Breaking News

Yevropa Ittifoqi, AQSh Pxenyanni raketa sinovi o'tkazmaslikka chaqirmoqda


Seuldagi ko'rgazma
Seuldagi ko'rgazma

Yevropa Ittifoqining rahbarlari Shimoliy Koreyani sun'iy yo'ldosh parvozini bekor etib, yadro dasturiga barham berishga chaqirmoqda. Ammo rasmiy Pxenyan nazarida yo'ldosh qishloq xo'jaligi ehtijoylari uchun zarurdir.

Seulda Janubiy Koreya rahbari Li Myan Bak bilan uchrashgan Yevropa Kengashi prezidenti German Van Rompuyning aytishicha, Shimoliy Koreyaning sinov rejasi xavotir uyg'otmoqda.

"Shimoliy Koreyani barqarorlikka tahdid soluvchi har qanday harakatdan o'zini tiyishni so'rab, BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalari va boshqa hujjatlarda bitilgan majburiyatlarini bajarishga da'vat etamiz", - deydi Rompuy.

AQSh kuchlarining Janubiy Koreyadagi qo'mondoni general Jeyms Turmanning aytishicha, Shimoliy Koreyaning kibernetik xuruj va kimyoviy qurollar kabi noan'anaviy yo'llar orqali hujum qilish salohiyati o'smoqda va bu qo'shni Janubiy Koreya xavfsizligiga jiddiy tahdid solmoqda.

"Shimoliy Koreya yadro, raketa va kompyuter sohalaridagi salohiyatini kuchaytirib, janubga to'satdan hujum qilishi yoki uni urushga gijgijlatishi mumkin", - deydi general.

AQSh mudofaa vazirining Osiyo va Tinch okeani xavfsizligi masalalari bo'yicha yordamchisi Piter Lavoyning Kongressdagi tinglovda so'zlashicha, Qo'shma Shtatlar mintaqadagi ittifoqchilari bilan rasmiy Pxenyanni sun'iy yo'ldosh parvozi rejasidan qaytarishga urinmoqda. Chunki parvoz uning xalqaro majburiyatlariga ziddir. Bu esa uni AQShning oziq-ovqat yordamidan ayirishi mumkin, deydi rasmiy.

"Yordamni ushlab turishga majburmiz, chunki oziq-ovqatning muhtojlarga yetib borishiga ishonchimiz komil emas, buni nazorat etuvchi mexanizm yo'q. Gumanitar yordam hukumat tomonidan o'zlashtirilmasligiga kafolat yo'q", - deydi Lavoy.

Oziq-ovqat Shimoliy Koreyaning yadro sinovlarini to'xtatish va uzoq masofali ballistik raketalarini uchirmaslik hamda uran boyitishni bas qilish evaziga asosan yosh bolalar va homilador ayollar uchun va'da qilingan. Biroq Pxenyan aprelda sun'iy yo'ldosh uchirishi mumkinligi haqida ma'lum qilgach, Qo'shma Shtatlar o'ylanib qoldi.

Shimoliy Koreya sun'iy yo'ldosh orqali hosil miqdori va tabiiy resurslarini kuzatmoqchi ekanini aytadi, ammo xalqaro hamjamiyat nazarida Pxenyan fazoga atom qurolini tashiy oladigan raketasini sinovdan o'tkazmoqchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG