Muhojirlarni radikalizmga nima yetaklaydi? 

  • Amerika Ovozi

Nyu-Yorkda sakkiz kishining hayotiga zomin bo’lgan Sayfullo Soipovga terrorizm bo’yicha ayblovlar qo’yildi. Tergovchilar bilan savol-javobda u hujumni bir necha hafta davomida rejalagani, “Islomiy davlat” jihodchi guruhining internetdagi videolaridan ruhlanganini aytgan.

2010-yilda AQShga kelgan o’zbekistonlikning telefonidan 90 video va suratlar topilgan. U qanday qilib radikalizmga berilgani o’rganilmoqda. Sayfullo Soipov Nyu-Jersi shtatining Paterson shahrida yashagan. Qo’shnilari uni oddiy, bosiq inson deb ta’riflaydi.

“Do’stona munosabatda edik”, - deydi Karlos Batista.

Nyu-Yorkda aksil-terror bo’linmalar kuchli, ammo radikalizmni bartaraf etishga qaratilgan choralarni yanada oshirish kerak, deydi tadqiqotchi Bennet Klifford.

“Bir shaxs avtomobil vositasida hujum uyushtirishga, odamlarni o’ldirishga qaror qilsa, albatta, buni oldindan bilish, to’xtatish qiyin. Ammo vaziyat shu darajaga bormasligi uchun bir qator choralar ko’rsa bo’ladi”, - deydi u.

Nyu-Yorkdagi o’zbek jamoasi vakillarining aytishicha, vatandoshlarga madad ko’rsatuvchi bir tizim zarur.

“Turli xil masalalarni o’tirib, o’zbek tilida muhokama qiladigan bir markaz kerak. Hozir bunday joy yo’q. Odamlar ma’lumotni internetdan qidirishyapti”, - deydi faollardan biri Ilhomjon Kenjaboyev.

Hujum ketidan Prezident Tramp grin karta lotereya o’yinini yopishga chaqirmoqda. Soipov shu dastur orqali AQShga kelgan. Turkiston-Amerika uyushmasi raisi Abdulla Xo’jaga ko’ra, terrorizm chegara tanlamaydi.

“O’zbek madaniyati ham, Islom dini ham odam o’ldirishni o’rgatmaydi”, - deydi u.

Immigrantlar bilan suhbatlarda eng ko’p yangraydigan fikr - muhojir yangi yurtda joyini topishi, til o’rganishi, jamiyatga moslashishi uchun yordam zarur.

Ayni damda Nyu-Yorkning turli burchaklarida xotira marosimlari bo’lib o’tmoqda. O’lganlardan sakkiz besh nafari argentinalik, ikkisi belgiyalik.

“Nyu-York ahli birdam. Qay yurtdan kelgan bo’lmaylik, nafratni, zo’ravonlikni qoralaymiz”, - deydi Bill Xening.

Sayfullo Soipov 29 yoshda. 2010-yildan beri O’zbekistonga bormagan. Hujumni bir yil davomida rejalaganini aytadi. Prezident Tramp fikricha, unga o’lim jazosi berilishi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG