nyu-Yorkda qolishini istaymiz. Shtat ularga ehtiyojmand”, - deydi Perales.

Nisha Agarval – Nyu-York shahrining immigrantlar ishlari bo’yicha komissari. U ham muhojirlar qolishini osonlashtirish tarafdori. Nolegal immigrantlarga maqomini qonunlashtirish hamda fuqarolikni olishni ko’zda tutadigan islohotlarni qo’llab-quvvatlaydi.

“Odamlar hayoti tubdan o’zgarishi mumkin. Agar ular qonuniy maqomga ega bo’lsa, kambag’allik girdobidan chiqa oladi”, - deydi Agarval.

U hozirgi qoidalarda byurokratiya juda ildiz otib ketgani, bu o’ta halokatli ekanini aytadi.

“Oila boquvchilari deportatsiya qilinmoqda, yaqinlaridan butunlay ajralishga majbur. Oqibatda bolalar yetimxonalarda katta bo’lyapti. Ko’plar har kuni qo’rqib yashaydi, chunki tegishli immigratsion maqomga ega emas. Bundan kimga foyda?” – deydi rasmiy.

Yaqinda o’tkazilgan izlanishdan ayon bo’lishicha, Nyu-York shahrida yashayotgan yosh immigrantlarning to’rtdan biri maqomini qonuniy qilish huquqiga ega, lekin bundan bexabar.

“Ular shu paytgacha hujjat olishi mumkinligini bilmay yashagan”, - deydi suhbatdosh.

Nyu-York immigratsiya uyushmasidan advokat Kamilla Makler deydiki, chekka joylarda va shaharda yashayotgan noqonuniy muhojirlarga foydali yuridik ma’lumot yetkazish qiyin.

“Nyu-York shahrida odamlarga aralashmay yashaydigan muhojir jamoalar bor. Odamovi juda, boshqalarga ishonmaydi. O’z qobig’idan chiqib mahalliy ma’murlarga hatto yordam uchun murojaat qilmaydi. Shunday jamoalar borki, juda tarqoq, yig’inlarda va shahar hayotida qatnashmaydi. Shaharda yashashni xush ko’rmaydi, chunki ta’qib, haqoratdan qo’rqadi, huquq-tartibot organlaridan cho’chiydi”, - deydi advokat.

Qishloq joylardagi immigrantlar uchun advokat yollash ham katta muammo. Ko’plari fermalarda ishlashi sababli kunduzi huquqshunos qabuliga borolmaydi. Hujjatsiz haydovchilik guvohnomasini ham ololmaydi, demak advokat ishxonasigacha yetib borish ham qiyin.

Ularga yordam berish maqsadida Nyu-York immigratsiya uyushmasi davlatdan grant olib, advokat bo’lmagan mahalliy faollar uchun treninglar tashkil qilyapti. Boshqalar muhojirlarga ingliz tili darslariga qatnash, malaka oshirish, ish topish va hatto biznes boshlashda ko’maklashmoqda. Maqsad – bu yurt ularga ham vatan ekanini anglashda yordamlashish.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG