Breaking News

Mirziyoyev: Nyu-Yorkdagi xuruj bo'yicha hamkorlik qilishga tayyormiz


Nyu-York shahridagi xuruj ro'y bergan joy
Nyu-York shahridagi xuruj ro'y bergan joy

O‘zbekiston Nyu-Yorkda sodir etilgan terror xurujini tergov qilishda AQSh bilan hamkorlikka tayyor. Amerika xalqiga, Prezident Donald Trampga o‘z hamdardligini bildirgan Prezident Shavkat Mirziyoyev rasmiy Toshkent terrorizm va ekstremizmning har qanday ko‘rinishini keskin qoralashini ta’kidladi; xuruj qurbonlariga ta’ziyasini bildirdi.

Nyu-Yorkda o‘zbekistonlik Sayfullo Soipov tomonidan amalga oshirilgan deb ko‘rilayotgan terrorchilik xurujida 8 kishi o‘lgan, 12 kishi jarohatlangan.

Sayfullo Soipov AQShga 2010-yil grin karta dasturi orqali kelgani ma'lum.

O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari hozircha Soipov haqida biror ma’lumot ochiqlamadi, uning fuqaroligi, shaxsi, avval qidiruvda bo‘lgan yoki bo‘lmaganiga doir xabarlar yo‘q.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va O'zbekistonning AQShdagi elchixonasi saytlarida Mirziyoyevning hamdardlik bayonoti e’lon qilindi. Unda, shuningdek, O’zbekiston surishtiruv bo‘yicha AQShga ko’mak ko'rsatishga tayyorligi aytilgan.

AQShdagi terror xurujida o‘zbekistonlik ayblanayotgani haqida o‘zbek matbuoti ham xabar bermoqda, ammo Sayfullo Soipovning kimligi, uning shaxsiga oydinlik kirituvchi qo‘shimcha tafsilotlar uchramaydi.

Shu paytgacha ma'lum xabarlarga ko'ra, Soipov 2013-yilda AQShda toshkentlik qizga uylangan, uch farzandning otasi.

Soipov terrorchilik xurujini “Islomiy davlat” guruhi nomidan amalga oshirgani aytilmoqda. U voqea joyida politsiya tomonidan yaralangan va hibsga olingan.

Xurujni terrorchilik amaliyoti deb baholagan Prezident Donald Tramp “Islomiy davlat” terrorchilarining AQShga kirishiga keskin to‘siq qo‘yilishi haqida bayonot qildi.

Voqea ijtimoiy tarmoqlarda o'zbekistonliklar tomonidan qizg'in muhokama qilinmoqda. Ko‘plar dunyodagi turli terrorchilik xurujlarida o'zbekistonliklar ishtirok etayotganini o‘ta jiddiy muammo deb atagan.

O‘zbekistonliklar, o‘zbeklar ijrosidagi xurujlar avval Shvetsiya, Rossiya va Turkiyada ham kuzatilgan. AQShda o‘zbekistonlik Abdurasul Jo‘raboyev “Islomiy davlat” guruhini moddiy qo‘llashda ayblanib, 15 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi. Xuddi shunday ayblov bilan yana bir necha o‘zbekistonlik hibsda saqlanmoqda.

Ularni, shuningdek, Soipovni ham terrorchilar guruhiga nima yetaklagani noma’lum, ammo ekstremistlar safiga qo‘shilayotgan o‘zbeklar ko‘paygani xavotirlarni oshirgan. Nyu-York rasmiylariga ko'ra, Soipov AQShga kelib radikallashgan.

Shvetsiyada siyosiy muhojirlikda yashayotgan diniy faol Muhammadsolih Abutovning aytishicha, o‘zbekistonliklarni ekstremistik tashkilotlarga yetaklovchi sabablardan biri vatandagi diniy ta’qib, mamlakatda yoshlar talabiga javob beruvchi imomlarning yo'qligida.

“Ekstremistlar, terrorchilar boshqa millat musulmonlari ichida bor bo‘lgani kabi o‘zbeklar ichida ham bor. Shuning uchun bu yerda men millatga, dinga diqqat qaratish shart emas, deb o‘ylayman. Biroz avval AQShda salkam 60 kishining hayotiga zomin bo‘lgan dahshatli qirg‘in kuzatilgan edi. O‘shanda hech kim qotilning dini haqida, millati haqida gapirmadi, terrorchi degani yo‘q. O‘zbeklar masalasiga kelganda millatga, dinga diqqat qilinmoqda. Albatta, ekstremistik tashkilotlarga qo‘shilayotgan o‘zbeklar ko‘paygani ham bor gap. Buning sabablarini esa vatandan, diniy ta’lim yetishmasligidan izlash kerak. Afsuski, bugun mamlakatda xalq haqiqatda tan oladigan imomlarning o‘zi qolmadi. Obro‘si bo‘lgan ayrimlar otib ketildi, boshqalari yo‘qotildi. Bugun yoshlar tomonidan tan olinadigan imomlarning o‘zi qolmagan”, - deydi Abutov.

AQSh matbuoti Sayfullo Soipovni tanigan ayrim o‘zbekistonlik muhojirlar bilan suhbatlashgan. Ular Soipovdan bu narsani kutishmagani, u terrorchilik xuruji sodir etganidan larzaga tushishgani haqida gapirishgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston tomoni ham Soipov bo‘yicha surishtiruv o‘tkazmoqda. Hukumat bu borada alohida bayonot bilan chiqishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG